Haj umrada selfi qiluvchilar

Assalomu alaykum! Man hozir turkiyada ishlayman. Bitta narsa qizishtiradi va g‘azabimi keltiradi, Allohga hamdu sanolar bo‘lsin mani ham o‘sha Allohni uyini ko‘rishlik nasib qilsin lekin odamlar umraga borishyapti. Nima uchun ularni boshlab oboryapturgan ulamolarimiz tushuntirishmayaptimikin? Man buni ko‘p bora ko‘rdim umraga borishyaptida Kabatulloxni aylanib tavof qilishyapti va selfida o‘zlarini videoga olib aylanishyapti. Shu to‘g‘rimi? Man bular manimcha o‘zini reklama qilgani boryapti deb o‘yladim. Bu umra safari odamlarimiz uchun mansabga aylanib qolmayaptimikin? Ularni urishib bersam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ibodat, niyat va unga bo‘lgan ixlos bilan durust bo‘ladi. Shuningdek, shariat buyurgan tarzda bo‘lishi ham shart. Siz dilini og‘ritmang. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ أَوَّلَ النَّاسِ يُقْضَى يَوْمَ الْقِيَامَةِ عَلَيْهِ رَجُلٌ اسْتُشْهِدَ فَأُتِيَ بِهِ فَعَرَّفَهُ نِعَمَهُ فَعَرَفَهَا، قَالَ: فَمَا عَمِلْتَ فِيهَا؟ قَالَ: قَاتَلْتُ فِيكَ حَتَّى اسْتُشْهِدْتُ قَالَ: كَذَبْتَ وَلَكِنَّكَ قَاتَلْتَ لِأَنْ يُقَالَ جَرِيءٌ فَقَدْ قِيلَ، ثُمَّ أَمَرَ بِهِ فَسُحِبَ عَلَى وَجْهِهِ حَتَّى أُلْقِيَ فِي النَّارِ. وَرَجُلٌ تَعَلَّمَ الْعِلْمَ وَعَلَّمَهُ وَقَرَأَ الْقُرْآنَ فَأُتِيَ بِهِ فَعَرَّفَهُ نِعَمَهُ فَعَرَفَهَا، قَالَ: فَمَا عَمِلْتَ فِيهَا؟ قَالَ: تَعَلَّمْتُ الْعِلْمَ وَعَلَّمْتُهُ وَقَرَأْتُ فِيكَ الْقُرْآنَ، قَالَ: كَذَبْتَ وَلَكِنَّكَ تَعَلَّمْتَ الْعِلْمَ لِيُقَالَ عَالِمٌ، وَقَرَأْتَ الْقُرْآنَ لِيُقَالَ هُوَ قَارِئٌ فَقَدْ قِيلَ، ثُمَّ أَمَرَ بِهِ فَسُحِبَ عَلَى وَجْهِهِ حَتَّى أُلْقِيَ فِي النَّارِ. وَرَجُلٌ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ وَأَعْطَاهُ مِنْ أَصْنَافِ الْمَالِ كُلِّهِ فَأُتِيَ بِهِ فَعَرَّفَهُ نِعَمَهُ فَعَرَفَهَا، قَالَ: فَمَا عَمِلْتَ فِيهَا؟ قَالَ: مَا تَرَكْتُ مِنْ سَبِيلٍ تُحِبُّ أَنْ يُنْفَقَ فِيهَا إِلَّا أَنْفَقْتُ فِيهَا لَكَ، قَالَ: كَذَبْتَ وَلَكِنَّكَ فَعَلْتَ لِيُقَالَ هُوَ جَوَادٌ فَقَدْ قِيلَ، ثُمَّ أَمَرَ بِهِ فَسُحِبَ عَلَى وَجْهِهِ ثُمَّ أُلْقِيَ فِي النَّارِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, qiyomat kuni birinchi bo‘lib hukmi chiqadigan odam – bir shahid bo‘lgan odamdir. U olib kelinib, (Alloh unga) bergan ne’matlarini tanitadi. U taniydi. So‘ngra:
«Bular ila nima qilding?» deb so‘raydi.
«Seni deb jang qildim, oxiri shahid bo‘ldim», deydi.
«Yolg‘on aytding, sen «shijoatli» deyilishi uchun jang qilding, shunday deyildi ham», deydi U zot.
So‘ngra amr qilib, uni yuztuban sudratib borib, do‘zaxga tashlatadi. Yana bir odamki, ilm o‘rgangan va ilm o‘rgatgan hamda Qur’on o‘qigan. Bas, u olib kelinib,
(Alloh unga) bergan ne’matlarini tanitadi. U taniydi. So‘ngra:
«Bular ila nima qilding?» deb so‘raydi.
«Seni deb ilm o‘rgandim, ilm o‘rgatdim va Qur’on o‘qidim», deydi.
«Yolg‘on aytding! Sen ilmni «u olim» deyilish uchun o‘rganding, Qur’onni «u qori» deyilishi uchun o‘qiding. Shunday deyildi ham», deydi U zot.
So‘ngra amr qilib, uni yuztuban sudratib borib, do‘zaxga tashlatadi. Yana bir odamki, Alloh uning rizqini keng qilib, turli mollarning barchasidan berib qo‘ygan edi. Bas, u olib kelinib, (Alloh unga) bergan ne’matlarini tanitadi. U taniydi. So‘ngra:
«Bular ila nima qilding?» deb so‘raydi.
«Sen yaxshi ko‘radigan yo‘llarning birortasini ham qo‘ymay, yo‘lingda infoq qildim», deydi.
«Yolg‘on aytding! Sen «saxiy» deyilishi uchun qilding, shunday deyildi ham», deydi U zot.
So‘ngra amr qilib, uni yuztuban sudratib borib, do‘zaxga tashlatadi», dedilar».
Muslim, Termiziy va Nasaiylar rivoyat rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharif ham Abu Hurayra roziyallohu anhu tomonlaridan rivoyat qilinmoqda. Unda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotning odatda ko‘proq riyo sodir bo‘ladigan uch tarmog‘ida riyokorlik bilan ish tutishning oqibati nima bilan tugashini bayon etish orqali ummatlarini riyodan saqlanishga chaqirmoqdalar.
Keling, hadisi sharif matni bilan shoshilmay, batafsil tanishib chiqaylik:
«Albatta, qiyomat kuni birinchi bo‘lib hukmi chiqadigan odam».
Ma’lumki, qiyomat kuni har bir insonning bu dunyoda qilgan har bir amali zarra miqdoricha bo‘lsa ham, hisob-kitob qilinib, odilona ravishda hukm chiqariladi. Kimning hukmi oldin, kimning hukmi keyin chiqishi haqida gap ketadigan bo‘lsa, ushbu hadisda zikri kelgan uch toifa odamning hukmi birinchi bo‘lib chiqishi aniq:
1. Riyokor mujohid.
2. Riyokor olim yoki qori.
3. Riyokor boy.
Bu uch toifaga qiyomat kuni qanday muomala qilinishi hadisda batafsil vasf qilinmoqda:
1. «bir shahid bo‘lgan odamdir. U olib kelinib, (Alloh unga) bergan ne’matlarini tanitadi. U taniydi».
Ya’ni, bu dunyodan shahid o‘tgan bir odam qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga olib kelinadi. Alloh unga bu dunyoda bergan ne’matlarini birma-bir tanitadi. U Alloh o‘ziga bergan ne’matlarni tanib, e’tirof qiladi. Shunda Alloh undan:
«Bular ila nima qilding?» deb so‘raydi.
Ya’ni, Men senga shuncha ne’matlarni bergan ekanman, sen ular ila nima qilding, deb so‘raydi. U esa:
«Seni deb jang qildim, oxiri shahid bo‘ldim», deydi.
Ya’ni, o‘sha Sen bergan ne’matlarni ishlatib, Sening yo‘lingda din dushmanlari bilan jang qildim. Jangda qatl etilib, shahid bo‘ldim, deydi.
«U zot: «Yolg‘on aytding! Sen «shijoatli» deyilishi uchun jang qilding, shunday deyildi ham», deydi».
Ya’ni, «Men Seni deb jang qildim, oxiri shahid bo‘ldim» degan gaping yolg‘on, sen aslida odamlar tomonidan «falonchi shijoatli odam edi» deyilishi uchun jang qilding. Bu gap odamlar tomonidan aytildi ham, deydi. Sen niyatingga yarasha topding. Allohga ixlos qilmaganing va riyokorliging uchun jazoingni olasan, deydi.
«So‘ngra amr qilib, uni yuztuban sudratib borib, do‘zaxga tashlatadi».
Naqadar ayanchli oqibat! U odam eng ulug‘ ishni bajargan, ya’ni jang qilib, jonini fido etgan bo‘lsa-da, niyati sof bo‘lmaganligi, xolis Alloh uchun amal qilmaganligi, riyokorligi uchun ana shu ayanchli holga tushadi! Qiyomat kuni farishtalar uni yuztuban sudrab olib borib, do‘zaxga tashlaydilar.
2.«Yana bir odamki, ilm o‘rgangan va ilm o‘rgatgan hamda Qur’on o‘qigan».
Ya’ni, qiyomat kuni birinchi bo‘lib hukmi chiqadigan uch toifa odamlardan ikkinchisi bu dunyoda ilm o‘rganib, ilm o‘rgatib va Qur’on o‘qib o‘tgan odamdir. Bu ish ham juda katta ish – Islomda ulug‘ martabalar va’da qilingan, musulmonlar tomonidan yuqori taqdirlanadigan amaldir. Olim va qorilarni ko‘pchilik hurmat qiladi, ularga havas bilan qarab, falonchi yaxshi olim bo‘lgan, pismadonchi ajoyib qori, deb gapirib yuradilar. Ba’zi kishilar aynan o‘sha gap-so‘zlarga oshiq bo‘ladilar. Odamlar meni ham etuk olim, katta ustoz, ajoyib qori desinlar, deb, ilm o‘rganadi, ilm o‘rgatadi, Qur’on o‘qiydi.
Xo‘sh, bu ishni qilgan odam ham haqiyqiy olim, ustoz va qorilar etishadigan darajaga erishadimi?
Keling, uning nimaga erishganini Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamdan eshitaylik:
«Bas, u olib kelinib, (Alloh unga) bergan ne’matlarini tanitadi. U taniydi».
Ya’ni, o‘sha odam qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga olib kelinadi. So‘ngra Alloh taolo unga bu dunyoda bergan ne’matlarini ko‘rsatadi. U ne’matlarni ko‘rib, taniydi, ularning o‘ziga bu dunyoda berilganini e’tirof qiladi. So‘ngra Alloh taolo:
«Bular ila nima qilding?» deb so‘raydi.
«Seni deb ilm o‘rgandim, ilm o‘rgatdim va Qur’on o‘qidim», deb aytadi u.
Ya’ni, qiyomat kuni o‘zining bu dunyodagi amallarini, xususan, ilm o‘rganish, ilm o‘rgatish va Qur’on o‘qish ishlarini yolg‘iz Allohning roziligi uchun amalga oshirganini da’vo qiladi. Lekin hamma narsani bilib turguvchi zot – Alloh taolo xuddi avvalgi odam bilan bo‘lganidek, buning ham sharmandasini chiqaradi.
«Yolg‘on aytding! Sen ilmni «u olim» deyilish uchun o‘rganding, Qur’onni «u qori» deyilishi uchun o‘qiding. Shunday deyildi ham», deydi U zot».
Ya’ni, sen ilmni Men uchun o‘rganganing yo‘q. Seni deb ilm o‘rgandim, degan gapni yolg‘on aytding. Sen odamlar «falonchi olim», deyishlari uchun ilm o‘rganding. Sen Qur’onni Mening yo‘limda o‘qiganing yo‘q. Seni deb Qur’on o‘qidim, degan gaping yolg‘on. Sen odamlar «falonchi qori» deyishlari uchun Qur’on o‘qiding. Ushbu niyatingga etding ham. Odamlar tomonidan seni olim va qori deyildi ham, deydi.
«So‘ngra amr qilib, uni yuztuban sudratib borib, do‘zaxga tashlatadi».
Naqadar ayanchli oqibat! U odam eng fazilatli ishni qilib, igna bilan quduq qazigandek, mashaqqat bilan ilm o‘rgangan bo‘lsa-da, ilm o‘rgatib, Qur’on o‘qib yursa ham ayanchli oqibatga duchor bo‘ldi. Chunki uning niyati sof emas, ixlosi yo‘q edi. U bularni yolg‘iz Allohning roziligi uchun qilmagan, riyokorlik qilgan edi. Oqibatda qiyomat kuni farishtalar uni yuztuban sudrab olib borib, do‘zaxga tashladilar.
3.«Yana bir odamki, Alloh uning rizqini keng qilib, turli mollarning barchasidan berib qo‘ygan edi».
Bu erda qiyomat kuni birinchi bo‘lib hukmi chiqadigan uch toifa odamlarning uchinchisi haqida so‘z ketmoqda. Alloh taolo mazkur odamga bu dunyoda ko‘p molu mulk bergan edi. Bu ham juda nozik ish. Molu mulkni yaxshilik yo‘lida, Alloh yo‘lida sarflash ulug‘ martaba, hammaning tahsiniga sazovor ishdir. Musulmonlar saxiy boylarni o‘ta hurmat qiladilar, ularga havas bilan qaraydilar. Boylarning saxiyliklari musulmonlar tomonidan keng miqyosda maqtaladi. Ba’zi kishilar odamlarning maqtoviga o‘ch bo‘ladilar, bunga o‘ta qiziqqanlaridan ixlosni unutib qo‘yadilar. Allohning roziligini emas, kishilarning maqtovini istab, mol-dunyoni infoq qiladilar. Xo‘sh, bular ham Allohga ixlos bilan infoq qilganlar bilan barobar bo‘ladilarmi? Unday odamga qiyomat kuni muomala qanday bo‘ladi?
«Bas, u olib kelinib, (Alloh unga) bergan ne’matlarini tanitadi. U taniydi».
Ya’ni, avvalgi ikki toifa kabi, bu dunyoda rizq-ro‘zi keng, molu mulkning turli xillariga ega bo‘lgan boy ham qiyomat kuni Allohning huzuriga olib kelinadi. So‘ngra Alloh taolo unga bu dunyoda bergan ne’matlarini ko‘rsatadi. U bu ne’matlarni ko‘rib, taniydi va ularning Alloh tomonidan bu dunyoda o‘ziga berilganini tan oladi.
«So‘ngra: «Bular ila nima qilding?» deb so‘raladi.
Alloh taoloning bu savoliga o‘sha odam o‘zini oqlab, javob beradi:
«Sen yaxshi ko‘radigan yo‘llarning birortasini ham qo‘ymay, yo‘lingda infoq qildim», deydi u.
Ya’ni, ey Robbim, Sen bergan boylikni O‘zing yaxshi ko‘rgan yo‘llarning hammasiga, Sening roziliging uchun sarfladim, deydi. Alloh taolo unga bu savolni bekorga berayotgani yo‘q edi. Uning nima qilganini O‘zi juda yaxshi bilar edi. Lekin Alloh taolo bu bandani tilidan ilintirib, qilmishi noto‘g‘ri ekanligini o‘ziga xos uslub ila bayon qilishni xohlar edi. Bandaning bu yolg‘onidan keyin:
«U zot: «Yolg‘on aytding! Sen «saxiy» deyilishi uchun qilding, shunday deyildi ham», deydi».
Ya’ni, ey banda, Sening yo‘lingda qildim, degan gapni yolg‘on aytding. Sen Men bergan molni infoq qilgan bo‘lsang, odamlar seni «saxiy» deyishlari uchun qilgansan. Darhaqiyqat, odamlar shunday dedilar ham, deydi.
«So‘ngra amr qilib, uni yuztuban sudratib borib, do‘zaxga tashlatadi».
Naqadar ayanchli oqibat! U odam aslida yaxshi ishni qilgan edi. Mol-mulkini Alloh taolo yaxshi ko‘radigan yo‘llarga sarflagan edi. Ammo niyati sof emas, barcha amallarini Alloh taologa ixlos bilan emas, riyokorlik bilan qilgan edi. Odamlar meni saxiy desinlar, deb, mol-mulkini infoq qilgan edi. Natija niyatiga yarasha bo‘ldi. Odamlar uni maqtashdi. Amal paytida Allohning roziligini niyat qilmaganligi uchun Alloh taolo ham undan rozi bo‘lmadi. Unga bergan ne’matlarini sarflashda riyokorlik qilganligi uchun amr qilib, bunday nobakor bandani yuztuban sudrab olib borib, do‘zaxga tashlashga amr etdi.
Demak, qiyomat kuni do‘zaxga tushish uchun eng avval hukmi chiqadiganlar mazkur uch toifaga mansub odamlar ekan.
Endi ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalarimiz haqida fikr yuritaylik:
1. Riyokorlikdan qochish lozim. Odamlar unday desin, odamlar bunday desin, degan fikrlarga yaqin ham yo‘lamaslik kerak.
2. Jihod qilayotgan kishi odamlar uni shijoatli desinlar, deb emas, Alloh rozi bo‘lsin, deb jihod qilishi lozim.
3. Ilm o‘rganayotgan yoki o‘rgatayotgan kishi odamlar uni olim, desinlar, deb emas, Alloh rozi bo‘lsin, deb niyat qilishi lozim.
4. Qur’on o‘qiydigan kishi odamlar uni qori desinlar, deb emas, Alloh rozi bo‘lsin, deb o‘qishi lozim.
5. Mol-mulkini yaxshi yo‘llarga infoq qiladigan kishi ularni odamlar saxiy desinlar, deb emas, Alloh rozi bo‘lsin, deb infoq qilishi lozim.
6. Har bir narsada Alloh taologa ixlos bo‘lishi zarur.
7. Riyokorlik bilan qilingan ish Alloh taoloning dargohida qabul bo‘lmasligi aniq.
Bu hadisi sharifning hikmatiga hozirgi hayotimizda nihoyatda muhtojmiz! Deyarli barcha qilayotgan ishlarimizda ixlos etishmaydi. Deyarli barcha ishlarimizga riyo aralashgan. Boshqa narsalarni qo‘yib, ushbu hadisda zikr qilingan uch sohani olib ko‘raylik.
Ming afsuslar bo‘lsinkim, mujohidlik nomiga dog‘ tushirayotganlar ham yo‘q emas. Mujohidlik da’vosidagi ularning qilayotgan tasarruflarini ba’zilar «Bularning jihodlari Alloh yo‘lida emas, hukmga erishish yo‘lida bo‘lgan ekan», deb baholamoqdalar. Ba’zi kishilar esa, umuman, jihod nimaligini bilmay, uning yaqiniga ham bormay turib, o‘zlarini mujohid deb e’lon qilmoqdalar.
Ilm o‘rganish, o‘rgatish masalasini olib ko‘raylik. Bu borada Allohning yo‘lida ish olib borayotganlar yo‘q, deya olmaymiz. Lekin riyokorlik qilayotganlar ham etarlicha. Ilmni Alloh uchun emas, shahodat uchun, ilmiy unvon uchun, odamlar ichida shuhrat topish uchun o‘qiyotganlar, o‘qitayotganlar haddan ziyod ko‘p. Ko‘zlangan natija hosil bo‘lmayotganligi ham shundan bo‘lsa kerak.
Qur’on o‘qish masalasida ham xuddi shu gaplarni aytish mumkin. Ba’zi kishilar Qur’on o‘qishni xuddi odamlarning bahosi, maqtovi uchungina joriy bo‘lgan narsa deb tushunishadi.
Bugungi hayotimizda eng ko‘p uchraydigan riyokorlik molu pul sarflashda, desak, mubolag‘a bo‘lmas. Hatto xayr-ehson qilishda ham riyokorlik avj olgan. Shariatimiz ko‘rsatganidek, molu pulidan ixlos bilan sadaqa qiladiganlar juda kam. Ochiqdan-ochiq odamlar ko‘rsin, odamlar eshitsin, odamlar bilsin, deyishga o‘tib ketildi.
Ushbu holatlar dinimizdan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan qanchalar uzoqlashib ketganimizni ko‘rsatadi. Agar haqiyqiy saodatga erishmoqchi bo‘lsak, har bir narsada dinimiz ko‘rsatmasiga binoan ish tutishimiz, jumladan, har qanday riyoni tashlab, odamlar unday desin, odamlar bunday desin, degan niyat bilan emas, yolg‘iz Alloh taoloning roziligini tilab amal qilishni o‘rganishimiz lozim. Ana shundagina qilgan amallarimiz ikki dunyomiz uchun foydali bo‘ladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: تَعَوَّذُوا بِاللهِ مِنْ جُبِّ الْحَزَنِ، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ وَمَا جُبُّ الْحَزَنِ، قَالَ: وَادٍ فِي جَهَنَّمَ تَتَعَوَّذُ مِنْهُ جَهَنَّمُ كُلَّ يَوْمٍ مِائَةَ مَرَّةٍ، قُلْنَا: يَا رَسُولَ اللهِ وَمَنْ يَدْخُلُهُ؟ قَالَ: الْقُرَّاءُ الْمُرَاءُونَ بِأَعْمَالِهِمْYana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Alloh taolodan Jubbul Hazandan saqlashini so‘ranglar», dedilar. Odamlar: «Ey Allohning Rasuli, Jubbul Hazan nimadir?» dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Jubbul Hazan jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, undan jahannam (qo‘riqchilari) ham har kuni yuz marta panoh so‘raydilar», dedilar. Odamlar: «Ey Allohning Rasuli, unga kimlar kiradilar?» deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Amallari ila riyo qiluvchi qorilar», dedilar».Sharh: Ushbu hadis ham Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bu hadisi shariflarida ayniqsa riyo ko‘proq sodir bo‘lish ehtimoli bor bo‘lgan sohada ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqdalar. Qur’on – Allohning kalomi. Qur’on o‘qigan odamga ulkan martabalar, cheksiz ajru savoblar va’da qilingan. Musulmonlar qalbida Qur’oni Karimning alohida o‘rni, hurmati, e’zozi bor. Shuning uchun Qur’oni Karimga tegishli bo‘lgan har bir narsa musulmonlar ommasi tomonidan alohida e’zozlanadi, hurmat qilinadi. Ba’zi kishilar ana o‘sha narsaga berilib, Qur’on o‘qish Alloh uchun bo‘lishi zarurligini unutib qo‘yadilar va riyokorlikka o‘tib qoladilar. Hadisi sharifda ana shu xatoning oqibati qanchalar yomon bo‘lishi aytilmoqda. Lekin bu narsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilmay, avval eshituvchi ushbu ma’noni to‘lig‘icha qabul qilishga tayyorlanmoqda. So‘zning boshida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolodan Jubbul Hazandan saqlashini so‘ranglar», dedilar». Agar «Jubbul Hazan»ni so‘zma-so‘z tarjima qiladigan bo‘lsak, «Xafalik qudug‘i», deyishimiz mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarga nasihat qilib, Jubbul Hazanning yomonligidan Alloh taoloning O‘zidan panoh so‘rashni tavsiya etmoqdalar. Jubbul Hazan unchalik ma’lum va mashhur emas ekan. Uning nimaligini sahobai kiromlar ham bilmas ekanlar. Shuning uchun: «Ey Allohning Rasuli, Jubbul Hazan nimadir?» dedilar». Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu savolga qisqa javob berdilar. «U zot sollallohu alayhi vasallam: «Jubbul Hazan jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, undan jahannam (qo‘riqchilari) ham har kuni yuz marta panoh so‘raydilar», dedilar». Ma’lumki, jahannam qo‘riqchilari kuchli, qo‘pol, shafqatsiz farishtalar bo‘lib, jahannamiylarni azoblash va shunga o‘xshash jahannamga taalluqli bo‘lgan boshqa ishlarni bajarib yuradilar. O‘z-o‘zidan ma’lumki, ular uncha-muncha narsadan ta’sirlanmaydilar ham, qo‘rqmaydilar ham. Ammo Jubbul Hazan shunday dahshatli va qo‘rqinchli narsa ekanki, uning qo‘rqinchlaridan o‘sha jahannam qo‘riqchisi bo‘lmish farishtalar ham hayiqib, Alloh taolodan har kuni yuz marta panoh so‘rab turar ekanlar. Bu javobdan Jubbul Hazanning nima ekanligi ma’lum bo‘ladi. Undan panoh so‘rash lozimligi yana ham ravshanlashadi. Shu bilan birga, unga kim kirishi mumkinligi haqida savol paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham: «Odamlar: «Ey Allohning Rasuli, unga kimlar kiradilar?» dedilar». Asl maqsad ham shuni aytish edi. Endi ayni haqiyqatni bildirish payti kelgan edi: «U zot sollallohu alayhi vasallam: «Amallari ila riyo qiluvchi qorilar», dedilar». Demak, Jubbul Hazanga Qur’onni Alloh uchun emas, odamlar maqtashlari uchun, falonchi yaxshi qori, Qur’onni yaxshi o‘qiydi, unday qiladi, bunday qiladi, deyishlari uchun o‘qiydigan qorilar kiradilar! Qarang, Allohning kalomi ixlos bilan emas, riyokorlik uchun o‘qilsa, qanchalik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin ekan. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Jahannamda Jubbul Hazan nomli vodiy borligi. 2. Jubbul Hazanga tushishdan Allohdan panoh so‘rash lozimligi. 3. Jahannamga xizmatkor qilib qo‘yilgan farishtalar ham har kuni yuz marta Jubbul Hazanga tushishdan saqlashini Alloh taolodan so‘rab turishlari. 4. Bir narsani eshitganda nimaligini bilmasa, so‘rab olish joizligi. 5. Jahannamga, undagi ba’zi ma’lum joylarga kimlar kirishi to‘g‘risida ham savol berish joizligi. 6. Jahannamdagi Jubbul Hazan vodiysiga riyokor qorilar kirishi. 7. Riyokorlikning nihoyatda yomonligi. Ilgari bilmagan bo‘lsak, endi bildik. Ushbu hadisga darhol amal qilishga o‘tishimiz, Qur’onni faqat Allohning roziligi uchungina o‘qimog‘imiz lozim. Qur’on o‘qishdagi riyokorlikning oqibati shunchalar bo‘lsa, boshqa amallardagi riyokorlikning oqibati qanday ekan? ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 20:05 | Savol-javoblar | 186 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar