Istig‘for aytishning afzal vaqti

Assalomu alaykum! Hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kunda 70 marta, yana bir hadisda 100 marta istig‘for aytishlari kelgan. Mening savolim shuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning istig‘for aytgan vaqtlari, ya’ni eng afzal vaqti qachon ekanligi haqida ma’lumotlar bormi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Zariyat” surasi 18-oyatida marhamat qiladi :
وَبِالْأَسْحَارِ هُمْ يَسْتَغْفِرُونَ
18. Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar.
Sahar chog‘ida turish, Allohga istig‘for aytib, gunohidan kechishini so‘rash juda ham fazilatli ish bo‘lib, buni qilgan kishilar xayr-baraka, ulug‘ martabalarga erishadilar. Hadisi shariflardan birida Nabiy alayhissalom: «Albatta, Alloh taolo har kuni kechaning uchdan biri qolganda, dunyo osmoniga tushadi va tong otguncha: «Tavba qiluvchi bormi? Tavbasini qabul qilaman. Istig‘for aytuvchi bormi? Mag‘firat qilib, gunohini kechaman. So‘rovchi bormi? So‘raganini beraman»,– deydi», – deganlar».
Shuning uchun iloji boricha, saharda turib, ibodat qilish, istig‘for aytishga urinish lozim.("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:41 | Savol-javoblar | 183 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar