Sunnat namozlar haqida

Assalamu alaykum! Hurmatli ustozlar, javob berilgan savollarni o‘qib meni savolimdek savolni topmadim. Savolim shundan iborat sunnat, peshin va asr kabi maxfiy o‘qiladigan namozlarda namoz o‘quvchi o‘z ovozini eshitib yoki yonidagi odam eshitadigan holda o‘qish joizmi yoki ichida o‘qish kerakmi? Peshin va asrni qiroati qanday bo‘ladi? Alloh bu ishlaringizni O‘zi bilgan darajada mukofotlasin. Amin.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ovoz chiqarib qiroat qilishning eng pasti o‘zidan boshqaga eshittirishdir.
O‘zidan boshqa eshitmaydigan darajadagi qiroatni «ovoz chiqarib qiroat qilish» deb bo‘lmaydi. Demak, ovoz chiqarish lozim bo‘lgan qiroatda aqalli o‘ziga eng yaqin turgan kishi eshitadigan darajada ovoz chiqishi lozim ekan.
Ovoz chiqarmay qiroat qilishning eng pasti o‘zi eshitadigan bo‘lishidir. Mana shu to‘g‘ridir.
O‘zi eshitadigan darajada bo‘lmagan narsa qiroat bo‘lmaydi. O‘zidan boshqa eshitadigan bo‘lsa, oshkora qiroat bo‘lib qoladi. Og‘zini yumib, xayolida qiroat qilish umuman qiroat emas.
Bu hukm nutqqa bog‘liq «taloq», «qul ozod qilish», «istisno» kabi barcha narsalarga oiddir.
«Istisno» degani bir narsani aytib, orqasidan «insha­alloh»ni aytishdir. Misol uchun, birov ovozini chiqarib taloq qo‘ysa-yu, ortidan ichida «Inshaalloh», desa, ammo uning harflarini ichida aytib, o‘zi ham eshitmasa, talog‘i tushadi, chunki oshkora bo‘lmagan gap hisobga olinmaydi.
Hukmi nutqqa bog‘liq narsalarga hayvonni so‘yishda «bismillah»ni aytish, iylo qilish, savdo kabi narsalar ham kiradi.
«Taloq qo‘ydim», desa-yu, o‘zi eshitmasa, talog‘i tushmaydi. Bir narsani «Sotdim», desa-yu, xaridor buni uning og‘ziga qulog‘ini qo‘yib bo‘lsa ham eshitib olsa, savdosi joriy bo‘ladi. (“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:50 | Savol-javoblar | 149 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar