Noiloj ayol

Assalomu alaykum! Men sog‘ligim yomon bo‘lgani tufayli homilamni dori ichib tushirdim. Buning gunohi qanchalik og‘ir? Mening 3 farzandim bo‘lib, eng kichigi 1 yoshda edi. Doktorlar yangi tug‘ulajak bolani hayotim uchun xavfli ekanini aytgan edi. Men endi qanday tavba qilay?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! TAVBA «Tavba» so‘zi arab tilidagi so‘z bo‘lib, qaytish ma’nosini anglatadi. Bandaning gunohdan qaytishi ham tavba deb atalgan. Ulamolar tavbaning shar’iy ma’nosi haqida bir-birini to‘ldiruvchi va ta’kidlovchi bir necha ta’riflarni aytganlar: Rog‘ib: «Shariatda tavba gunohni yomonligi uchun tark qilish, o‘zidan o‘tgan kamchilikka nadomat qilish, gunohni yana takrorlamaslikka azm qilish va imkoni bor ishlarni qaytadan qilishdir», degan. Jurjoniy: «Tavba qalbdagi gunohda davom etish tuginini echib, Allohga qaytish va Robbning barcha haqlarini ado etish», degan. Ba’zilar: «Tavba e’tirof, nadomat va gunohdan uzilib chiqish», degan. Boshqalar: «Tavba qilingan ma’siyatga ma’siyat bo‘lgani uchun nadomat chekish va uni qaytarmaslikka azmu qaror qilish», degan. «Ta’rifot» kitobining sohibi tavbaning ma’nosi va turlari haqida jumladan quyidagilarni keltirgan: «Tavbaning ma’nosi uchtadir: Birinchisi – nadomat qilish. Ikkinchisi – Alloh qaytargan narsadan qaytishga azmu qaror qilish. Uchinchisi – zulmlarni o‘rniga qaytarish uchun harakat qilish. Tavbaning turlari: 1. Inoba tavbasi Alloh taoloning qudratidan qo‘rqib qilingan tavbadir. 2. Istijoba tavbasi Alloh taoloning yaqinligidan uyalib qilingan tavbadir. 3. Fosid tavba faqat til bilan qilingan tavbadir. 4. Sahih tavba bandaning gunoh qilishi bilan darhol o‘zini bilib, undan qaytishidir. 5. Nasuh tavba. Arab tilidagi «nasuh» so‘zi xolis, jazm, sodiq nasihat qiluvchi ma’nolarini anglatadi. Demak, «tavbatan nasuhan» birikmasi xolis tavba, jazm tavba, sodiq tavba, nasihatga tavba ma’nolarini anglatadi. Alloh taolo «Tahrim» surasida: «Ey iymon keltirganlar! Allohga nasuh tavba qilinglar!» degan (8 – oyat). Nasuh tavbaning shar’iy ma’nosi haqida ko‘pgina fikrlar rivoyat qilingan. Jumladan, hazrati Umardan: «Tavbai nasuh» nima?» deb so‘ralganda, «Kishining yomon ishdan qaytib, so‘ng unga abadiy qayrilmasligidir», deb javob berganlar. Jurjoniy: «Nasuh tavba oldingi gunohga qaytmaslikka mustahkam azmi qaror qilishdir», degan. Tahonaviy: «Nasuh tavba qalb amallaridan bo‘lib, qalbni gunohlardan tozalashdan iboratdir. Uning alomati banda ma’siyatni yomon ko‘rishi va qabeh sanashi hamda hech xotiriga keltirmasligidir», degan. Tavba va uning shartlari haqida imom Navaviy quyidagilarni aytadi: «Har bir gunohdan tavba qilishi vojibdir. Agar qilingan gunoh banda bilan Alloh taoloning orasidagi ish bo‘lsa, odam bolasining haqiga bog‘liq bo‘lmasa, tavbaning to‘g‘ri bo‘lishiga uch shart bordir: 1. Ma’siyatdan butunlay ajrab chiqish. 2. Uni qilgani uchun nadomat qilish. 3. Abadul abad uni qaytarmaslikka azmu qaror qilish. Ushbu shartlardan birortasi bo‘lmasa, tavba to‘g‘ri bo‘lmaydi. Agar qilingan gunoh odam bolasining haqiga bog‘liq bo‘lsa, to‘rtinchi shart – o‘sha odamning haqidan qutilish ziyoda qilinadi. Haq molu mulk yoki shunga o‘xshash narsa bo‘lsa, uni egasiga qaytariladi. Haq shar’iy jazoga loyiq ish bo‘lsa, o‘zini jazoga tutib beradi yoki haq egasidan afv qilishini so‘raydi. Agar haq g‘iybat kabi ma’naviy narsalarda bo‘lsa, mazlumdan haqini halol qilishni iltimos qiladi. Albatta, bunda tavba uchun qilinayotgan ish avvalgisidan ko‘ra katta zarar keltirmasligi shart. Barcha gunohlardan tavba qilish vojibdir. Agar ba’zisidan tavba qilsa, o‘sha gunohdan qilgan tavbasi to‘g‘ri bo‘ladi. Qolgan gunohlari turaveradi. Qur’oni Karimda kelgan tavba haqidagi oyati karimalarni bir necha qismga taqsimlash mumkin. 1. Tavbani qabul qilish Alloh taoloning sifatlaridan bir sifat ekani. Shayx Muhammad Sodiq: Alloh taolo «Niso» surasida: «Qaysi bir Payg‘ambarni yuborgan bo‘lsak, Allohning izni ila faqat itoat qilinishi uchun yuborganmiz. Agar ular o‘zlariga o‘zlari zulm qilgan chog‘larida huzuringga kelib, Allohga istig‘for aytganlarida va Payg‘ambar ham ular uchun istig‘for aytganida edi, albatta, Alloh tavbalarni qabul etuvchi va rahmli zot ekanini topgan bo‘lur edilar», degan (64 - oyat). Alloh haqiyqatdan ham tavbalarni qabul etguvchi Zotligiga iymon da’vosini qilib, amalda shaytonning yo‘lidan yurganlarni ham darhol azobga giriftor qilmaydi: kechirimli bo‘lib, yana ularga o‘zlarini o‘nglab olishlariga imkon yaratib, tavba eshigini ochib qo‘yadi. U zot haqiyqatdan ham rahmli bo‘lganidan gunohkor munofiqlarning aybini kechib, ularga rahm-shafqat ko‘rsatadi. 2. Tavba anbiyo va solih mo‘minlarning sifatidir. Alloh taolo «Baqara» surasida: «Ibrohim bilan Ismoil: «Ey Robbimiz, bizdan qabul et, albatta, Sening O‘zing eshituvchi, biluvchi zotsan», deb baytning poydevorlarini ko‘tarayotganini esla. «Robbimiz, ikkovimizni O‘zingga musulmon bo‘lganlardan qil va zurriyotimizdan ham O‘zingga musulmon ummat qil, bizga ibodatlarimizni ko‘rsat, tavbamizni qabul et. Albatta, Sening O‘zing tavbalarni ko‘plab qabul etuvchi, rahmli zotsan», degan (127 – 128 - oyatlar). Alloh taolo «Tavba» surasida: «Ular tavba qiluvchilar, ibodat qiluvchilar, hamd aytuvchilar, ro‘za tutuvchilar, ruku’ qiluvchilar, sajda qiluvchilar, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar, Allohning chegarasida turuvchilardir. Va mo‘minlarga xushxabar ber!» degan (112 - oyat). Bu oyati karimada mo‘min kishining bir necha sifatlari zikr qilinmoqda, agar ularda bu sifatlar mavjud bo‘lsa, mo‘minlik sharafiga erishadilar va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam beradigan xushxabarga haqli bo‘ladilar: «Tavba qiluvchilar». Bilib-bilmay sodir etgan hamma gunohlaridan tavba qilib qaytadilar. Gunohlarga chin qalbdan afsus-nadomat chekadilar va uni ikkinchi qayta takrorlamaydilar. 3. Tavbadan keyin solih amal qilishga targ‘ib. Alloh taolo «Moida» surasida: «Kim zulmidan keyin tavba etsa va amali solih qilsa, Alloh, albatta, tavbasini qabul qiladir. Shubhasiz, Alloh mag‘firatli va rahmli Zotdir», degan (39 - oyat). Musulmon odam uchun yomonlikdan qaytishning o‘zi kifoya qilmas ekan. Yomonlikdan qaytish bilan birga, yaxshilik amallarni ham qilishi zarur ekan. Chunki yomonlikdan to‘xtash bilan birga yaxshilikni kasb qilmasa, orada bo‘shlik paydo bo‘ladi va bu uni yana yomonlikka qaytarishi mumkin. Shuning uchun ham yaxshilik qilish tavbani qabul etish shartlariga qo‘shilmoqda. Alloh taolo «Nur» surasida: «Pokiza ayollarga (bo‘hton) toshi otib, so‘ngra to‘rtta guvoh keltira olmaganlarni sakson darra uringlar va ularning guvohligini abadiy qabul qilmanglar. Ana o‘shalar fosiqlardir. Magar bundan keyin tavba qilib, o‘zini isloh qilganlar (mustasnodir). Zero, Alloh o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmlidir», degan (4 – 5 - oyatlar). Qur’oni Karim bo‘htonchini fosiq, ya’ni, Allohning amridan chiqqan odam, deb vasf qilmoqda. Bu sifat ham juda yomon sifatdir. Endi bunday odam faqat ixlos bilan tavba qilgandagina va o‘zini butunlay tuzatgandagina fosiqlikdan chiqishi mumkin. Shunda uning guvohligi yana qabul qilinadigan bo‘ladi. Demak, bo‘htonchining faqat tavba qilishi kifoya emas. Balki o‘zini o‘nglaganini jamiyat a’zolariga amalda ko‘rsatishi ham zarur. Buning uchun pokiza odamni qaerda, kimlarning oldida, qanday qilib zinoda ayblagan bo‘lsa, o‘sha erda, o‘sha odamlarning oldida, o‘shanday qilib poklaydi va o‘zini qoralaydi. So‘ngra tavba qiladi. Jamiyat uni bir yil davomida kuzatadi. Shu muddat ichida haqiyqatda o‘zini tuzatib, shariatga xilof ishlarni qilmasa, undan fosiq nomi olinadi va guvohligi qabul qilinadigan bo‘ladi. 4. Tavbaning mukofoti haqidagi oyatlar. Alloh taolo «Baqara» surasida: «Sendan hayz haqida so‘rarlar. Sen: «U ko‘ngilsiz narsadir. Hayz chog‘ida ayollardan chetda bo‘ling. Ularga pok bo‘lmagunlaricha yaqinlashmanglar. Agar pok bo‘lsalar, ularga Alloh amr qilgan joydan keling. Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadir», deb ayt», degan (

– oyat). Alloh taolo «Tahrim» surasida: «Ey iymon keltirganlar! Allohga xolis tavba qilinglar! Shoyadki Robbingiz gunohlaringizni yuvsa va sizni daraxtlari ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritsa. Bir kundaki, unda Alloh Nabiyni va u bilan birga bo‘lgan iymon keltirganlarni sharmanda qilmas. Ularning nurlari oldilarida va o‘ng taraflarida yurib boradir. Ular esa, Robbimiz, bizga nurimizni batamom qilib ber, gunohlarimizni kechir, albatta, Sen barcha narsaga qodirsan, derlar», degan (8 – oyat). 5. Tavba Alloh taoloning bandalarga rahmatidir. Alloh taolo «Niso» surasida: «Alloh sizlarga bayon qilib berishni, sizni oldingilarning yo‘liga hidoyat qilishni va tavbalaringizni qabul etishni xohlaydi. Alloh biluvchi va hikmatli zotdir. Alloh sizning tavbangizni qabul qilishni xohlaydir. Shahvatlarga ergashadiganlar esa, ulkan og‘ishga moyil bo‘lishingizni xohlarlar. Alloh sizdan (yukingizni) engillatmoqni xohlaydir. Va inson zaif yaratilgandir», degan (26 – 28 – oyatlar). Alloh taolo «Ahzob» surasida: «Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, erga va tog‘larga taklif qildik. Bas, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Uni inson ko‘tardi. Darhaqiyqat, u o‘ta zolim va o‘ta johildir. Alloh munofiqlar va munofiqalarni, mushriklar va mushrikalarni azoblashi uchun hamda mo‘min va mo‘minalarning tavbalarini qabul etish uchundir. Alloh o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zotdir», degan (72 – 73 – oyatlar). 6. O‘tgan nabiylar tavbaga chaqirishgan. Shayx Muhammad Sodiq: Alloh taolo «Hud» surasida: «Va Odga o‘z birodarlari Hudni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Siz uchun Undan o‘zga iloh yo‘qdir. Sizlar faqat to‘qib oluvchilarsiz, xolos. Ey qavmim, men sizlardan bu (da’vatim) uchun ajr so‘ramayman. Mening ajrim faqat meni yaratgan zotning zimmasidadir. Aql yuritmaysizlarmi? Ey qavmim, Robbingizga istig‘for ayting, so‘ngra Unga tavba qiling, shunda U ustingizga osmondan baraka yomg‘iri yuboradi va quvvatingizga quvvatni ziyoda qiladi. Jinoyatchi bo‘lgan holingizda yuz o‘girib ketmang», dedi», degan (50 – 52 – oyatlar). Alloh taolo «Hud» surasida: «Va Samudga birodarlari Solihni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Siz uchun Undan o‘zga iloh yo‘q. U sizlarni erdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo‘ydi. Bas, Unga istig‘for ayting, so‘ngra Unga tavba qiling. Albatta, Robbim yaqin va ijobat qilguvchidir», dedi», degan (61 – oyat). Tavba haqida kelgan hadislardan namunalar: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh O‘z bandasi tavbasidan sizning biringizning ustida sharobi va taomi bilan kamsasiz biyobonda qochib ketgan ulovidan umidini uzib, bir daraxt tagiga borib soyasida yotganda, umuman ulovidan umidi uzilganda, ana shu holda yotganida birdan qarasa u oldiga kelib turibdi. Bas, uning jilovidan tutib, o‘ta xursand bo‘lganidan: «Ey Allohim! Sen bandamsan! Men Robbingman!» deb yuborgan paytidagi xursandligidan ham ko‘ra shiddatliroq xursand bo‘ladi. U xursandligining shiddatidan xato qilgandi», dedilar». Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilgan. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey odamlar! Allohga tavba qilinglar! Men har kuni Unga yuz marta tavba qilurman», dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilgan. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Barcha odam bolasi xatokordir. Xatokorlarning yaxshisi sertavbalardir», dedilar». Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilgan. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh bandaning tavbasini, modomiki u g‘arg‘ara holiga borib qolmagan bo‘lsa, albatta, qabul qiladi», dedilar». Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilgan. Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh to quyosh mag‘ribdan chiqqunicha kunduzi gunoh qilganlar tavba qilishlari uchun kechasi qo‘lini yozadi va kechasi gunoh qilganlar tavba qilishlari uchun kunduzi qo‘lini yozadi», dedilar». Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim quyosh mag‘ribidan chiqmasdan turib tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi», dedilar». Ikkisini Muslim rivoyat qilgan. Tavbaning foydalaridan: 1. Tavba iymonning kamoli va Islomning jamolidandir. 2. Tavba Alloh taoloning muhabbati va rizosiga sababdir. 3. Tavba egasini Alloh taoloning keng rahmatiga erishtiradi. 1. Tavba tanglik va g‘amning ketishiga sabab bo‘ladi. Shayx Muhammad Sodiq: TAVBANING HAQIYQATI Tavba ilm, hol va amaldan iborat bo‘lib, bu uch narsa bir-biriga chambarchas bog‘liqdir. 1. Ilm gunohlarning zarari juda ham katta ekaniga va banda bilan unga mahbub bo‘lgan har bir narsa orasidagi to‘siq ekaniga ma’rifat hosil qilishdan iborat. 2. Hol mazkur ilm tufayli qalbda paydo bo‘lgan afsus va nadomatdan iboratdir. Zotan, qalb qachon o‘zi muhabbat qo‘ygan narsadan mahrum bo‘lsa, alam chekadi. Ana o‘sha alamni nadomat deb ataladi. 3. Amal gunohning zararini bilib, qalbda undan alam chekilgandan keyin mazkur alamni yo‘qotish uchun azmu qaror ila gunohni tark qilishdir. Bu boradagi gunohni tark qilish hozirgi, kelasi va o‘tgan zamonga bog‘liq bo‘ladi. Hozirgi zamondagisi qilib turgan gunohidan darhol chetlanish ila bo‘ladi. Kelasi zamondagisi umrining oxirigacha gunoh qilmaslikka azmu qaror qilish orqali bo‘ladi. O‘tgan zamonga bog‘liq bo‘lishi avvalgi gunohlariga kafforot bo‘ladigan amallarni qilish va qazolarni bajarish bilan bo‘ladi. Demak, tavbaning haqiyqati ilm, nadomat va hozir, kelajak hamda o‘tgan zamondagi gunohlarni tark qilishdan iboratdir. Kim gunoh mahbubdan uzoqlashtiruvchi sabab ekanini bilmasa, qilgan gunohlariga tavba qilmaydi. Alamga sabab bo‘luvchi gunohni qilaveradi va oqibatda halok bo‘ladi. Vallohu a’lam.



26 May 2022, 16:04 | Savol-javoblar | 158 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar