Ramazon oyi taqvimi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, bugungi kunda ba’zi tadbirkorlar foyda olish maqsadida ramazon oyi uchun taqvimlarni bosmadan chiqarishiyapti. Afsuski bu taqvimlar insonlar o‘rtasida tortushuvlarga xam olib keliyapti. Bu xakda Juma ma’ruzasida xam aytib o‘tildi. Juma namozidan chiqib kalendarga ko‘zim tushdi, ular vaqti bir xil. Misol men Denov tumanida yashayman. Biz doim oladigan taqvimda adashmasam Toshkent vaqti bilan 7 minutdan keyin saxarlik va iftorlik qilar edik. Bu yilgisida 13 minut keyin va 3 minut oldin yozilgani xam bor va yozilmagan taqvimlarni xam ko‘riyapman. Sizlardan iltimos biz bunaqa vaziyatlarda qanday yo‘l tutaylik va qaysi vaqt bilan saxarlik va iftorlik vaqtlarini belgilaylik? Sizlarga oldindan katta rahmat agar oldindan bunday savol berilgan bo‘lsa uzr.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Taqvim saharlik bilan iftorlik vaqtini belgilovchi qo‘llanmadir. Bu bir parcha qog‘oz shaklida bo‘lsada shariat nazdida o‘ta mas’uliyati og‘ir fatvodir. Uni chiqaruvchilar qiyomat kuni har bir insonning farz bo‘lgan ibodatiga javobgardir. Birinchidan namozga ikkinchidan ro‘zaga. Bu fatvoni chiqarishga beparvo bo‘lganlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Sizlarni fatvoga eng jur’atligingiz, do‘zaxga jur’atliligingizdir” degan hadislariga muvofiq bo‘ladi. Aslida bu kabi fatvoni chiqarish uchun falakiyot ilmining hamda tong otish bilan quyosh botishga tegishli shariat ilmini mukammal bilgan kishilar bo‘lishi kerak. Bu borada tahmin qilish o‘ta xatarli ishdir. Oxiratidan qo‘rqmagan insongina bu tahminga qo‘l urishi mumkin. Shariat bo‘yicha Alloh taolo og‘izni bekitadigan vaqtning hukmini ma’lum qilish uchun: «Toki tong paytida sizga oq ip qora ipdan ajraguncha englar, ichinglar» degan oyatni nozil qilgan. Bu oq ipdan murod tong, qora ipdan murod tundir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham saharlik borasida bir necha hadislarni aytganlar. Unda tong ikkiga bo‘linishi, subhi kozib va subhi sodiq bo‘lishi zikr qilingan. Ushbu oyat va hadislarga suyangan holatda Islom ilmini mukammal egallagan falakiyot olimlari, xususan diyorimizdan chiqqan, butun dunyoga ustoz Abu Rayhon Beruniy quyosh erdan 18 daraja pastdaligida saharlik vaqti tugab, subh vaqti kirishini aytganlar. Yurtimizda faoliyat yuritgan falakiyot olimlari O‘zbekistonda tong tundan ajralish vaqtini ham bundan bir necha yil avval belgilab qo‘yishgan. O‘sha belgilaganlari ham Abu Rayhon Beruniy quyosh erdan 18 daraja pastdaligida saharlik vaqti tugab, subh vaqti kiradi degan gapiga yuz foiz mos ekan. Ummul Quro rasadxonasi esa 18.5 darajada saharlik vaqti tugaydi deb belgilashgan. Ularning bu fikriga Saudiya ulamolarining ko‘pchiligi e’tiroz ham bildirishgan. Shuning uchun hozirgi kundagi hanafiy mazhabiga ergashuvchi etuk olimlar 18 darajada belgilangan taqvimlarni to‘g‘ri deb tan olishgan va shunga fatvo berishgan. Hozirgi kunda falakkiyot ilmi taraqqiyotning cho‘qqisiga uchragan. Ko‘z bilan aniqlashga hech qanday hojat qolmadi. Faqat rasadxonalar turlicha belgilagan, shular ichidan 18 gradusligini topib foydalansa bo‘ldi. Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 23:43 | Savol-javoblar | 157 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar