Qo‘shnilarimga mendan etayotgan ozor

Assalomu alaykum! Muhtaram Zikr ahlidan so‘rang hay’ati a’zolari. Bir birodarimizning savolini yo‘llamoqchi edim. "Qishloqda yashaymiz. Chorvachilik (novvos bo‘rdoqichiligi) bilan shug‘ullanaman. Tabiiyki mol axlatining qo‘lansa hidi chiqadi. Bundan atrofimdagi qo‘shnilarim ozor topib shikoyat qilishadi. Qishloq joyda yashaganimizdan so‘ng asosiy daromad manbaimiz shu chorvachilik. Bu ishim bilan men qo‘shnilarimga ozor etkazib, qo‘shnichilik haqqlariga putur etkazib, gunohkor bo‘lib qolmayapmanmi?".
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Qishloqda barcha odamlar chorvachilik bilan shug‘ullanadilar. Tabiiyki hamma qatori 1-2 mol-quyga hech kim hech narsa demaydi. Lekin "bo‘rdoqichilik" degani bu bir necha molni boqish deganidir. Shuning uchun hamma qatori boqsangiz unga e’tiroz bo‘lmaydi, lekin undan ortig‘i uchun alohida chekka joydan biror joy qilish kerak bo‘ladi. Qo‘shilarning ham e’tirozi ham o‘rinli. O‘sha qo‘lansa hidlardan ularning ozor topishi ularning haqlarini poymol qilish va ularga zulm qilish hisoblanadi. Agar o‘sha ishdan daromad qilmaganingizda bunday hidga o‘zingiz ham chidamaydigan bo‘lsangiz Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning «Sizlardan biringiz to o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani o‘zgalarga ham ravo ko‘rmagunicha mo‘min bo‘lmaydi» degan hadislariga tushib qolasiz. Bunday odamlarga ozor berib topilgan mablag‘da baraka ham bo‘lmaydi. عن أبي هريرة قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم من كان يؤمن بالله واليوم الآخر فلا يؤذ جاره ومن كان يؤمن بالله واليوم الآخر فليكرم ضيفه ومن كان يؤمن بالله واليوم الآخر فليقل خيرا أو ليصمت Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : Rosululloh sollallohu alayhi vasallam :Kim Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirsa, qo‘shnisiga ozor bermasin. Kim Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirsa, mehmonini ikrom qilsin va Kim Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirsa, yaxshini gapirsin yoki jim tursin” deganlar.  معاذ بن جبل " قالوا يا رسول الله ما حق الجار على الجار ؟ قال : إن استقرضك أقرضته ، وإن استعانك أعنته ، وإن مرض عدته ، وإن احتاج أعطيته ، وإن افتقر عدت عليه ، وإن أصابه خير هنيته ، وإن أصابته مصيبة عزيته ، وإذا مات اتبعت جنازته ، ولا تستطيل عليه بالبناء فتحجب عنه الريح إلا بإذنه ، ولا تؤذيه بريح قدرك إلا أن تغرف له ، وإن اشتريت فاكهة فأهد له ، وإن لم تفعل فأدخلها سرا ولا تخرج بها ولدك ليغيظ بها ولده Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Qo‘shnining qo‘shni zimmasidagi haqlari nimadan iborat ya Rosulullohdeb so‘rashdi. U zot : “Agar sendan qarz so‘rasa, qarz berasan, yordam so‘rasa, yordam berasan. Bemor bo‘lsa, ziyorat qilasan. Muhtoj bo‘lsa, berasan, faqirlik ko‘rsa, qo‘llaysan. Unga yaxshilik etsa, qutlaysan, musibat etsa tasalliy berasan, vafot topsa janozasiga qatnashasan. Uning iznisiz uyidan shamolni to‘sadigan darajada uyingni baland qilmaysan, unga nasiba ajratmasang qozoningdan chiqadigan hid bilan ozor bermaysan, meva sotib olsang unga ham hadya chiqar, agar chiqarmasang uyinga bildirmay olib kir. Bolasi g‘azablanmasligi uchun meva bilan bolangni tashqariga chiqarma” dedilar. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:06 | Savol-javoblar | 147 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar