Ota-o‘g‘il munosabatlari

Assalomu alaykum! Mening yaqin qarindoshim, ammamning o‘g‘li mana ikki oy bo‘ldi otasi bilan arazlashib gaplashmay yurishipti. O‘g‘il birga yashayotgan uylaridan chiqib qo‘shni  podezdga ammasini uyiga oilasi bilan ko‘chib o‘tgan. To‘g‘ri pochchamizning xarakteri og‘ir, lekin muqaddas dinimizda eng yomon otaga ham eng yaxshi muomilada bo‘lishga buyurilgan. O‘g‘il besh vaqt bo‘lmasada oldimizdagi masjidga jamoat namoziga qatnashadi, silai rahm qiluvchi. Men ularning birinchi qavatida salkam ikki oydan buyon ishlayman. Shunday qo‘l qovushtirib, indamay turishga vijdonim yo‘l qo‘ymayapti. Maslahatinglarga muxtojman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Islomda musulmon kishining o‘zi to‘g‘ri yo‘ldan yurib, zararli narsalardan chetda turib, faqat o‘zini-o‘zi tuzatish bilan ovora bo‘lib qolishiga «yaxshilik» deb qaralmaydi. Balki haqiqiy musulmon odamlar orasida ham isloh ishlarini olib borishi zarur. Odamlar orasini isloh qilish musulmonchilikning asosiy g‘oyalaridan biridir. Chunki ikki shaxs orasidagi adovat borib-borib ikki taraf orasidagi adovatga aylanishi turgan gap. Ko‘pchilik xalqlar o‘zaro kelishmovchilik natijasida bir necha jamoalarga bo‘linib ketadi, ular orasida kelishmovchilik avj olib, hatto behuda qon to‘kilishiga ham sabab bo‘ladi. Odamlar orasini isloh qilish oliy darajadagi insoniy sifatlardan bo‘lib, bu narsa faqat pok qalblardan chiqadi. Odamlarning orasini tuzatish har bir jamiyatga ko‘p yaxshilik va manfaatlar keltiradi, uning a’zolarini jipslashtiradi. Shuning uchun ham Alloh taolo O‘z Kitobida bandalarini mo‘minlar orasini isloh qilishga buyurgan:إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ«Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringizning o‘rtasini isloh qiling va Allohga taqvo qiling, shoyadki rahm qilinsangiz» (Hujurot surasi, 10-oyat).Qur’on shuningdek, er-xotin orasini isloh qilishga ham chaqirgan:وَإِنْ خِفْتُمْ شِقَاقَ بَيْنِهِمَا فَابْعَثُواْ حَكَمًا مِّنْ أَهْلِهِ وَحَكَمًا مِّنْ أَهْلِهَا إِن يُرِيدَا إِصْلاَحًا يُوَفِّقِ اللّهُ بَيْنَهُمَا إِنَّ اللّهَ كَانَ عَلِيمًا خَبِيرًا«Agar ikkovlarining oralari buzilishidan qo‘rqsangiz, u(er)ning ahlidan bir hakam va bu (xotin)ning ahlidan bir hakam yuboring. Agar ular islohni iroda qilsalar, Alloh u(er-xotin)larning orasini muvofiqlashtirur. Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta xabardordir»(Niso surasi, 35-oyat).Alloh taolo odamlar orasini isloh qilishdek ulug‘ ish uchun beriladigan savobni bayon qilib shunday deydi:لاَّ خَيْرَ فِي كَثِيرٍ مِّن نَّجْوَاهُمْ إِلاَّ مَنْ أَمَرَ بِصَدَقَةٍ أَوْ مَعْرُوفٍ أَوْ إِصْلاَحٍ بَيْنَ النَّاسِ وَمَن يَفْعَلْ ذَلِكَ ابْتَغَاء مَرْضَاتِ اللّهِ فَسَوْفَ نُؤْتِيهِ أَجْرًا عَظِيمًا«Ularning ko‘plab maxfiy suhbatlarida yaxshilik yo‘q, sadaqaga, ma’rufga va odamlar orasida islohga buyurgan kishigina bundan mustasno. Kim buni Allohning roziligi uchun qilsa, albatta, unga buyuk ajr berurmiz»(Niso surasi, 114-oyat). “Iymon” kitobidan. Vallohu a’lam!

30 May 2022, 14:45 | Savol-javoblar | 179 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar