Me’roj / Meroj kechasiga imon va unga taaluqli savol

Assalamu aleykum.Bu mavzu yoki savol allaqachon ko‘tarilgan yoki berilgan bo‘lishi mumkin. Agar bilsangiz linkini berib yuboringlar birodarlar.Savol:1. Me‘roj kechasiga imon keltirish hukmi Ahli Sunna val Jamoa aqidasiga ko‘ra nima?2. Meroj kechasi Payg‘ambarimiz (sav) Alloh taoloning jamolini ko‘rishga muyassar bo‘lishganmi?Agar savol berishimda nuqsonlik bo‘lsa uzr so‘rayman, maslahatlarni mamnuniyat bilan qabul qilaman.Oldindan tashakkur bildiraman.hurshid.Assalamu aleykum va rohmatulloh.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
ME’ROJ VA ISROGA IYMON42. Va me’roj haqdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan kechasi isro qilingan va shaxslari bilan osmonga, me’rojga chiqilgan. So‘ngra, Alloh xohlaganicha yuqori chiqilgan. Alloh u kishini O‘zi xohlagan narsa ila ikrom qilgan va u kishiga vahiy qilgan narsasini vahiy qilgan. «Qalb ko‘rgan narsasini inkor qilmadi» (Najm: 11) Bu dunyoyu oxiratda u kishiga Allohning salovatu salomlari bo‘lsin. Sharh: «Me’roj» yuqoriga chiqish asbobi, degani bo‘lib, xuddi narvon o‘rnidagi narsa. Lekin u qandoq narsa ekanini bilib bo‘lmaydi. Uning hukmi ham boshqa g‘aybiy narsalar hukmiga o‘xshashdir. Unga iymon keltiramiz, lekin kayfiyati bilan mashg‘ul bo‘lmaymiz. Ushbu joyda esa, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning uyg‘oq hollarida jism va ruhlari ila osmonlarga, so‘ngra Alloh xohlagan joygacha ko‘tarilishlaridir. Ushbuning haqligiga iymon keltiramiz. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblari, ko‘zlari ko‘rgan narsani inkor qilmadi. Balki, tasdiqladi va ziyoda qilib bo‘lmaydigan ravishda komil ishonch ila ishondi.Isro Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning jasadlari bilan, uyg‘oqliklarida bo‘lganiga dalil: «Bandasini kechasida Masjidul Haromdan Masjidul Aqsoga isro qildirgan zot pok bo‘ldi» (Isro: 1) oyati. Chunki, banda jasad va ruhning majmuasidan iboratdir. Xuddi inson lafzi jism va ruhning mujmuasiga ism bo‘lganidek. Gap aytilishi bilan shu ma’no tushiniladi va shu to‘g‘ridir. Isro ham ushbu majmua ila bo‘lgan. Buning bo‘lishiga aql jihatidan mone’lik yo‘q. Agar insonning ko‘tarilishi mumkin emasligi joiz bo‘lsa, farishtalarning tushishi mumkin emasligi joiz bo‘ladi. Bu esa, payg‘ambarlikni inkor qilishga olib boradi. Bu o‘z navbatida kufrdir. Agar, avval Baytul Maqdisga isro qilishning hikmati nima, deyilsa: Javob shulki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning me’rojni da’vo qilganliklarida rostgo‘y ekanliklarini izhor qilish uchundir. Chunki, qurrayshliklar u zot sollallohu alayhi vasallamdan Baytul Maqdisni sifatlab berishni talab qilishganida, ularga vasf qilib berdilar va ularga o‘z yo‘llarida, oldilaridan o‘tgan karvonlarining xabarini ham berdilar. Agar to‘g‘ridan to‘g‘ri Makkadan osmonga chiqqanlarida bu ish bo‘lmas edi. Chunki, osmondagi narsalardan xabar bersalar, ular ko‘rmagan narsaning xabarini bergan bo‘lar edilar. Baytul Maqdisni esa, qurayshliklar oldin ko‘rgan edilar, shuning uchun uni ko‘rmagan Muhammad sollallohu alayhi vasallam vasf qilib berishlari mo‘’jiza o‘rnida bo‘ldi. Ikkinchi dalil: «Va darhaqiqat, uni boshqa safar (yana) tugash daraxti oldida ko‘rdi. U(daraxt)ning huzurida Ma’vo jannati bor. Qarasa, u daraxtni o‘raydigan narsa o‘rab turibdi. Nigohi burilmadi ham, haddidan oshmadi ham. Darhaqiqat, u o‘z Robbisining ulkan belgilarini ko‘rdi». (Najm: 13-18) Albatta, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Jibroilning tugash daraxti oldida ko‘rishlari faqat o‘sha daraxt oldiga va jannati Ma’voga etishlaridan keyingina bo‘lishi mumkin. Ushbu oyatlardagi «ulkan belgilar»dan murod Alloh taolo Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Bani Isroil surasi avvalida «Unga oyat-belgilarimizdan ko‘rsatishimiz uchun», (al-Isro: 1) deb va’da qilgan belgilardir. Ushbu oliy safarning boshlanishi Bani Isroil surasining boshida sobit bo‘lgan bo‘lsa, nihoyasi Van Najm surasining so‘ngida sobit bo‘ldi. Shuningdek, me’rojning haqligiga, uyg‘oqlikda ruh va jasad ila bo‘lganligiga, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning har bir osmonda payg‘ambarlar bilan uchrashganlariga dalolat qiluvchi, ko‘plab hadislar ham kelgandir. Bu hadislar shu darajada ko‘p va kuchliki, ularni faqat johilgina yoki o‘zini johillikka soluvchigina inkor qilishi mumkin.- «Sharhi kitobi al-Fiqhil al-Akbar» nomli kitobda Mullo Ali Qori rahmatullohi alayhi:«Ahli Sunna va jamoaning ijmo’i shulki, U zot taoloni bu dunyoda ko‘z bilan ko‘rish aqlan joizdir va oxiratdagisi naqlan va sam’an sobit va voqe’dir. Bu dunyoda shar’an joizligi haqida ixtilof qildilar. Ko‘pchilik uni sobit dedilar. Boshqalar inkor qildilar. So‘ngra uni bu dunyoda sobit deganlar voqe’ bo‘lishini u zot sollallohu alayhi va sallamga Isro kechasida xos bo‘lgan dedilar. Bu esa ulamolar va avliyolar o‘rtasidagi xilofli masaladir.To‘g‘risi, u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘z Robbilarini qalblari bilan ko‘rganlari, ko‘zlari bilan emas. Bu «Sharhi aqoid» va boshqa kitoblarda zikr qilingan», degan.(Mana shu qavl Abdulloh ibn Abbos va boshqalarning qavlidir).
20 Aprel 2022, 20:06 | Savol-javoblar | 52 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar