Do‘stlarga nasihat qilish

Assalomu alaykum! Bizni o‘qishda kursdoshlarim bilan birga o‘tirganimizada ba’zi vaqtlarda noma’qul gaplar gapirshadi, dinga to‘g‘ri kelmaydigan gaplar, bir xillarida uyin qilib «yahudiylar ikki elka qorin va og‘ziga qo‘lini tekkazib, krestni ko‘rsatishadi» shunday qilishadi, shunda jahlim chiqadi. Musulmon bo‘lib, savodsizligidan qilib yurgan narsaligiga. Gapiray desam «Terroristmisan» deganday qilishadi gapirgim kelmaydi. Shu kabi holatlarda nima qilsak bo‘ladi? Ya’ni biz ularni eshitsak gunoh emasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh bizlarni bunday vaqtlarda unday joylarda o‘tirmay ketishga buyuradi. Alloh taolo “An’om” surasida marhamat qiladi: وَإِذَا رَأَيْتَ الَّذِينَ يَخُوضُونَ فِي آيَاتِنَا فَأَعْرِضْ عَنْهُمْ حَتَّى يَخُوضُواْ فِي حَدِيثٍ غَيْرِهِ وَإِمَّا يُنسِيَنَّكَ الشَّيْطَانُ فَلاَ تَقْعُدْ بَعْدَ الذِّكْرَى مَعَ الْقَوْمِ الظَّالِمِينَ۝ 68. Oyatlarimizni (istehzo qilishga) sho‘ng‘iyotganlarni ko‘rgan chog‘ingda, to undan boshqa gapga sho‘ng‘igunlariga qadar ulardan yuz o‘gir. Agar shayton esingdan chiqargan bo‘lsa, eslaganingdan so‘ng zolim qavmlar bilan o‘tirma! Iymon masalasida zid bo‘lgan qavm bilan birga o‘tirish, uns-ulfat topish oson ish emas. Ayniqsa, o‘sha kofirlar majlisda Allohning oyatlarini masxara qilayotgan bo‘lsalar, ularning bu istehzolarini tinglab o‘tirish hech to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun ham Alloh taolo O‘z Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning «zolim qavmlar» – mushriklarning o‘shanday majlislarida o‘tirishlarini man qilmoqda. «Oyatlarimizni (istehzo qilishga) sho‘ng‘iyotganlarni ko‘rgan chog‘ingda, to undan boshqa gapga sho‘ng‘igunlariga qadar ulardan yuz o‘gir». Demak, unday qavm qurgan majlisga yaqinlashish ham mutlaqo mumkin emas. Agar gap nima haqida ketayotganidan bexabar holda yoki ushbu amri ilohiyni unutib qo‘yib, ular bilan o‘tirib qolingan bo‘lsa, «Agar shayton esingdan chiqargan bo‘lsa, eslaganingdan so‘ng zolim qavmlar bilan o‘tirma!» degan ko‘rsatmaga binoan, u majlisdan darhol turib ketish lozim. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Ushbu oyatdan kufrga dalolat qiladigan majlislarda o‘tirganda ularni ogohlantirish, agar qabul qilmasalar boshqa gapga o‘tgunicha ularni tark qilish kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam!
28 Aprel 2022, 17:32 | Savol-javoblar | 116 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar