Istig‘for va kasallik

Assalomu alaykum! Ota-ona tirik bo‘lsa ham ular uchun istig‘for aytsa bo‘ladimi?
Menda sariq kasalligi bor. Ko‘p o‘tirib tursam jigarim ishib ketadi. Qazo namozlarini o‘tirib o‘qisam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ularning haqqiga doim duo qilish kerak. Alloh taolo “Isro” surasida marhamat qiladi:  وَاخْفِضْ لَهُمَا جَنَاحَ الذُّلِّ مِنَ الرَّحْمَةِ وَقُل رَّبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا۝ 24. Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va: «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», – deb ayt. Farzand ota-onaning huzurida o‘zini qanchalik xokisor tutsa, shunchalik yaxshi. U butun mehrini xokisorlik ila ota-onasiga poyandoz qilsa ham oz. Shu bilan birga, doimo ularga Alloh taolodan rahm-shafqat tilab, duo qilib turishi lozim. Ota-onani hurmatlash, e’zozlash masalasida hech bir tuzum yoki tarbiya vositasi Islomga teng ham, yaqin ham kela olmaydi. Ota-onaning hurmati, farzand ustidagi haqqi to‘g‘risidagi oyatlar va hadislar bu borada dunyo tarixida misli ko‘rilmagan oliymaqom narsalar ekani ma’lum va mashhurdir. Xususan, bu oyat va hadislarni, ilohiy ko‘rsatmalar va islomiy hikmatlarni hayotga tatbiq qilgan musulmonlarning ota-onalariga ko‘rsatgan yuksak ehtiromlari va fidoyiliklariga tarix shohiddir. Hofiz Abu Bakr Bazzor Burayda roziyallohu anhudan, u kishi o‘z otalaridan qilgan rivoyatda quyidagilar keltiriladi: «Bir odam ziyoratda onasini ko‘tarib yurib, tavof qildirayotgan ekan. U Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: – Onamning haqqini ado qildimmi? – deb so‘rabdi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: – Yo‘q, bir oh tortishining haqqini ham ado qilganing yo‘q, – degan ekanlar». ("Tafsiri Hilol" kitobidan). 2). Holatga qarab o‘qiyvering. Tik turishga qodir bo‘lagingizcha tik turing, charchoq sezsangiz o‘tirib o‘qing. Sunnatlarini o‘tirib o‘qiyvering. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 17:54 | Savol-javoblar | 182 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar