Rasululloh savga solavot aytish haqida


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
U zotga solavot aytish haqida Alloh subhanahu va taolo «Ahzob» surasida:
«Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salovot ayturlar. Ey iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring», degan (56-oyat).
Ushbu oyati karima Payg‘ambarimiz Mu-hammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning qadr-qimmatlari Alloh taoloning huzurida qanchalar ulug‘ ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Boshqa birov emas, Alloh tao-loning O‘zi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishi ta’kidlanmoqda. 
Arab tilida «salovot» so‘zi «salot»ning jami bo‘lib, duo ma’nosini anglatadi. Arabchada namoz ham «salot» deyiladi. Chunki namozda ham duo ma’nosi bor. 
Ammo «salot» Alloh taolo tomonidan bo‘lganida «duo» ma’nosini yo‘qotadi. Alloh taoloning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishining ma’nosi u zot sollallohu alayhi vasallamga O‘z rahmatini yuborishi, ulug‘lashi, maqomlarini ko‘tarishi va farishtalar huzurida sha’nlariga maqtovlar aytishini anglatadi.
Farishtalarning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishlari u zoti bobarakot haqlariga duo qilishlari, istig‘for aytishlari ma’nosida bo‘ladi. 
Mo‘min-musulmonlarning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishlari esa, ular tomonidan bo‘lgan duo va ulug‘lash ma’nosidadir.
Demak, Alloh taolo doimo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga O‘z rahmatini yuborib, u zot sollallohu alayhi vasallamdan rozi ekanini bildirib, u zot sollallohu alayhi vasallamga maqtovlar aytib turar ekan.
Farishtalar ham u zot sollallohu alayhi vasallamga Allohdan rahmat, salomatlik, rozilik so‘rab, duo qilib turishar ekan.
Oyati karimada ta’kidli xabardan ke-yin mo‘minlarga:
«Ey iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring», deb amr qilinmoqda.
Bu amrga binoan har bir mo‘min uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytish va salom yuborish farz bo‘lib qoladi. Bu xususdagi bahslarda ulamolarimiz umrda bir marta yoki har bir majlisda bir marta yoki u zot sollallohu alayhi vasallamning nomlari har zikr qilinganida bir marta salovot aytish kerak, deganlar.
Amalda esa, oxirgisi–har nomlari zikr qilinganida salovot aytish urf bo‘lgan. Alloh taolo Qur’oni Karimda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishni amr qilgan ekan, bu salovot qanday qilib aytiladi, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Jumladan, xuddi shu savol ushbu oyat nozil bo‘lganidan keyinoq sahobai kiromlarda paydo bo‘lgan.
Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytiladiki: 
«Bir odam: «Ey Allohning Rasuli, sizga salom berishni-ku bilamiz, ammo salovot aytish qanday bo‘ladi?» dedi. 
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: 
«Allohumma solli ’ala Muhammadin va ’ala oli Muhammadin, kama sollayta ’ala Ibrohiyma va ’ala oli Ibrohiym. Innaka hamiydum-majiyd. Allohumma barik ’ala Muhammadin va ’ala oli Muhammadin, kama barokta ’ala Ibrohiyma va ’ala oli Ibrohiym. Innaka hamiydum-majiyd», deb ayt», dedilar.
Boshqa hadislarda ham bir oz farqli siyg‘alar kelgan. Shundan ko‘rinib turibdiki, bir xil siyg‘ada salovot aytish shart emas. Turli siyg‘ada aytsa ham bo‘laveradi. Eng muhimi, aytish kerak.
Ba’zi kishilarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Alloh taoloning O‘zi salovot aytib tursa, Uning farishtalari salovot aytib tursa, mo‘minlarning salovotiga nima hojat bor, degan savol paydo bo‘lishi mumkin.
Bu muhtamal savolga javob shuki: Pay-g‘ambar sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlar salovotiga ehtiyojlari yo‘q. Balki mo‘minlar u zotga salovot aytishga muhtojdirlar. Ular ushbu salovotlari ila Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ulug‘lab, savob oladilar. Duolari qabul bo‘ladi. Murodlariga etadilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom ibn Mojalar rivoyat qilgan hadisda Omir ibn Robi’aning otalari quyidagilarni aytadilar: 
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: «Kim menga salovot aytsa, farishtalar unga ham menga aytgan salovotining barobarida salovot aytib turadilar. Banda salovotni xohlasa, oz aytsin, xohlasa ko‘p», deganlarini eshitdim».
Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kim menga bir marta salovot aytsa, Alloh unga o‘n marta salovot aytadi», deganlar.
Qur’on tilovati va Allohning zikridan keyin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytish eng savobli ishlardan hisoblanadi. Chunki bu narsa Alloh tao-loning amri. Shuning uchun ham namozning tashahhudida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytiladi. 
Imom Shofi’iy: «Tashahhudda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytilmasa, namoz namoz bo‘lmaydi», deganlar.
Imom Nasaiy va imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda Abu Tolha roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar: 
«Bir kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yuzlaridan quvonch balqigan holda keldilar. Biz: 
«Yuzingizda quvonch ko‘rmoqdamiz!» dedik. 
U zot sollallohu alayhi vasallam: 
«Chunki huzurimga farishta kelib: «Ey Muhammad, albatta, Robbing ayturki: «Kim senga salovot aytsa, albatta, Men unga o‘n marta salovot aytishim, kim senga salom aytsa, Men unga o‘n marta salom aytishim seni rozi qilmaydimi?» dedi», deb xabar berdilar».
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: 
«Qiyomat kuni menga eng yaqin kishilar, albatta, menga ko‘p salovot aytganlardir», deganlar.
Ushbu ma’nodagi hadisi shariflar juda ham ko‘pdir. Asrlar davomida musulmonlar ushbu oyat va hadislarga chin ixlos bilan amal qilib kelmoqdalar. Namozlarida o‘z Payg‘ambarlari sollallohu alayhi vasallamga salovot aytmoqdalar. U zoti bobarakotning nomi-shariflari zikr etilishi bilan salovot aytishga shoshiladilar. Ahli solih kishilarning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishdan iborat kundalik vazifalari ham bor.
Aksincha, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning nomlari zikr qilinsa-yu, u zotga salovot aytilmasa, bu musulmonlarning nadomatga yo‘liqishlariga sabab bo‘ladi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari Imom Termiziy va Imom Nasaiylar rivoyat qilgan hadisda: 
«Kimning huzurida men zikr qilinsam-u, u menga salovot aytmasa, o‘sha odam baxildir», deganlar.  

28 Aprel 2022, 18:05 | Savol-javoblar | 163 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar