Frantsiyadagi ishlar

7-yanvar kuni Frantsiyada ikki qurollangan shaxs Charlie Xebdo ismli karikaturachini va yana 10 yoki 11 kishini otib tashlanganini xabarlarda ko‘rdim. Charlie Xebdo ismli karikaturachi Muhammad alayhissalom Payg‘ambarimizni rasmini chizganini ham ko‘rdim. Savolim: Jonini havf ostiga qo‘yib, o‘sha karikaturachini o‘ldirgan kishini Allohning huzurida hukmi qanday bo‘lishi mumkin? Axir Islomda va Muhammad alayhissalom haqida karikatura qilish bu katta gunohku?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Sizga o‘zimga hozirgina kelgan bir maktubdan parcha yuboraman. Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu, Muhtaram Hazrat! Fisqu-fujur xabarlarni masxaraomuz suratlar ko‘rinishida chop qilishni o‘ziga kasb etgan Sharli Ebdo jurnali ilgariroq Xara Kiri nomi ostida faoliyat yuritganida ham faqat kishilarni va hodisalarni masxara qilib kelgan. Ko‘pincha karikatura deb nomlanuvchi bu masxara suratlar yalang‘och kishilar, jinsiy a’zolar va yoki jinsiy yaqinlik ko‘rinishida ifodalangan sonlari juda ko‘p bo‘lgan ekan. Xara Kiri nomi ostida ham bir badbaxtlik oshyoni sifatida, bu jurnal har bir hodisa talqiniga ko‘pincha tirik yalang‘och fotosuratlarni masxaraomuz va haqoratomuz shakllarda chop etgan. Misol uchun, episkoplarni qo‘lida xoch tutgan va avratini ko‘rsatib turgan ayoltabiat yigit ko‘rinishida. Keyinchalik, Sharli Ebdo nomiga o‘zgartirilgan bu jurnal, juda ko‘p martalab insonga xos bo‘lmagan ishlarni inson huquqlarini himoya qilish ishlari “cho‘qqisiga chiqarilgan” bir yurtda amalga oshirib kelgan. Jumladan, yalang‘och shaklda tasvirlangan ayol suratini muslimalarga nisbat berish, nasorolar aqiydasidagi “xudo-ota”, “xudo-o‘g‘il” va “ruh” larning inson shaklini chizib, ularni aytib bo‘lmaydigan darajada fahshda mashg‘ul ko‘rinishida ham tasvirlagan. O‘sha avvalgi suratlarning bir qanchasini hozirgi oxirgi chiqqan sondagi haqoratomuz masxara-karikaturaning muallifi ham chizgan. “So‘z erkinligi himoyasi” deyilayotgan bir cho‘pchak-avrash ortida insonning eng muqaddas hissiyotlarini poymol qilishga aqli zaif bir qancha rahbarlar ham kirishib ketmoqda, buning oqibatida va shuning niqobi ostida Islomga qarshi katta harakat junbishga keltirilmoqda. Ketidan esa musulmonlarga bosh ko‘tarishga ham imkon qoldirmaslik darajasida katta bir xurujga yo‘l ochilishi tayin. Shuning uchun “so‘z erkinligi” qurolini o‘sha qurolni qo‘llayotganlarga qarshi musulmonlar ham qo‘llasa yaxshi bo‘lar edi, degan fikr meni ushbu satrlarni yozishga undadi. "Biz payg‘ambarlarni ajratmaymiz, jumladan, Muso, Iyso, Muhammad alayhissalomlar insoniyatning bir joydan olingan gavharlaridir - bir makon va zamon Egasining rasullaridir" ma’nosidagi shior ostida Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ushbu oyda ko‘proq tanitish, u kishining hayotlrito‘g‘risida imkon qadar qisqa va ixcham matnlarni yoyish, ayniqsa u kishi alayhissalomning o‘z vaqtida boshqa din vakillariga nisbatan qo‘llagan misli ko‘rilmagan hukmlari va tasarruflarini ko‘plab misol keltirish, yaxshi samara keltirishiga umid bo‘lsa kerak.

26 May 2022, 17:26 | Savol-javoblar | 158 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar