Qalbimdagi yomon hayollar

Qalbimdan shunday hayollar o‘tadiki, agar tilimga chiqib ketsa, kofir bo‘lib qolaman. Shu hayollarga qarshi dalillar qidirib qiynalib ketdim. Bu hayollar namozimdayam kelyapti. Iltimos yordam bering.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Bu gap juda ko‘p takrorlangan. Deyarli ibodatga yangi kirgan har bir odamning boshida bor. Yaqinda ham shunga o‘xshash bir savolga batafsil javob berdim. Har kimga alohida javob berishga vaqtim va imkonim yo‘q. O‘zlaringiz izlab topinglar. Hozir izlash bo‘limiga kirib "ayni iymon"ni yozdim va quyidagi ma’lumot birinchi bo‘lib chiqdi. Boshqalari qator- qator turibdi. Birinchisini taqdim qilaman: Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vasvasa haqida savol berildi. «U ayni iymondir», dedilar». Muslim rivoyat qilgan. Ushbu hadisi sharifning ma’nosi, boshqacha qilib aytganimizda «Vasvasa ayni iymondir» bo‘ladi. Bu qanaqasi? Axir vasvasa shaytondan, iymon Rahmondan-ku! Vasvasa iymonning kushandasi-ku! U qandoq qilib, ayni iymon bo‘lishi mumkin? Bu gap, olov suvdir, deganga o‘xshamaydimi? Ushbu hadisi sharif bilan dastlab tanishgan odamda shunga o‘xshash savollar paydo bo‘lishi mumkin. Ammo, kaminada bu savollar paydo bo‘lmadi. Chunki, ushbu satrlar yozilishidan yigirma bir yil oldin o‘tgan tajriba bu ma’noni tushunishga yordam berdi. Umumjahon Islomga chaqirish kulliyasiga yangi o‘qishga kelgan paytim edi. Birdan qalbga vasvasa tushib, bo‘lmag‘ur fikrlar xayolga o‘ralashib qoldi. Dunyo ko‘zimga tor ko‘rinib, hech narsa tatimaydi. Birovga aytishning iloji ham yo‘q. Bu holat bir necha kun davom etdi. Siqilish, tashvish yuqori cho‘qqisiga etdi. Ana shunday og‘ir damda ko‘zim Hakim Termiziyning arab tilidagi «Muridlar odobi» kitobiga tushdi. Muallifi Termiziy bo‘lgani uchun, o‘z vatandoshimiz ekan, deb kitob do‘konidan xarid qiluvdim. Kitobni qo‘lga oldim. To‘g‘ri kelgan joyini ochib o‘qiy boshladim. Vasvasa haqida gap borar edi. «Murid qalbiga vasvasa tushsa, yaxshilik alomati, deb bilsin. Chunki shayton uni yo‘qlab qolibdi. Odatda, shayton obod bo‘layotgan qalblarni vasvasa qilishga urinadi. Xaroba qalb¬lar shundoq ham uning mulki hisoblanadi, ovora bo‘lib ularni vasvasa qilib ham o‘tirmaydi. Shayton obod qalblarni xaroba qilish umidida ularga vasvasa qiladi. Urinib-urinib, niyatiga erisha olmagach, tashlab ketadi», deyilgan edi. Qalbimga «yalt» etib yorug‘lik tushdi. Xursand bo‘lib ketdim. Oriz bo‘lgan narsa, vasvasa ekanini tushundim. Uning nima uchun bo‘layotganini ham angladim. Mana bugun esa, Allohga beadad shukrlar bo‘lsin, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vasvasa haqida «U ayni iymondir», deb aytgan hadislarini hech qiyinchiliksiz tushunib turibman. Demak, kishi vaqtida anglab etib, Alloh taolodan darhol panoh so‘rasa, qalbiga tushgan vasvasa unga zarar etkaza olmas ekan. Bu esa aqiydaviy, ruhiy-ma’naviy sog‘lomlik uchun nihoyatda zarurdir.

26 May 2022, 17:41 | Savol-javoblar | 185 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar