«Alboniy sahih degan» iborasini ishlatish mumkinmi?

Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamning merosxo‘rlaridan bo‘lmish hurmatli Ustoz! Alloh taolo dinga qo‘shayotgan bebaho xizmatlaringizni O‘zi ko‘plab ajrlar bilan mukofotlasin! Biz yosh ilmi toliblar sizning ilm bulog‘ingizdan ko‘p yillar bahramand bo‘lishlikni nasib qilsin! Alloh taoloning bildirganicha va Siz muhtaram ustozning tavsiya qilgan kitoblaringizni o‘qib, bemazhablik qanchalar zalolat ekanligini bilib oldik. Bemazhablar qilayotgan iddaolarni yaxshilab o‘qigan inson ularning mazhab tutganlarga nisbatan tuhmat, bo‘hton, to‘qima gaplarni tarqatayotganlarini bilib oladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, bu ilmko‘rlarning («nonko‘r» so‘zini buzdim. Meni kechiring, ustoz! Bundan boshqa muloyimroq so‘z topa olmadim) o‘zbek tiliga tarjima qilingan kitoblari, veb sahifalari diniy ilmlardan unchalik bilimi yo‘q, omi insonlarning boshini garang, parishon qilyapti. Ehtimol, men aytmoqchi bo‘lgan narsa unchalik muhim emasdir, lekin men bu mavzuga e’tibor qilish kerak, deb o‘yladim. Ularning kitoblarida va veb sahifalarida keltirilgan hadislarning tagiga «shayx Alboniy sahih degan» yoki o‘sha kishi «zaif degan» kabi iboralarni keltirishadi. Man shayx Alboniy va u kishining ilmi haqida haqida biror noo‘rin so‘z aytishdan tiyilaman. Chunki bunday narsalarni olim kishilar gapirishi lozim deb bilaman. Zero bu hadislarning darajalarini bir necha asr oldin muhaddis ulamolarimiz belgilab, ilmiy meros sifatida qoldirib ketganlar. Endi o‘sha hadislarni bizga qoldirib ketgan ulamolarning gapi qolib, bir kishining gapi yozilishi boshqa muhaddislarga nisbatan hurmatsizlik emasmi axir? Siz ustozning kitoblaringizda biror hadis kelsa, kimlar tomonidan rivoyat qilinganligi aniq-tiniq qilib yozilgan. Bu ham bir omonatdorlik bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Ustoz, biror hadisning kim tomonidan rivoyat qilinganini bilmagan holatda o‘sha hadisni aytish yaxshimi? Hadisning kimlar tomonidan rivoyat qilinganini aniq bila turib, biror bir roviysini aytmaslik qanday bo‘ladi? Bu borada mazhab ulamolarimiz biror kitob yozganmilar? Sizni har xil savollar bilan bezovta qilayotganim uchun ma’zur tuting. Vaqtingizni olganim uchun uzr so‘rayman! Alloh taolodan sizga va ahli oilangizga ofiyatni so‘rab duo qilib qolguvchi muxlisingiz Jahongirxon!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Muhtaram Jahongirxon! Maktubingiz uchun tashakkur. Alloh taologa shukrlar bo‘lsin, sizga o‘xshagan kishilarimiz ko‘p va kundan kunga ko‘payib borishmoqda. Kitoblarni va saytdagi ma’lumotlarni o‘rganib, o‘zini o‘nglab olayotganlar ham davomli ravishda ko‘payib bormoqdalar. Yaqinda bir imom domla bilan ko‘rishganimizda, tashakkur aytish asnosida «Kitoblaringiz va saytdagi ma’lumotlaringiz bizga juda qo‘l kelmoqda, avallari chet eldan turib faoliyat olib borayotgan saytlardan ko‘chirib olgan narsalarini ko‘zimizga tiqib, ta’na qilayotgan bemazhablar haqiqatqni anglab, bizga uzr aytishmoqda», dedilar. Bunga o‘xshash gaplar juda ko‘p. Hozirgi paytda bemazhablikning gapini tarqatayotganlar – mazhab haqida kerakli ma’lumotni olmay, birdaniga bemazhablarning ta’limini olganlardir. O‘qishni bitirganlaridan keyin homiylari ularga sayt ochib, boshqa imkonlar ham taqdim qilganlar. Shuning uchun ular o‘z homiylarining aytganini qilishdan boshqa ish qila olmaydilar. Ana o‘sha ishlardan biri har bir hadisga Alboniyning bahosini berishdir. Ular fiqhiy mazhablar va ularning imomlarini inkor qilishlariga hadis ilmining imomlarini ham inkor qilishlarini qo‘shdilar. Bu bilan ular hadis ilmining asoslarini ham inkor qilib, barcha narsani sanadi ham, ustozi ham, ilmiy darajasi ham ma’lum bo‘lmagan bir shaxsga bog‘lab qo‘yishmoqda. Shuning uchun ham, sizga o‘xshagan mulohazali kishilar ularning bu safsatalarini darhol anglab olmoqdalar. Alloh taolo shu yo‘l bilan ham mazhabni tutgan bandalariga yordam bermoqda. Albatta, hadisning roviylarini yaxshilab o‘rganish juda muhimdir. Isnod – mo‘min-musulmon ummatning faziylatli xususiyatlaridan biridir. Ushbu ummatdan boshqa ummatlarga va undan oldin o‘tgan ummatlarga bu narsa berilmagandir. Isnod o‘ta muhim, ta’kidlangan sunnatdir. Har bir musulmon biror hadisni va xabarni naql qilish uchun albatta isnodga suyanmog‘i lozimdir. Ibn Muborak «Isnod dindandir. Agar isnod bo‘lmasa, kim nimani xohlasa gapiraverar edi», degan. Sufyon Savriy «Isnod – mo‘minning silohidir», degan. Shunindek, isnodning oliy bo‘lishini talab qilmoq ham sunnatdir. Ahmad ibn Hanbal «Isnodning oliy bo‘lmog‘ini talab qilish o‘tgan salafi-solihlarimizdan qolgan sunnatdir», degan. Hadisni shayxlardan va mudarrislardan olmay, kitoblardan va sahifalardan olish katta muhaddislar inkor qilgan ishdir. Shuning uchun ham, katta imomlar ogohlantirib «Hadisni sahofiylardan olmanglar», deganlar. Ya’ni, hadisni kitobdan - sahifadan o‘rganganlardan olmanglar, deb aytganlar. Demak, katta muhaddis bo‘lib etishish uchun hadisning hamma taraflarini biladigan katta ustozlarning huzurida o‘qish, yodlash kerak va ularning ruxsatini olish kerak. Siz aytgan va bemazhablar barcha hadis ulamolarini inkor qilib, o‘zlariga «muhaddis» qilib olgan odam ana shunday o‘zini o‘zi saylab olgan odamdir. O‘sha kishining hadislarga oid gaplarida yo‘l qo‘ygan xatolari to‘planib kitob qilina boshlandi. Bu kitobning hajmi hozirgi kunda olti jilddan ortib qoldi. Hammamiz yaxshi bilishimiz lozim bo‘lgan bu kabi holatlar avvallari ham bo‘lgan. Ammo bu o‘tkinchi narsa. Ma’lum sabablarga ko‘ra vaqtincha davom etib turadi. Mazkur sabablar yo‘qolganda hamma narsa o‘z o‘rnini topadi.

26 May 2022, 18:11 | Savol-javoblar | 145 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar