Erning burchi

Assalomu alaykum! Sizlarga savol yollashimdan maqsad singlimning hayotiga befarq bo‘lolmadim. Singlimni turmushga berganimizdan buyon kuyov bola chet elda ishlaydi. 6-7oyda, ba’zan yilda bir kelib bir oy turib ketadi. Singlimni homiladorligi tugul farzandlarining birortasining tug‘ilganida oldida bo‘lmagan. Hash-pash deguncha 4 ta farzandli bo‘ldi. O‘g‘il qizlari bor Allohga shukur. Savolim shundan iboratki kuyovim singlim bilan tortishib qolsa oilasini umuman tashlab qo‘yadi. Farzandlariga qaramaydi singlimga achchiq qilib oylab gaplashmasdan yuraverishadi. Otalik burchini unutadi. Ayb singlimda bo‘lgan taqdirdayam ota farzandlariga qarashi, ularni ta’minlashi kerakmi yoki ayolini jazolab bollariniyam och nahor tashlab qo‘yishi kerakmi? Otalik burchi haqida erkaklarimizga nasihat qilishingizni iltimos qilib qolardim. Zora chet ellarda yurgan bizning ayrim "nomard" erkaklar oilasiga e’tiborini ajratib mehrini bersa.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! ERLARNING BURChI Islom shariatida er va xotin ahil, totuv, baxtli va farog‘atli hayot kechirish uchun bir-birlaridagi haqlarini yaxshi bilib olishni buyuradi va ularning bunga qat’iy amal qilishlari zarur bo‘ladi. Xotinning erdagi haqlari ko‘p bo‘lib, ayrimlarini keltiramiz:  Er xotiniga xushfe’lli bo‘lishi, u bilan yaxshi muomala qilishi, birga farovon hayot kechirishi, unga ozor etkazmasligi kerak. Chunki hadisda: «Sizlarning eng yaxshilaringiz xotinlariga yaxshi muomala qilganingizdir», deyilgan. Er ayolini qizg‘anishi (rashk qilishi), uning or-nomusini saqlashi darkor. Oqibati buzuq bo‘ladigan har qanday holga beparvo bo‘lmasligi kerak. Ammo yomon o‘y, talabchanlik va tergashda haddan oshish durust emas. Er xotinining oziq-ovqat, kiyim-kechak kabi ehtiyojlarini isrofga yo‘l qo‘ymagan holda, etarli ta’minlashi zarur. U bunga sarflagan xarjlari uchun ajr-savobga erishadi. Er xotiniga diniy masalalarni, shar’iy hukmlarni o‘rgatishi, ibodatga targ‘ib qilib turishi kerak. Er xotinining iffatini saqlashi, uni haromdan himoya qilishi kerak. Ayniqsa qo‘shilish chog‘ida xotinining xohishini inobatga olishi lozim. Er xotinini yaxshi ko‘rsa, uni hurmatlashi, qadrlashi, yomon ko‘rsa, zulm qilmasligi lozim. Istasa chidab yashasin, yoki yaxshilikcha ajrashsin. Ayolni faqat mardlar qadrlaydi, pastlar xorlaydi. Er ayoliga bola tarbiyasida yaqindan yordam beradi, bu sohada uning ishlarini engillashtiradi. Bolalarga iymon-e’tiqodni tushuntirish, kasb-hunar o‘rgatish, ularni jismonan chiniqtirish ko‘proq otalar zimmasida bo‘ladi. Tirikchilik va ro‘zg‘or tashvishlari xususida er ayoli bilan maslahatlashadi, bundan boshqa katta ish, mas’uliyatlarni ayoliga yuklamaydi. U ayoliga o‘zining qayg‘u-musibatlar va tashvishlarini, ishidagi ko‘ngilsizliklarni, zimmasidagi burchlarini aytib, dushmanlari haqida gapirib, uning oromini buzmaydi. Ayolining nomahram, begona erkaklar bilan birga o‘tirishiga, ular bilan yolg‘iz qolishiga, apoq-chapoq bo‘lib ketishiga befarq bo‘lmaydi. Er ayolining iznisiz safarga ketmaydi, uni uzoq vaqt hijronga solmaydi, ayoli bilan baxtli hayot kechirishayotgan bo‘lsa, ustiga uylanmaydi. Lekin hozirgi paytga kelib, erkaklar oilani boqish maqsadida turli o‘lkalarga ishlagani ketishyapti. Vatandosh mardikorlar orasida oila va nikoh munosabatlari ham izdan chiqmoqda. Ular oiladan uch-to‘rt yilga, ba’zan bundan ham ko‘proq muddatga uzilishmoqda. Har qanday shahvatini tiya olgan odam ham buncha uzoq muhlatga xotinsiz yura olmaydi. Ular borgan joylarida darrov buning “chorasi”ni topishga intilishadi. Agar bu narsa qonuniy nikoh yo‘li bilan hal qilinganida bu haqda yozib ham o‘tirmas edik. Ammo Rusiyada ishlab kelgan yigitlar hikoyasiga qaraganda, o‘zbek yigitlarining aksariyati rus ayollariga hech qanday nikohsiz, guvohlarsiz, mahrini ham bermay “uylanib” olishyaptiykan. Hatto xotinini ergashtirib ishga borgan bir-ikki mardikoralarni “Tulaga nega o‘z samovaring bilan kelding” deya “askiya” ham qilisharmish. Eng achinarlisi, mardikor yigitlarning ko‘pi bu ishlari zinodan boshqa narsa emasligini tushunmas ham emish. Yana bir muammo shuki, bunday vatandoshlar orasida vatanga, oilaga qaytishni butunlay “unutib” yuborgani ham talaygina. “To‘y qilamiz, uy quramiz, mashina olamiz” degan baland orzular bilan erlarining issiq o‘rnini sovutib, chet elga ishga jo‘natgan o‘zbek ayollari besh-olti yillardan buyon oilasiga oz-moz pul jo‘natish bilangina o‘zining borligini “eslatib” turgan erlari boshqa ayollar bilan to‘shakni baham ko‘rayotgani haqida o‘ylasharmikin? Ularning o‘zlari ne ahvolga tushishyapti? “Erlarimiz uyga qaytishni o‘ylamayapti, bu yoqda bolalar tarbiyasiz bo‘lib ketyapti, jo‘natgan puli ham kerak emas, tezroq uyga qaytarib beringlar” deya masjidlarga, mahalla fuqarolar yig‘iniga, huquq organlariga shikoyat qilib yurgan ayollar orzu-havaslarining nechog‘li qimmatga tushishi haqida boshda nega o‘ylashmadiykin? Axir ular ham tirik jon, Alloh yaratgan fitrati bilan erlarini sog‘inadi, bolalarining “dadamiz qachon keladilar” degan savoliga javob topolmay qiynaladi. Vodiy qishloqlaridan birida yashaydigan tanishimizning: “Qishloqda yigitlardan menu bir necha qartaygan chollargina qolganmiz, ko‘chadan o‘tgani yuragim bezillaydi, erlarini sog‘ingan ayollarning ko‘zlari badanimni teshib yuboray deydi” qabilidagi gaplari ham fojiani butun bo‘y-basti bilan oshkor qilib turibdi. Chet ellarda ishlayotgan yigitlar (ayollar ham) o‘zlari istashadimi-yo‘qmi, o‘sha joydagi xalqlarning mentalitetiyu ular turmushidagi zararli odat va qusurlarga taqlid qilishadi, ergashishadi. Ayniqsa, Rusiyada mardikorlik qilayotganlar orasida aroqxo‘rlik, bangivorlik, qimor o‘ynash, pichoqvozlik, fohishabozlik kabi illatlar tobora odat tusiga kirib boryapti. Bu esa yaxshi axloq va tarbiya ko‘rib o‘sgan musulmon yigitlarining vatanga bezori, piyonista, buzuqi va rasvo bo‘lib qaytishlarini “kafolatlaydi”. Biladigan kishilarning e’tirof qilishicha, Rusiyada ishlab qaytganlar ichida xotinini qizg‘anmaslik, har gap orasida aynib so‘kinish, birovlarning ozgina yutug‘ini ham ko‘rolmaslik, kattalarga behurmat bo‘lish kabi xalqimiz mentalitetiga yot qusurlar “yuqqan” kishilar ham ko‘p topiladi. Vallohu a’lam!

22 Aprel 2022, 21:14 | Savol-javoblar | 157 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar