Ibrohim ismli o‘g‘li

Assalomu alaykum! Payg‘ambarimiz sarvaru koinotni, Ibrohim ismli farzandlari bo‘lganmi? Men bir kitobda buni rad etilganini o‘qidim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ibrohim degan o‘g‘illari bo‘lgan. Bunga shak-shubha yo‘q. عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: دَخَلْنَا مَعَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَى أَبِي سَيْفٍ الْقَيْنِ، وَكَانَ ظِئْرًا لِإِبْرَاهِيمَ عَلَيْهِ السَّلَامُ، فَأَخَذَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِبْرَاهِيمَ فَقَبَّلَهُ وَشَمَّهُ، ثُمَّ دَخَلْنَا عَلَيْهِ بَعْدَ ذَلِكَ وَإِبْرَاهِيمُ يَجُودُ بِنَفْسِهِ، فَجَعَلَتْ عَيْنَا رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ تَذْرِفَانِ، فَقَالَ لَهُ عَبْدُ الرَّحْمَنِ بْنُ عَوْفٍ: وَأَنْتَ يَا رَسُولَ اللهِ؟ فَقَالَ: يَا ابْنَ عَوْفٍ إِنَّهَا رَحْمَةٌ، ثُمَّ أَتْبَعَهَا بِأُخْرَى، فَقَالَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّ الْعَيْنَ تَدْمَعُ وَالْقَلْبَ يَحْزَنُ وَلَا نَقُولُ إِلَّا مَا يَرْضَى رَبُّنَا، وَإِنَّا بِفِرَاقِكَ يَا إِبْرَاهِيمُ لَمَحْزُونُونَ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Abu Sayf al-Qaynning oldiga kirdik. U Ibrohimning sut otasi edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ibrohimni olib, o‘pdilar va hidladilar. So‘ngra Ibrohim jon berayotganda yana uning oldiga kirdik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlaridan yosh oqa boshladi. Shunda Abdurrahmon ibn Avf u zotga: «Siz hammi, ey Allohning Rasuli?!» dedi. U zot: «Ey Ibn Avf, bu rahmatdir», dedilar va yana yig‘ladilar. So‘ngra u zot sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, ko‘z yosh to‘kadi, qalb mahzun bo‘ladi, ammo Robbimizni rozi qiladigan narsadan boshqani aytmaymiz. Albatta, biz sening firoqingdan juda mahzunmiz, ey Ibrohim», dedilar». To‘rtovlari rivoyat qilganlar. Sharh: Ushbu hadisi sharifdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Moriya Qibtiyya onamizdan ko‘rgan o‘g‘illari – Ibrohimni Abu Sayf al-Qayn laqabli kishining xotinlari emizganini bilib olamiz. Abu Sayfning ismlari Baro ibn Avs al-Ansoriy bo‘lib, temirchi bo‘lganlar. Shuning uchun ham Abu Sayf – qilich otasi kunyasi bilan atalganlar. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Tug‘ilgan bolani boshqa ayolga emizdirish joizligi. 2. Bolani emizgan ayolning eri bu bolaga sut ota bo‘lishi. 3. Bolasini emizishga berilgan joyga borib, ota farzandini ko‘rib turishi kerakligi. 4. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bolajon ekanliklari. O‘g‘illari Ibrohimni ko‘rib, qo‘llariga olib, o‘pib, hidlashlari shuni ko‘rsatadi. Musulmon otalar o‘z Payg‘ambarlaridan o‘rnak olishlari lozim. 5. Hazrati Anas roziyallohu anhuning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlaridagi martabalari, u zotga ixlos bilan xizmat qilishlari. Buni Ibrohim emizilayotgan uyga ikki marta kirishda ham u zot sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lganlaridan bilib olamiz. 6. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘g‘illari Ibrohim – Abu Sayf al-Qayn roziyallohu anhuning uylarida jon berganligi. 7. Yaqin kishisi o‘lgan odam ovoz chiqarmay, ko‘zidan yosh to‘kib yig‘lasa joizligi. 8. Ulug‘, olim odamlardan ba’zi bir tasarrufotlar sodir bo‘lganda uni nima uchun qilganligini so‘rash mumkinligi. 9. Yaqin kishisi o‘lgan odam ko‘zidan yosh to‘kib, qalbidan mahzun bo‘lishi mumkinligi. 10. Yaqin kishisi vafot etgan odam faqat Allohni rozi qiladigan gaplarni aytishi kerakligi. 11. Vafot etgan odamga «Biz sening firoqingdan mahzunmiz», deyish yoki shunga o‘xshash gaplarni aytish mumkinligi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 19:22 | Savol-javoblar | 159 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar