Gunoh ishdan qaytarish

Assalomu alaykum! Bir odamga bu gunoh ish, buni tark qil deyilsa, albatta tushinadigan odam tark qiladi. Ba’zi birovlar esa «hamma oxiratda o‘zi javob beradi» deb o‘zini olib qochadi. «Birovning yukini birov ko‘tarmas» ma’nosidagi oyat ham bor. Lekin gunoh ishni qaytarish yoki bilmagan narsasini aytish farz deb o‘ylab kelar edim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Amru ma’ruf qilish ishi boshqa, birovning qilgan gunohiga javobgar bo‘lish boshqa. Gunoh ish qilayotgan kishini gunohdan qaytarish alohida farz, gunohkor o‘sha gunoh ishidan qaytmasdan gunohida bardavom bo‘lib oxiratda javobgar bo‘lishi alohida ish. "Tafsiri hilol" kitobida quyidagicha keladi : كُنتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِاللّهِ وَلَوْ آمَنَ أَهْلُ الْكِتَابِ لَكَانَ خَيْرًا لَّهُم مِّنْهُمُ الْمُؤْمِنُونَ وَأَكْثَرُهُمُ الْفَاسِقُونَ۝ 110. Odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz. Ma’rufga buyurasiz va munkardan qaytarasiz hamda Allohga iymon keltirasiz. Agar ahli kitoblar iymon keltirganlarida, o‘zlariga yaxshi bo‘lar edi. Ulardan mo‘minlari bor. Ko‘plari fosiqlardir. Islom ummati o‘zi haqida bilib qo‘yishi zarur bo‘lgan haqiqatlardan biri bu ummatning odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat ekanidir. Ummatlarning sarasi Islom ummatidir. Ummatlarning yo‘lboshchisi Islom ummatidir. Ummatlarning peshqadami Islom ummatidir. Chunki Alloh taoloning O‘zi bu ummatga xitob qilib: «Odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz», – deb turibdi. Bu haqiqatni hozir o‘zini bu ummatga nisbat berayotganlar yaxshi tushunib olmoqlari lozim. Ajdodlarimiz xuddi shu haqiqatni to‘liq tushungan chog‘larida butun dunyoga ustoz bo‘lganlar. Dunyo xalqlarining peshqadami bo‘lib, ularni ortlaridan ergashtirganlar. Boshqalarga tobe bo‘lmaganlar. Boshqalarning ortidan ko‘r-ko‘rona ergashmaganlar. Boshqalar huzurida o‘zlarini xoru zor tutmaganlar. Bu ummatning odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘lishining sabablaridan biri amri ma’ruf qilishidir. Chunki Alloh taolo: «Ma’rufga buyurasiz...» – demoqda. Avval ishora etilganidek, Islom ummati dunyoda yaxshilik bayrog‘ini yuqori ko‘taradi. Adolat bayrog‘ini yuqori ko‘taradi. Haqiqat bayrog‘ini yuqori ko‘taradi. Fazilat bayrog‘ini yuqori ko‘taradi. Hamda butun insoniyatni bu ishlarga chaqirishni o‘ziga farz deb biladi. Bu ummatning odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘lishining sabablaridan ikkinchisi nahyi munkar qilishidir. Chunki Alloh taolo: «...va munkardan qaytarasiz...» – demoqda. Munkar barcha yomonlik, zulm, botil va razolatlar demakdir. Binobarin, Islom ummati dunyodagi barcha yomonlikka qarshi, zulmga, botilga va razolatga qarshidir. Ayni chog‘da, butun insoniyatni yomonlikdan, zulmdan, botildan va razolatdan qaytarishni o‘ziga farz deb biladi. Islom ummatining odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘lishining asosiy sababi Allohga iymon keltirishidir. Chunki Alloh taolo: «...hamda Allohga iymon keltirasiz», – demoqda. Insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlab, noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarishdek ulkan mashaqqatli ishni amalga oshirishga uni Allohga bo‘lgan iymoni undaydi. Iymon asoslarning asosidir. Jumladan, yaxshilikka chaqirib, amri ma’ruf va nahyi munkar qilishning ham asosi iymon bo‘lgandagina maqsadga etiladi. Ana shundagina ikki dunyoda baxt-saodatga erishiladi. Aks holda nuqsonga duchor bo‘linadi. Bu haqiqat ushbu oyatdan boshqa oyatlarda ham ta’kidlangan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning ko‘pgina hadislarida ham o‘z aksini topgan. Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilishlaricha, Nabiy alayhissalom minbarda turganlarida bir kishi: «Ey Allohning Rasuli, qanday odam yaxshi odam?» – deb so‘radi. Nabiy alayhissalom: «Odamlarning yaxshisi – qorirog‘i, taqvodorrog‘i, amri ma’ruf qiluvchirog‘i, nahyi munkar qiluvchirog‘i va silai rahm qiluvchirog‘i», – dedilar. Imom Termiziy rivoyat etgan hadisda Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Nabiy alayhissalom: «Banu Isroil gunohga botganda, ulamolari qaytardilar. Ular qaytmadilar. Keyin esa ulamolar ham ular bilan birga o‘tirib, eb-ichdilar. Bas, Alloh qalblarini bir-biriga aralashtirib yubordi va Dovud, Sulaymon va Iyso ibn Maryam tillarida la’natladi, – dedilar-da, yonboshlab yotgan edilar, turib o‘tirdilar va: – Mening nafsim qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki, ularni haqqa qaytarmaguningizcha, bo‘lmaydi, – dedilar». Imom Abu Dovud ibn Umayra Kindiydan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissolatu vassalom: «Er yuzida bir gunoh sodir bo‘lganda, guvoh bo‘lgan odam uni inkor etsa, xuddi ko‘rmagan odamdek, (gunohdan xoli) bo‘ladi. Kim ko‘rmagan bo‘lsa-yu, rozilik bildirsa, guvoh bo‘lgan odamdek, (gunohkor) bo‘ladi», – dedilar. Imom Hokim Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: «Shahidlarning ulug‘i Hamzadir va zolim podshohga amri ma’ruf, nahyi munkar qilganda o‘ldirilgan odamdir», – deganlar. Oyatning davomida so‘z yana ahli kitoblarga ko‘chadi: «Agar ahli kitoblar iymon keltirganlarida, o‘zlariga yaxshi bo‘lar edi». Bu ahli kitoblarni Islomga kirishga targ‘ib qilishdir. Boshqa joylarda agar ular Islomga kirganlarida, ajrni ikki barobar olishlari mumkinligi haqida ham aytilgan. Darhaqiqat, ahli kitoblar iymon keltirganlarida, bu dunyo-yu u dunyoning baxti-saodatiga erishgan bo‘lur edilar. Shu bilan birga, ulardan iymonga kirganlarining zikri ham keladi: «Ulardan mo‘minlari bor. Ko‘plari fosiqlardir». Darhaqiqat, ahli kitoblardan Islomga kirganlari bo‘ldi. Ular juda yaxshi musulmon bo‘ldilar. Abdulloh ibn Salom, Asad ibn Ubayd, Sa’laba ibn Sho‘’ba, Ka’b ibn Molik va boshqalar Nabiy alayhissalom davrlarida iymonga kelib, sahobiylik baxtiga muyassar bo‘ldilar, Islomga xizmat qildilar. Keyingi asrlarda ham bir qancha ahli kitoblar Islomga kirib, yaxshi musulmonlar bo‘ldilar. Ayniqsa, oxirgi davrda ahli kitoblardan musulmon bo‘lganlar ko‘paydi. Lekin baribir, umumiy olib qaralganda, oyatda zikr qilinganidek, ularning ko‘plari fosiqdirlar. Ushbu oyatlar nozil bo‘layotgan paytda Madinai Munavvarada yahudiylar musulmonlar bilan birga yashar edilar. Ularning iqtisodiy holatlari yaxshi bo‘lib, askariy jihatdan ham o‘zlariga yarasha kuchga ega edilar. Ba’zi musulmonlar yahudiylar bilan aloqa qilib turish jarayonida ularning mazkur kuch-qudratlarini nazarda tutishar edi. (“Oli Imron” surasi). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 20:39 | Savol-javoblar | 169 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar