Qur’on o‘qish odoblari

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Bizga Qur’on o‘qishdagi odoblar va xotirani yaxshilovchi amallarni aytib bersangiz, iltimos.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- QUR’ON O‘QIShNI QANDAY O‘RGANAMIZ? Qur’on o‘qishni o‘rganish uchun ma’lum me’yorlarga rioya qilish, eng avval ilm olish uchun zarur bo‘lgan vositalarni hozirlash lozim. Shu bilan birga, ilm olish odoblariga amal qilish, o‘rganish va yod olishni osonlashtiruvchi omillarni ishga solish maqsadga muvofiqdir. Quyida biz ana shu mavzularda so‘z yuritamiz. A) Ilm olish uchun zarur bo‘lgan vositalar Har bir ilm tolibi ilm tahsili uchun zarur bo‘lgan sharoit va imkoniyatlarni ham hozirlashga harakat qilmog‘i ayni muddaodir. Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh ilm hosil qilish uchun zarur bo‘lgan vositalarni o‘zlarining bir she’rlarida quyidagicha bayon qilganlar: Azizim, ilmga etolmassan hech, Olti narsa bo‘lmasa, men qilay bayon. Zakovat, ishtiyoq, tirishmoq, mablag‘, Ustoz suhbatiyu ham uzoq zamon. Demak, ilm olishni istagan kishi zohiriy vositalarni ham ishga solishi lozim. Ulamolarning ta’kidlashlaricha, ularning asosiylari quyidagilar ekan: 1. Zakovat. Bu hislat har kimda har xil bo‘lib, u kishining faoliyatiga qarab rivojlanishi yoki aksincha, susayishi ham mumkin. Ayrim mutaxassislar qorni ochganini, issiq-sovuqni bilgan kishida zakovat bor, u ilm olishi, qori bo‘lishi, olim bo‘lishi mumkin, deyishadi. 2. Ishtiyoq. Inson nimaga qiziqsa, shunga nisbatan qobiliyati va imkoniyati ortib boradi. Ammo qiziqmagan narsasiga nisbatan esa buning aksi bo‘ladi. Mo‘min kishi o‘zining ushbu hissiyotini ham aql bilan boshqara bilishi lozim. Agar inson ilmga muhabbat qilib, uning fayzidan bahra olib qolsa va unga haqiqiy ishtiyoqmand bo‘lsa, uning uchun boshqa barcha vositalar ham o‘z-o‘zidan muhayyo bo‘la boshlaydi. 3. Tirishqoqlik. Tolibi ilmda har qancha qobiliyat va imkoniyatlar keng bo‘lmasin, agar unda ilm tahsilida etarli tirishqoqlik bo‘lmasa, maqsad hosil bo‘lmaydi. Misol uchun, bir kishining ilmga ishtiyoqi, muhabbati bor, ammo etarli darajada harakati yo‘q, unda tirishqoqlik etishmaydi, dangasalik qiladi. Bu holda uning ishtiyoqi oddiy bir hissiyot bo‘yicha qolaveradi. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi o‘zining katta shogirdlaridan biri – avval boshda qobiliyatsizligi bilan ajralib turgan, keyinchalik Imomning o‘rinbosari bo‘lib, mujtahidlik martabasiga erishgan, Abbosiylar xalifaligi davrida qoziboshilik qilgan imom Abu Yusuf rahmatullohi alayhga «Tirishqoqlik seni esipastlikdan olib chiqib ketdi», degan ekanlar. 4. Mablag‘. Ilm oluvchi kishining turar joy, kiyim-kechak, oziq-ovqat, ilm olishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘ kabi o‘ziga yarasha moliyaviy ehtiyojlari ham qondirilgan bo‘lishi zarur. Boshpanasiz, qorni och, kitob sotib olish uchun puli yo‘q kishining tahsil olishi nihoyatda mushkuldir. 5. Ustoz yordami. Har bir ilmning o‘z ustasi bo‘ladi. Ustoz go‘yo tog‘ yo‘llarining xaritasiga ega bo‘lgan, ularni bir necha marotaba o‘zi bosib o‘tgan, bu borada kerakli tajriba hosil qilgan kishi hisoblanadi. Binobarin, tog‘ cho‘qqisiga chiqishning eng oson, bexatar yo‘li mazkur xarita egasining etagini mahkam ushlashdir. Ayniqsa Islomiy ilmlarni, xususan, Qur’on ilmini ustozsiz egallashning iloji yo‘q. Ustoz qidirganda ham, ilm va taqvo sohibi bo‘lgan ustoz topishga harakat qilish lozim. 6. Uzoq zamon. Ha, albatta, ilm tolibida barcha imkoniyatlar mujassam bo‘lgandan so‘ng ma’lum vaqt ularni ilm yo‘lida sarf qilishi ham kerak. Bo‘lmasa topgan imkoniyatlarining hech qanday ahamiyati bo‘lmaydi. Shuningdek, hech qaysi ilmni qisqa muddat ichida egallab bo‘lmaydi, har qanday ilmni mukammal o‘rganish uchun etarli muddat talab qilinadi. Shu bois, ilm talabida bo‘lgan kishi qisqa muddat belgilab, shoshqaloqlik qilmasligi lozim, balki sabr-bardosh bilan oz-ozdan bo‘lsa ham, bardavom bo‘lishi darkor. B) Qur’on o‘rganish odoblari Har bir ilmni o‘rganishda uning qoidalariga, odoblariga amal qilinsa, harakatlar go‘zal, to‘la manfaatli va yaxshi natijali bo‘lishi barchaga ma’lum. Shu bois endi Qur’on o‘rganishning odob va axloqlari haqida so‘z yuritamiz. Qur’on o‘rganishning odob va axloqlari asosan quyidagilar: – Niyatni xolis qilish, ya’ni faqat Allohning roziligini qasd qilish. Mol-dunyo, obro‘-e’tibor, maqtov, olqishlar kabi dunyoviy g‘arazlarni ko‘zlamaslik, qalbda ularga o‘rin bermaslikka harakat qilish. Buning uchun vaqti-vaqti bilan niyatni yangilab turilsa ham yaxshi bo‘ladi. – Tahoratsiz darsga o‘tirmaslik, har safar dars boshlashda badanning, kiyim-bosh va makonning pokligiga e’tibor berish. – Darsga kirishishdan avval aqlni mashg‘ul qiluvchi turli omillardan zehnni holi qilish. – Har gal darsga kirishish oldidan Alloh taolodan uni oson etishini chin dildan so‘rash va U Zotdan doimo g‘ayrat, kuch-quvvat va imkoniyatlar so‘rab duoyu iltijoda bo‘lish. Zotan, Allohdan o‘zga hech kimdan quvvat va yordam yo‘qdir. – Bu o‘rinda oddiy matnni emas, balki buyuk ilohiy Kitob, lafzi ham, ma’nosi ham Alloh tomonidan bo‘lgan, U Zotning qadiym kalomi bo‘lmish Qur’oni Karimni, ilohiy vahiyni o‘qishni o‘rganayotganini unutmaslik, bu haqiqatni doimo his qilib turish. – Bu yo‘lda to‘g‘ri niyat bilan qilingan har bir harakat va mashg‘ulot ibodat hisoblanishini doimo yodda tutish. – Qiblaga yuzlanib, tavozu’ bilan, iloji bo‘lsa, cho‘kka tushib o‘tirib o‘qish. Yonboshlab, oyoq uzatib yoki mutakabbirona o‘tirmaslik. – Shoshilmaslik. Darslarni o‘zlashtirishda, tayyorlashda vaqtni qizg‘anib yoki boshqa sabablar bilan shoshilib o‘qimaslik. – Mashg‘ulotni ishtiyoq va g‘ayrat bilan bajarish, darsni yaxshi o‘zlashtirib borish, buning uchun bor imkoniyatlarni ishga solish. Zero, ibodatda sustkashlik qilish haqiqiy mo‘min kishiga munosib emas. – Sog‘ligiga zarar etadigan darajada ko‘p o‘qimaslik, jismiga, zehniga dam berib turish. – Chiroyli ovozi, yaxshi o‘qishi bilan g‘ururlanib, o‘ziga baho berishdan saqlanish. Doimo oldinga intilish, kamchiliklarini to‘g‘rilash payida bo‘lish. – Qur’on tovushlarini, qiroat qoidalarini harchand urinib ham to‘liq o‘zlashtira olmaydigan kishilar, ayniqsa katta yoshdagi o‘rganuvchilar bu o‘rinda noumid bo‘lmasliklari lozim. Ular barcha imkoniyatlarni to‘la ishga solib, tilovatni iloji boricha to‘g‘ri ado etsalar bas, o‘z vazifalarini bajargan hisoblanadilar. Chunki inson Alloh taoloning oldida imkoniyatlaridan so‘raladi. U Zot kishilarni toqat va imkoniyatlaridan tashqari narsaga buyurmaydi. – Ma’lum ilmning vojib bo‘lgan qismini egallagandan so‘ng nafl qismini o‘zlashtirishda boshqa zaruriy, vojib ishlarini undan oldinga qo‘yish ham ilm olish tartiblaridan hisoblanadi. V) Ilm olish sirlari Ilm olmoqchi bo‘lgan kishiga quyidagilar tavsiya etiladi: – Gunoh va ma’siyatlardan, noma’qul axloqlardan qochish. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu «Men kishining bilgan ilmini unutishini qilgan yomon amali sababli deb hisoblayman», degan ekanlar. Ali ibn Xashram aytadi: «Vaki’ ibn Jarrohga: «Men zehni o‘ta past kishiman, umuman yodlash qobiliyatim yo‘q. Zehnni oshirishga birorta dori bo‘lsa, o‘rgatsangiz», dedim. U menga: «Ey o‘g‘ilcham, Allohga qasamki, men o‘z tajribamda gunohlarni tark etishdek zehnga oshiradigan dorini ko‘rmadim», dedi». Imom Shofe’iy ham ushbu ma’noda she’r bitganlar: Zehnimdan shikoyat ayladim Vaki’ga, Dedi: «Tark et gunohni bo‘lsa ham mayda. Chunki ilm bir nurdir, shubhasiz, ayt-chi, Allohning nuri bo‘lur osiyga qayda?! – Ixlos va muhabbat bilan qurollanish. Zero, niyatning xolis bo‘lishi, Allohga muhabbat bilan yuzlanish amalning barakali va natijali bo‘lishining asosiy kaliti hisoblanadi. Bu borada ustozning o‘rni kattadir. – Astoydil qasd qilish. Insonning barcha quvvatlari uning qasdiga ko‘ra harakatga tushadi. – O‘rganishga, yod olishga bo‘lgan ishonch. Inson qalbida o‘ziga nisbatan ishonch bo‘lmasa, hech bir ishga quvvat topa olmaydi. – Yoshlikni g‘animat bilish. Inson umri davomida faqat ulg‘ayib, keksayib boradi. Shu bois yoshi nechada bo‘lishidan qat’i nazar, vaqtni g‘animat bilish lozim. Xususan, bolalik va o‘smirlik davrini behuda o‘tkazmaslik kerak. Imom Daylamiy rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam «Kichik bolaning yod olishi toshdagi naqsh kabidir», deganlar. Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda «Kim balog‘atga etmay turib Qur’onni yod olsa, go‘dakligidayoq hukm berilganlardan hisoblanadi», deyilgan. Ammo kishida himmat baland bo‘lib, qasd va rag‘bat mustahkam bo‘lsa, yoshning katta bo‘lishi zehnga mutlaqo zarar qilmaydi. – Etuk ustoz tanlash. Odatda har qanday kishi o‘z ustozi oldida mas’uliyat his qiladi. Bu narsa o‘z navbatida ilm o‘rganish davomida sergaklikni oshiradi, fikrning jamlanishiga, darsning oson o‘zlashtirilishiga yordam beradi. Shuningdek, ustoz shogirdga o‘z tajribasi asosida yaxshi maslahatlar beradi, qiynalgan vaqtida ko‘maklashadi, yo‘l ko‘rsatadi. – Mashg‘ulot uchun qulay joyni tanlash. Joyning havosi toza, turli naqshu manzaralardan, xayolni chalg‘itadigan ranglardan holi bo‘lishi oson yod olishning asosiy omillaridandir. Xonaning keng emas, torroq bo‘lgani ma’qul. Ibn Javziy aytadi: «Dengiz bo‘yida, ko‘kalamzor joyda yod olmaslik kerak». – Munosib vaqt tanlash. Yodlash uchun eng afzal vaqt tong sahar va namozdan keyingi ertalabki soatlar. Chunki bu vaqtda qalb turli tashvish va o‘ylardan holi, jism to‘laligicha dam olgan bo‘ladi. Ba’zi ulamolardan «Ilmga qanday etishdingiz?» deb so‘ralganida ular «Chiroq va tongda o‘tirish bilan» yoki «Safar va bedorlik hamda erta tongda turish bilan», deb javob bergan ekanlar. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ham «Ey Allohim, ummatimning tongiga baraka ber», deb duo qilganlar. ‒ Ovoz chiqarib o‘qish. Inson o‘qiganidan ko‘ra eshitganini esida yaxshi saqlab qoladi. Ovoz chiqarib o‘qilganida esa dars ikki tomonlama zehnga qayd bo‘ladi. – Fikrni chalg‘itadigan narsalarni bartaraf etish, mashg‘ulot davomida xayolni bir joyga qo‘yish. – Tartibli ravishda, har kuni ma’lum hajmda va bir xil vaqtda yod olish. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam «Ummatimning amallarining afzali oz bo‘lsa ham, bardavom bo‘lganidir», deganlar. Tabiblarning aytishlaricha, yodlashga harakat qilinganida xotira miyadan ajralib chiquvchi maxsus suyuqlik vositasida ishlar ekan. Agar inson har kuni ma’lum vaqtda yodlash bilan shug‘ullanadigan bo‘lsa, bir necha kundan so‘ng mazkur suyuqlik xuddi o‘sha vaqtda tabiiy ravishda, refleks tarzda ajralib chiqar ekan. Natijada yodlash qobiliyati charhlanib, yod olish sezilarli darajada osonlashar ekan. – Dars hajmini asta-sekin, darajama-daraja oshirish. Misol uchun, dastavval bir qatordan yodlab, shu bir qatorni o‘n-o‘nbekshtada yodlaydigan bo‘lganida dars hajmini ikki qatorga chiqariladi. Keyin uni ham o‘sha adadda yodlash malakasini qo‘lga kiritgach, uch qatordan yodlashga o‘tadi. Shu zaylda igirma qator darsni ham o‘n-o‘nbeshtada yodlaydigan bo‘lish mumkin. – O‘qishdan charchab, malollanib qolinganda fikrni boshqa biror narsa bilan chalg‘itish. Masalan, hikoya, she’r va shunga o‘xshash xayolni yozadigan narsalar bilan miyaga dam berish. – Dars tayyor bo‘lgandan so‘ng miyaga 20 daqiqa dam berish. Ya’ni miyani zo‘riqtiradigan mashg‘ulotlarga kirishmaslik lozim. Masalan,televizor ko‘rish, kompyuter, telefon yoki boshqa vositalarda turli o‘yinlaro‘ynash shular jumlasidandir. – Alloh taolodan tazarru’ bilan yordam so‘rash, doimo U Zotga duoyu iltijoda bo‘lish. Zero, Alloh oson qilgan narsani qiyinlashtiruvchi, qiyin qilgan narsani osonlashtiruvchi bo‘lmas. Har qanday narsani qo‘lga kiritishda moddiy vositalarni ishga solish bilan birga, ma’naviy omillarni ham o‘z o‘rnida hozirlash lozim. Balki ma’naviy omillar moddiy vositalardan ko‘ra muqaddam va natijali hisoblanadi. Bunga voqe’likda ham etarli dalillar mavjud. Xususan, Qur’oni Karimni yod olishda, ilm hosil qilishda tolibi ilmning ichki olami ana shunday ruhiy quvvat bilan sifatlanishi lozimu lobuddir. Jumladan, doimo Parvardigori olamga to‘liq ishonch bilan iltijo qilib, U zotdan yordam so‘rash eng muhim omil bo‘lishida shubha yo‘q. Bu borada hadisi shariflarda va mo‘’tabar kitoblarda kelgan maxsus duolardan foydalanilsa, yanada yaxshi bo‘ladi. Ovoz yozuvidan foydalanish Ushbu uslub Qur’on o‘qishni o‘rganuvchilar uchun yangilik bo‘lganligi bois, undan qanday foydalanishni qisqacha eslatib o‘tsak. Avval o‘rganiladigan dars matnini kitobdan bir qator o‘qib olasiz. Keyin esa og‘zaki darsni tinglaysiz. Ulardagi ta’limot va mulohazalarni yaxshi fahmlab olganingizdan so‘ng mashqlar ustida shug‘ullanishga kirishasiz. Ishni mashg‘ulotni eshitishdan boshlaysiz. Bunda avval tovushning yohud kalima yoki jumlaning aytilishiga e’tibor bilan quloq solasiz, uni yaxshi anglab olganingizdan so‘ng, berilgan vaqtdan foydalanib, siz ham unga ergashgan holda galma-gal talaffuz qilishga o‘tasiz. Buni ham muvaffaqiyatli o‘zlashtirganingizdan keyin kompyuterdagi ovoz bilan birga, ya’ni jo‘r bo‘lib talaffuz etishni mashq qilasiz. So‘ng o‘zingiz mustaqil ravishda muntazam mashq qilaverasiz va nihoyat o‘rganganlaringizni ustoz ko‘rigidan o‘tkazib olasiz.

26 May 2022, 20:17 | Savol-javoblar | 209 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar