Qur’onni yod olib unga to‘liq amal qilish

Qur’onni yodlashga jiddiy kirishdim, inshaAlloh. Buning uchun menga eng kerakli maslahatni beringki, unga to‘liq amal qilay!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Ilm talab qilish odoblari Islomiy adabiyotlar ichida ilm, ta’lim, olim, muallim va tolibi ilm odoblariga bag‘ishlangan asarlar juda ko‘p. Ularda o‘ta foydali maslahatlar taqdim qilingan. O‘tgan satrlardan ilm talab qilish ahamiyatli va sharafli ish ekanini anglab oldik. Shu bilan birga har bir talabaning ilm talab qilish bo‘yicha odoblari borligini ham bilishimiz va ularga rioya qilishimiz zarur. Ilm tolibining odoblari nisbatan ikki qismga: ilmga nisbatan bo‘ladigan odoblar va muallimga nisbatan bo‘ladigan odoblarga bo‘linadi. 1. Talabaning ilmga nisbatan bo‘ladigan odoblari quyidagilardan iborat: – Niyatni xolis qilish. Islomda ilm talab qilish, xususan, dinda faqih bo‘lish uchun ilm o‘rganish faqat Alloh taoloning roziligi uchun bo‘ladi. Shunday qilgan odam ikki dunyoning baxt-saodatiga erishadi. Bu dunyoda hurmat-ehtirom ila hayot kechiradi. Oxiratda esa jannati ma’vodan joy oladi. Ammo kim diniy ilmni dunyoning o‘tkinchi matohiga erishish uchun o‘rgansa, ya’ni, mansab uchun, pul-mol uchun, riyo uchun o‘rgansa, jannatning hidini ham topa olmaydi. Bu erda niyatni poklash oldingi o‘ringa qo‘yilmoqda. Ilm talab qilmoqchi bo‘lgan shaxs niyatini yaxshi qilishi, olgan ilmi bilan xalqqa xizmat qilib, Haqni rozi etishni ko‘zlashi kerak. O‘shanda olgan ilmi foydali bo‘ladi: dunyoga ham erishadi, oxirat savobi ham ega bo‘ladi. Ammo niyatni molu dunyoga, riyoga bog‘lasa, oxirat savobi bo‘lmaydi, dunyo havasi ham aniq amalga oshmaydi. عَنْ كَعْبِ بْنِ مَالِكٍ ، عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: مَنْ طَلَبَ الْعِلْمَ لِيُجَارِيَ بِهِ الْعُلَمَاءَ أَوْ لِيُمَارِيَ بِهِ السُّفَهَاءَ أَوْ يَصْرِفَ بِهِ وُجُوهَ النَّاسِ إِلَيْهِ أَدْخَلَهُ اللهُ النَّارَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ. Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim ilmni ulamolar bilan mojaro qilish uchun, esipastlarga g‘olib kelish uchun yoki u bilan odamlarni o‘ziga qaratish uchun o‘rgansa, Alloh uni do‘zaxga kiritadi», dedilar». Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilganlar. Islomda ilmni shaxsiy g‘araz, mol-dunyo va arzon manfaatlar uchun o‘rganilmaydi. Balki ta’lim olishning bosh unsurlari inson, ilm va vaqt hamma narsadan qimmat va ustin qo‘yiladi. Ularni mol-dunyo va mansab kabi o‘tkinchi orzu-havasning past darajasiga ravo ko‘rilmaydi. – Nafsni poklash va razolatlardan xoli qilish. Ilm talabi yo‘liga kirgan shaxs ilm olish va uning martabalariga erishishdan oldin o‘zini turli yomonlik- gunohlardan, nafsini turli razolatlardan va xulqini esa qoralangan sifatlardan poklashi zarur. Bunga erishish yo‘lida ilm tolibiga mol-dunyo va unga tegishli narsalardan aloqasini uzish, oliy o‘quvlar bosqichida qalbi ilmga ajrab chiqishi uchun vatanidan, ahlidan uzoqda bo‘lish foyda beradi. Shuning uchun ham barcha xalqlarda ta’lim muassasalarida bilim olish safar qilish asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ilm uchun qalbni poklash ishlari ichida tavozuli bo‘lish, takabburni tark qilish kabilar ham mavjud. Qalbni poklash orqali ilm olishga va undan foyda topishga keng yo‘l ochiladi. عَنِ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ ، عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: أَلَا وَإِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلَحَتْ صَلَحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ، وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلُّهُ أَلَا وَهِيَ الْقَلْبُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ogoh bo‘linglar! Albatta, jasadda bir parcha go‘sht bordir. Qachon u solih bo‘lsa, jasadning hammasi solih bo‘lur. Qachon u buzuq bo‘lsa, jasadning hammasi buzuq bo‘lur. Ogoh bo‘linglar! O‘sha narsa qalbdir», dedilar». Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar. – Ilm majlislarini izlash, ularning samarasidan foydalanish. Bunda ilm tolibining o‘zi ko‘zlagan foydali ilmni olishi mumkin bo‘lgan manbalardan unumli foydalanishi ko‘zda tutiladi. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: إِذَا مَرَرْتُمْ بِرِيَاضِ الْجَنَّةِ فَارْتَعُوا، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، وَمَا رِيَاضُ الْجَنَّةِ؟ قَالَ: مَجَالِسُ الْعِلْمِ. رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jannat bog‘lari yonidan o‘tsangiz, sayl qiling», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, jannat bog‘lari nimadir?» deyishdi. «Ilm majlislari», dedilar». Tabaroniy rivoyat qilgan. – Ilm talabida sadoqatli bo‘lish, tahsil olishga barcha vaqt va harakatni qaratish, ilmga xalaqit beradigan barcha narsadan yuz o‘girish, haromdan hazar qilish va ma’siyatdan chetda bo‘lish lozim. Bu borada odatda imom Shofe’iy rahmatullohi alayhning quyidagi mashhur baytlari misol tarzida keltiriladi: Vakiy’ga dedim: xotiram zaifdir, Dedi: davosi – ma’siyatlar tarkidir. Bilginki, ilm Allohning nuridir. Allohning nuri osiydan naridir. – Ilm talabida ixlos qilish. Har bir yaxshilikka erishish uchun albatta ixlos kerak. Ixlossiz biror foydali ishning, xossatan ilm olishning amalga oshishi qiyin. «Ixlos» lug‘atda «tozalash», «to‘g‘rilash» ma’nolarini anglatadi. «Xolis bo‘ldi» degani «musaffo bo‘ldi» ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Kafaviy: «Ixlos ibodatga sazovor Zotning yolg‘iz O‘zini ibodat ila qasd qilishdir. Dil, til va amalning musaffo bo‘lishi, deyilgani ham bor», degan. – Diniga, dunyosiga, oxiratiga, vataniga, xalqiga foydali bo‘lgan ilmni talab qilish. Befoyda, vaqti o‘tgan va zarar beradigan ilmdan chetda bo‘lish. عَنْ زَيْدِ بْنِ أَرْقَمَ  قَالَ: لَا أَقُولُ لَكُمْ إِلَّا كَمَا كَانَ رَسُولُ اللهِ  يَقُولُ: ...اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنْ عِلْمٍ لَا يَنْفَعُ، وَمِنْ قَلْبٍ لَا يَخْشَعُ، وَمِنْ نَفْسٍ لَا تَشْبَعُ، وَمِنْ دَعْوَةٍ لَا يُسْتَجَابُ لَهَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ. Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan narsalarnigina aytaman: «...Allohim, men Sendan naf bermaydigan ilmdan va qo‘rqmaydigan qalbdan, to‘ymaydigan nafsdan va ijobat bo‘lmaydigan duodan panoh tilayman». Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar. – Go‘zal hay’atni, tavozunni, sokinlikni va ilmning viqorini lozim tutish. Yurish-turishda, gapirishda va o‘zini tutishda ilmning sharafiga xilof bo‘lgan narsalardan chetda bo‘lish. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ : تَعَلَّمُوا الْعِلْمَ، وَتَعَلَّمُوا لِلْعِلْمِ السَّكِينَةَ وَالْوِقَارَ، وَتَوَاضَعُوا لِمَنْ تَتَعَلَّمُونَ مِنْهُ. رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Ilmni o‘rganinglar. Ilm uchun sokinlik va viqorni o‘rganinglar. O‘zingiz ta’lim olayotgan zotga tavozuli bo‘linglar». Tabaroniy rivoyat qilgan. – Behuda talashib-tortishishni tark qilish. Chunki bu ish foyda keltirmaydi, odamlar orasini buzadi, kishilarda hiqdu hasadni ko‘paytiradi, qalbning qorayishiga sabab bo‘ladi. – Ilmni haqiqiy mutaxassis, odobli va etuk olimlardan olish. عَنْ أَنَسٍ  أَنَّ رَسُولَ اللهِ  قَالَ: إِنَّ هَذَا الْعِلْمَ دِينٌ، فَلْيَنْظُرْ أَحَدُكُمْ مِمَّنْ يَأْخُذُ دِينَهُ. رَوَاهُ الْحَاكِمُ وَابْنُ عَدِيُّ. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Albatta, ushbu ilm dindir. Bas, har biringiz dinini kimdan olayotganiga qarasin». Hokim va Ibn Adiy rivoyat qilganlar. – Ilm olish, yodlash va takror qilishda sabrli bo‘lish. Vaqtdan ilmni ziyoda qilishda foydalanish lozim. Zotan ushbularsiz haqiqiy ilm tashil qilish mumkin ham emas. – Tushunish qiyin bo‘lgan har bir narsani so‘rab o‘rganish. Har bir masalani yaxshilab o‘zlashtirib olguncha izlanishni davom ettirish kerak bo‘ladi. Ilm talab qilishda uyalmaslik, tortinmaslik zarur. Ibn Abbos roziyallohu anhuga: bu ilmni nima ila hosil qilding, deyishganda: so‘rovchi til va aqli dil ila, deganlar. Mujohid rahmatullohi alayh: ilmni hayo qiluvchi ham, mutakabbir ham hosil qila olmaydi, degan. – Ilm majlislariga ertaroq borish. Bunda u erdagi fikrlar va ma’nolarga qattiq intilish bo‘ladi. Ularni vaqtida yozib qayd qilib, takrorlab o‘zlashtirib borish kerak. Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh: ilm ovdir, uni qayd qilish yozuvdir, bas, ovlaringizni pishiq arqonlar ila qaydlab boring, deganlar. 2. Talabaning muallimiga nisbatan odoblari, jumladan quyidagilardan iborat: – Muallimga tavozuli bo‘lish. Agar muallim talabadan kichik yoshda bo‘lsa ham unga alohida ehtirom ko‘rsatiladi. Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Talabalikda o‘zimni xor tutdim, talab qilinganimda aziz bo‘ldim», deganlar. – Olimni ehtirom va izzat ikrom qilish, qadrini bilish. Unga ulug‘lash nazari bilan qarash. وَفِي الْآثَارِ: لَيْسَ مِنَّا مَنْ لَمْ يُوَقِّرْ كَبِيرَنَا، وَيَرْحَمْ صَغِيرَنَا، وَيَعْتَرِفْ لِعَالِمِنَا. Asarlardan birida: «Kim kattamizni ulug‘lamasa, kichigimizga rahm qilmasa, va ulamolarimizni e’tirof qilmasa, bizdan emas», deyilgan. – Muallim kelganda o‘rnidan turib hurmat ila kutib olish. – Muallimning darsida odobli bo‘lish, jim o‘tirib tinglash va odob bilan savol berish. – Darsdan chiqib ketmaslik. O‘ta zarur holatlardagina, shunda ham ustozdan izn so‘rab chiqiladi. – Tolibi ilmning shogird tushishga izn so‘rashi, muallimdan ilm olishi va uning itoatida bo‘lishi talab etiladi. Alloh taolo Kahf surasida marhamat qiladi: «Muso unga: «Senga o‘rgatilgan rushddan menga ham o‘rgatmog‘ing uchun senga ergashsam maylimi?» dedi. «Albatta, men bilan birga bo‘lishga sabr qila olmassan. O‘zing xabarini ihota qilmagan narsaga qanday sabr qilasan», dedi. «Inshaalloh, mening sabrli ekanimni ko‘rursan va senga hech bir ishda osiy bo‘lmasman», dedi» (66-69-oyatlar). Muso alayhissalom ulkan payg‘ambar bo‘lishlariga qaramay, o‘zlaridan ko‘ra ilmliroq, o‘zlariga ustoz bo‘lishi mumkin bo‘lgan kishiga o‘ta odob bilan murojaat qilib, unga shogird tushishni so‘radilar. Solih banda esa Muso alayhissalomga o‘zidagi ilm oddiy ilm emasligini, bunday ilmlarga payg‘ambar ham sabr qilishi qiyinligini aytdi. Bo‘layotgan hodisani ihota eta olmagan odam unga sabr qilib, indamay qarab tura olishi qiyin ekanini eslatdi. Muso alayhissalom shogird sifatida ustozning og‘ir shartlarini ham qabul qildilar va unga zinhor osiy bo‘lmaslikka va’da berdilar. – Muallimning haqlarini mukammal tarzda ado qilish. Hazrati Ali roziyallohu anhu muallimning mutaallimdagi haqlari to‘g‘risida quyidagilarni aytganlar: «Qavmga umumiy salom berib, unga alohida berishing. Uning qarshisida o‘tirishing. Huzurida qo‘llaring ila ishora qilmasliging. Ko‘zingni undan boshqaga tikmasliging. Uning gapiga xilof gap aytmasliging. Uning oldida birovni g‘iybat qilmasliging. Uning qoqilishini istamasliging. Agar yo‘ldan toysa, kechirishing. Alloh taolo uchun uni ulug‘lashing. Uning hojati bo‘lsa, boshqalardan ko‘ra oldin xizmatiga intilishing. Uning majlisida biror kishi bilan sirlashmasliging. Uning kiyimini ushlamasliging. Unga malol keltirmasliging. Suhatining cho‘zilib ketganidan bezimasliging. U xuddi xurmo kabidir, undan tushadigan narsani poylab tur». Ilm olishning turli bosqichlarida ilm oluvchi o‘zining yoshi yoki ta’lim bosqichi qay darajada bo‘lishidan qat’i nazar, tolibi ilm ekanini zinhor yoddan chiqarmasligi va quyidagi odoblarga muntazam rioya etishi kerak bo‘ladi: – Dars boshlanishidan bir oz muddat oldin hozir bo‘lish. – Sheriklariga va muallimlarga ochiq yuz bilan salom berish. – Umumiy nizomga amal qilish, tashqi ko‘rinishni va o‘zini tutishni go‘zal qilish. – Kundalik mashg‘ulotlar uchun kerakli kitob, daftar, qalam kabi narsalarni kamchiliksiz hozir qilish. – Darsda diqqat bilan ishtirok etish. Bunda boshqa narsalarga chalg‘imay, butun vujudi bilan darsni qabul qilib olishga urinishi lozim. – Darsda daftar-qalamlarni o‘ynamaslik, boshqalar bilan gaplashmaslik, atrofga alanglamaslik. – Kerakli ma’lumotlar va topshiriqlarni unutib qo‘ymaslik uchun maxsus daftarga yozib olish. – Darslar orasidagi tanaffus paytlaridan unumli foydalanish va o‘zini odob doirasida tutish. – Tanaffus paytida qo‘l yuvish va shunga o‘xshash insoniy hojatlarni o‘z vaqtida bajarib olish. – Agar ovqatlanish kerak bo‘lsa, uning odoblariga rioya qilgan holda maxsus joyda amalga oshirish. – Birovning narsasini faqat uning ruxsati bilan olish. O‘sha narsani qaytarib berganda esa tashakkur aytishi kerak. – O‘zgalarni masxara qilmaslik, laqab to‘qimaslik va ozor beradigan hazillarni qilmaslik. – Go‘zal axloqli, darslarni yaxshi o‘zlashtiradigan, zakovotli va odobli talabalar bilan do‘st bo‘lish. – Darslarni o‘z vaqtida, qunt bilan tayyorlash. – O‘quv yilining avvalidan imtihonlarga puxta tayyorlanib borish. Buning uchun darslarni qunt bilan, qoldirmasdan tayyorlab borish lozim. – Imtihonlarda aldamchilik, birovdan ko‘chirish, maxfiy yordam olish va boshqa tartibbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik. – Uyga kelganda har bir darsdan berilgan vazifani o‘z vaqtida puxta tayyorlab qo‘yish, ortga surmaslik. – Kundalik dars jadvalining rioyasini qilib, kelasi kungi darslarni e’tibor bilan qaytarish, unga kerakli kitob va daftarlarni tayyorlab qo‘yish. – Dars uchun kerak bo‘lgan kitob, daftar va boshqa anjomlarni orasta tutish. – Barcha darslarda peshqadam bo‘lishga tirishish, a’lochi bo‘lishga, vaqtni zoe qilmaslikka harakat qilish. – Doimo Alloh taolodan manfaatli ilm berishini so‘rab duoda bo‘lib turish. Ulamolarimiz Qur’oni Karim qiroati odobi haqidagi barcha dalillarni va mulohazalarni o‘rganib chiqqanlaridan keyin xulosa qilib, bu odoblarni quyidagicha tartibga soladilar: 1. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi tahoratli bo‘lishi lozim. 2. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi odobli bo‘lishi kerak. 3. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi cho‘kka tushib, tavozu’ bilan o‘tirishi kerak. 4. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi chordana qurib, yonboshlab yoki mutakabbir sifatda o‘tirmasligi kerak. 5. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi uchun eng afzal holat tik turgan holida namozda va masjidda o‘qimoqlikdir. 6. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi o‘zining muhim ishlarini tashlamasligi kerak. Ishdan bo‘shaganda qiroat qiladi. 7. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi uchun qiroat ko‘payib badaniga zarar etkazadigan bo‘lmasligi kerak. 8. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi o‘ta shoshilib tartil va tajvidni buzmasligi kerak. 9. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi oddiy kishi bo‘lsa, har kuni bir poradan o‘qib, bir oyda bir marta xatm qilib turishi kerak. 10. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi qiroatni ko‘p qilmoqchi bo‘lsa, uch kunda bir marta xatm qilishi kerak. 11. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi xatm qilganidan keyin Alloh taologa duo qilishi mar¬g‘ubdir. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Qur’oni Karimni xatm qilgan kishi uchun mustajob duo bordir, deganlar. Anas ibn Molik roziyallohu anhu qachon xatm qilsalar, ahli ayollarini jamlab duo qilar edilar. 12. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi imkoni boricha tilovatni chiroyli qilishga harakat qilmog‘i mustahabdir. 13. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi qiroatni ichida qilmog‘i mustahabdir. Bu o‘ziga eshitiladigan qiroatdir. 14. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi ba’zi maqsadlar uchun ovozini baland qilib qiroat qilsa ham joiz. 15. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchining mus¬hafi bo‘lsa, o‘sha mushaf qarovsiz qolmasligi uchun har kuni ma’lum oyatlarni bo‘lsa ham unga qarab o‘qib turmog‘i lozim. 16. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi doimo o‘zi o‘qiyotgan kalom basharning emas, Alloh taoloning kalomi ekanini va U zotning ulug‘ligini his qilib turmog‘i lozim. 17. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi o‘zi o‘qigan har bir oyatni tadabbur qilmog‘i juda ham yaxshi ishdir.

26 May 2022, 20:35 | Savol-javoblar | 215 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar