Farzandga aqiqa qilish

Assalomu alaykum! Hazrat savollar arhivini qaradim lekin aniq javob topmaganim uchun sizni bezovta qilyabman! Bir savolda 7chi kuni bir savolda 21chi kuni diyilibdi. Savolim: farzand tug‘ilgandan keyin nechinchi kuni aqiqa qilinish kerak? Javobingiz uchun raxmat!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir g‘ulom aqiyqasi garovidir. Uning uchun ettinchi kuni so‘yilur, sochi olinur va ism qo‘yilur», dedilar». Ikkisini Sunan egalari rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda yangi tug‘ilgan farzandga oid bir necha narsalar zikr qilinmoqda:
1. «Har bir g‘ulom aqiyqasi garovidir».
Demak, har bir yangi tug‘ilgan farzandning ba’zi bir ishlari unga aqiyqa qilishga bog‘liq bo‘lib turar ekan. Agar aqiyqa qilinsa, o‘sha ishlar yuzaga chiqadi, bo‘lmasa, xuddi garovga olinganday yuzaga chiqmay turaveradi.
Ba’zi ulamolarimiz, jumladan, Imom Ahmad ibn Hanbal va A’to al-Xurosoniylar, har bir farzandning, agar go‘dakli-gida o‘lib ketsa, ota-onasiga shafoatchi bo‘lishi uning aqiyqasi-ga bog‘liqdir. Agar unga aqiyqa qilingan bo‘lsa, qiyomatda jannat erkatoylaridan bo‘ladi va agar jannatga oldin ota-onam kirmasa, men kirmayman, deb turib oladi. Shundoq qilib u o‘z shafoati ila ota-onasining jannatga kirishiga sabab bo‘ladi, deganlar.
Imom al-Lays va Dovud az-Zohiriy va boshqalar esa, yangi tug‘ilgan farzandning yaxshi unib-o‘sib, baxtli-saodatli bo‘lishi uning aqiyqasiga bog‘liqdir, shuning uchun aqiyqa qilish vojibdir, deganlar.
Lekin jumhuri ulamolar «aqiyqa» qilish sunnati muakkada, deganlar.
«Uning uchun ettinchi kuni so‘yilur».
Aqiyqa farzand tug‘ilganining ettinchi kuni qilinadi. Agar ettinchi kuni imkoni bo‘lmasa, o‘n to‘rtinchi yoki yigirma birinchi kuni qilinadi.
Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan. hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Aqiyqa ettinchi, o‘n to‘rtinchi va yigirma birinchi kuni so‘yilur», deganlar.
Agar u kunlari imkoni bo‘lmasa, imkonini topganda qilaveradi.
Yangi tug‘ilgan farzandga aqiyqa qilish otaning farzand oldidagi burchidir.
«sochi olinur»
Bu ish ham farzand tug‘ilganining ettinchi kuni amalga oshiriladi. Avval ham aytib o‘tilganidek, bu sochga nifos qoni tekkan bo‘ladi. Shuning uchun ham u boladan ketkazilishi lozim bo‘lgan nopok, ozor beruvchi narsalar qatoriga qo‘shilgan. O‘sha ettinchi kuni olingan soch vaznida kumush yoki uning qiymati sadaqa qilinishi ham mazkur ozordan xolos bo‘lganlik shukronasi bo‘lsa, ajab ermas.
«va ism qo‘yilur»
Yangi tug‘ilgan farzandga ism qo‘yish ham ettinchi kuni qilinadigan ishlardan biri. Har bir yangi tug‘ilgan farzandga yaxshilab ism qo‘yish ota-onaning farzand oldidagi burchidir. 
Shuning uchun har bir musulmon ota-ona bu muhim ishga alohida e’tibor ila yondoshmog‘i lozimdir. Farzand katta bo‘lib, oq-qorani taniganda o‘z ismidan uyaladigan bo‘lmasin. Balki ismi unga ziynat bo‘lib tursin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, ismlarning yaxshisi, bandalik va hamdni bildiruvchisidir, deganlar. Shuning uchun, Alloh taologa bandalik ma’nosini anglatuvchi, Abdul-loh, Abdurrohman, Abdussattor va Alloh taologa hamd ma’nosini anglatuvchi, Hamidulloh kabi ismlar yaxshi ismlar hisoblanadi.
Shuningdek, Payg‘ambarlarning, sahobalarning va salafi solihlarimizning ismlari yaxshi ismlari hisoblanadi. 
Qizlarga ham o‘tgan ahli iymon momolarimiz, sahobiya ayollar va ezgulik ma’nosini anglatuvchi ismlar qo‘ymoq kerak.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Urish, Xo‘tik, Ab-duluzzo kabi noqulay ismli sahobalarning ismlarini yaxshi ismlarga almashtirganlari mashhur. 
Shuningdek, u zot ba’zi sahobiya ayollarning ismlarini ham yaxshi ismlarga almashtiganlar. Binobarin, bazi kishilar tushunmay noqulay nomlar bilan atalib qolgan bo‘lsalar, darhol nomlarini Islomiy ismlarga almashtirib olsalar yaxshi bo‘ladi.

[url=https://islom.uz/content/view/954/https://islom.uz/content/view/954/">https://islom.uz/content/view/954/

26 May 2022, 21:01 | Savol-javoblar | 170 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar