TAROVEX NAMOZI XAKIDA

ASSALOMU ALAYKUM USTOZ. BIZ RASSIYaDA IShLAYMIZ ALLOXGA ShUKUR NAMOZLARNI KANDA KILMAYMIZ . XOZIR RUZA OYIDA ORAMIZDA BIRORTAMIZ TAROVEX NAMOZI XAKIDA BILMAS EKANMIZ KANDAY YUL TUTIShIMIZ EKRAK ILTIMOS BATAFSILROK JAVOB BERSAEGIZ ALLOX SIZDAN ROZIY BULSIN.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Tezda o‘rganib o‘qishni yo‘lga qo‘yinglar. Tarovh namozi haqidagi fasl Ramazonda bedor bo‘lib o‘qiladigan namoz «Taroveh» deb nomlanishi hammaga ma’lum. «Taroveh» rohat-istirohat ma’nosidadir. Chunki, mazkur namoz istirohat hisoblanadi, har to‘rt rak’atni o‘qib bo‘lgandan keyin istirohat olinadi. «Muxtasari Viqoya»da bu namoz haqida quyidagilar kelgan: Taroveh Vitrdan oldin yoki keyin sunnatdir. Har to‘rt rak’atdan keyin uning miqdoricha o‘tiriladi. Bir marta xatm qilish sunnatdir. Uni qavmning dangasaligi tufayli tark qilinmaydi. Ramazondan tashqarida Vitrni jamoat bilan o‘qilmaydi.    Buning eng kuchli dalili Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amallaridir. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ t قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ r يُرَغِّبُ فِي قِيَامِ رَمَضَانَ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَأْمُرَهُمْ بِعَزِيمَةٍ وَيَقُولُ: مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat ila bedor o‘tkazishga targ‘ib qilar, ammo, qat’iy buyruq bermas edilar. Bas, u zot: «Kim Ramazonda iymon va ixlos bilan qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur», – der edilar». Beshovlari rivoyat qilishgan.  عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: خَرَجَ رَسُولَ اللهِ r لَيْلَةً مِنْ جَوْفِ اللَّيْلِ فَصَلَّى فِي الْمَسْجِدِ وَصَلَّى رِجَالٌ بِصَلاَتِهِ فَأَصْبَحَ النَّاسُ فَتَحَدَّثُوا فَاجْتَمَعَ أَكْثَرُ مِنْهُمْ فَصَلَّى فَصَلَّوْا مَعَهُ فَأَصْبَحَ النَّاسُ فَتَحَدَّثُوا فَكَثُرَ أَهْلُ الْمَسْجِدِ مِنَ اللَّيْلَةِ الثَّالِثَةِ فَخَرَجَ رَسُولُ اللهِ r فَصَلَّى فَصَلَّوْا بِصَلاَتِهِ فَلَمَّا كَانَتِ اللَّيْلَةُ الرَّابِعَةُ عَجَزَ الْمَسْجِدُ عَنْ أَهْلِهِ حَتَّى خَرَجَ لِصَلاَةِ الصُّبْحِ فَلَمَّا قَضَى الْفَجْرَ أَقْبَلَ عَلَى النَّاسِ فَتَشَهَّدَ ثُمَّ قَالَ: أَمَّا بَعْدُ فَإِنَّهُ لَمْ يَخْفَ عَلَيَّ مَكَانُكُمْ وَلَكِنِّي خَشِيتُ أَنْ تُفْتَرَضَ عَلَيْكُمْ فَتَعْجِزُوا عَنْهَا فَتُوُفِّيَ رَسُولُ اللهِ صلي الله عليه وسلم  وَاْلأَمْرُ عَلَى ذَلِكَ. رَوَاهُ الثَّلاَثَةُ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi, tun qo‘ynida chiqib, masjidda namoz o‘qidilar. Odamlar ham u kishiga iqtido qildilar. Tong otgandan so‘ng odamlar bu haqda gapirdilar. Keyin ulardan ham ko‘p to‘planishdi va u zot bilan namoz o‘qishdi. Tong otgandan so‘ng odamlar bu haqda ham gapirdilar. Uchinchi kechada masjid ahli ko‘payib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqib, namoz o‘qidilar. Ular u zotga iqtido qildilar. To‘rtinchi kecha bo‘lganda masjid odamlarni sig‘dirishga ojizlik qilib qoldi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam Bomdod namoziga chiqdilar. Namozni o‘qib bo‘lganlaridan keyin odamlarga yuzlandilar va: «Sizning holingiz menga maxfiy bo‘lgani yo‘q. Lekin men (namoz) sizga farz bo‘lib, so‘ng uning adosida ojiz qolishingizdan qo‘rqdim», – dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida ish ana shu holda edi». Uchovlari rivoyat qilishgan. Sahobai kiromlar va barcha Islom ummati bu namozning shar’iyligiga ijmo‘ qilganlar. عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَبْدِ الْقَارِيِّ t قَالَ: خَرَجْتُ مَعَ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ t لَيْلَةً فِي رَمَضَانَ إِلَى الْمَسْجِدِ فَإِذَا النَّاسُ أَوْزَاعٌ مُتَفَرِّقُونَ يُصَلِّي الرَّجُلُ لِنَفْسِهِ وَيُصَلِّي الرَّجُلُ فَيُصَلِّي بِصَلاَتِهِ الرَّهْطُ فَقَالَ عُمَرُ: إِنِّي أَرَى لَوْ جَمَعْتُ هَؤُلاَءِ عَلَى قَارِئٍ وَاحِدٍ لَكَانَ أَمْثَلَ ثُمَّ عَزَمَ فَجَمَعَهُمْ عَلَى أُبَيِّ بْنِ كَعْبٍ ثُمَّ خَرَجْتُ مَعَهُ لَيْلَةً أُخْرَى وَالنَّاسُ يُصَلُّونَ بِصَلاَةِ قَارِئِهِمْ قَالَ عُمَرُ: نِعْمَ الْبِدْعَةُ هَذِهِ وَالَّتِي يَنَامُونَ عَنْهَا أَفْضَلُ مِنِ الَّتِي يَقُومُونَ يُرِيدُ آخِرَ اللَّيْلِ وَكَانَ النَّاسُ يَقُومُونَ أَوَّلَهُ Abdurrohman ibn Abdin al-Qoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bilan Ramazon kechalarining birida masjidga chiqdim. Qarasak, odamlar guruh-guruh bilan tarqoq hollarida: kimdir o‘zi namoz o‘qimoqda, kimdir namoz o‘qisa, bir necha kishi unga iqtido qilmoqda. Shunda Umar: «Menimcha, anavularni bir qori(orti)ga jamlasam, yaxshi bo‘ladi», – dedi. So‘ngra, ularni Ubay ibn Ka’b-ning ortidan jamladi. Keyin, boshqa bir kechada men yana u bilan chiqqanimda odamlar qorilarga iqtido qilib namoz o‘qishar edi. Umar: «Bu qandoq ham yaxshi bid’at! Bu vaqtda uxlab yotganlaridan ko‘ra, qoim bo‘lganlari afzal», – dedi. Kechaning oxirida, demoqchi. Odamlar kechaning avvalida qoim bo‘lishar edi». Buxoriy rivoyat qilgan. Hazrati Umarning bu ishlariga sahobalardan va musulmon ummatidan biror kishi ham qarshi chiqmagan. عَنِ الْعِرْبَاضِ بْنِ سَارِيَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ r: فَعَلَيْكُمْ بِسُنَّتِي وَسُنَّةِ الْخُلَفَاءِ الْمَهْدِيِّينَ الرَّاشِدِينَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِِذِيُّ Irboziy ibn Soriyadan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mening sunnatimni va mendan keyin roshid xalifalarning sunnatini lozim tuting», – dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan. Abu Hanifa rahmatullohi alayhidan hazrati Umarning qilgan bu ishlari haqida so‘ralganda: «Taroveh sunnati muakkadadir. Uni Umar o‘zidan chiqargan emas. U bu ishda bid’atchi emas. Uning asli bor bo‘lgani uchun amr qilgan. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ahd bo‘lgan», deganlar. Taroveh namozi Ramazonda, Xufton namozidan keyin Vitr namozidan oldin o‘qiladi. U yigirma rak’atdan iboratdir. عَنْ يَزِيدَ بْنِ رُومَانَ رضي الله عنه قَالَ: كَانَ النَّاسُ يَقُومُونَ فِي زَمَانِ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ فِي رَمَضَانَ بِثَلاَثٍ وَعِشْرِينَ رَكْعَةً Yaziyd ibn Rumon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Odamlar Umar ibn Xattobning zamonida yigirma uch rak’at ila qoim bo‘lar edilar». Yigirmasi taroveh, uchtasi Vitr. Taroveh yigirma rak’at bo‘lishiga sahobalar, tobe’inlar, ulardan keyingi avlodlar va barcha fiqhiy mazhablarning imomlari ittifoq qilganlar. Har to‘rt rak’atdan keyin uning miqdoricha o‘tiriladi. Xuddi mana shu o‘tirish «tarviyha» deyiladi va uning ismidan taroveh namozining nomi olingandir. Ushbu o‘tirish paytida har yurtning odamlari o‘zlariga odat bo‘lib qolgan tasbih va tahlillardan o‘qishadi. Bir marta xatm qilish sunnatdir. Ramazondagi taroveh namozida Qur’onni bir marta xatm qilish sunnatdir. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنه قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صلي الله عليه وسلم  أَجْوَدَ النَّاسِ بِالْخَيْرِ وَكَانَ أَجْوَدُ مَا يَكُونُ فِي رَمَضَانَ حِينَ يَلْقَاهُ جِبْرِيلُ وَكَانَ جِبْرِيلُ عَلَيْهِ السَّلاَمُ يَلْقَاهُ كُلَّ لَيْلَةٍ فِي رَمَضَانَ حَتَّى يَنْسَلِخَ يَعْرِضُ عَلَيْهِ النَّبِيُّ الْقُرْآنَ. وَفِي رِوَايَةٍ: فَيُدَارِسُهُ الْقُرْآنَ فَإِذَا لَقِيَهُ جِبْرِيلُ عَلَيْهِ السَّلاَمُ كَانَ أَجْوَدَ بِالْخَيْرِ مِنَ الرِّيحِ الْمُرْسَلَةِ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yaxshilik qilishda odamlarning eng saxiysi edilar. Ul zotning eng saxiy bo‘lganlari esa, Ramazonda, Jabroil muloqotlariga kelganda bo‘lar edi. Jabroil alayhissalom Ramazon tamom bo‘lguncha har kecha u zotning muloqotlariga kelar edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam unga Qur’onni arz qilar (o‘qib berar) edilar». Boshqa bir rivoyatda: «Bas, u bilan Qur’on o‘qishar edi. Bas, qachon u zotga Jabroil alayhissalom muloqot qilsa, esgan shamoldan ham saxiyroq bo‘lib ketar edilar», deyilgan. Ikki Shayx rivoyat qilishgan. Har Ramazonda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni Karimni Jabroil alayhissalom huzurlarida o‘qib, o‘tkazib olishlari u zotning ummatlari uchun o‘rnakdir. Shuning uchun, har bir musulmon shaxs ham Ramazonda Qur’oni Karimni kamida bir marta nazardan o‘tkazib olishi lozim. Ramazonda xatm qilish shundan olingan. Uch kundan kam muddatda xatm qilish makruhdir. «Sunan» sohiblari rivoyat qilgan va Termiziy «sahih» degan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhuga: «Kim uch kundan ozda uni o‘qisa, uni anglamaydi», deganlar. Uni qavmning dangasaligi tufayli tark qilinmaydi. Xatmi Qur’onni sunnat sifatida qilinaveradi. Malol ko‘rganlar xohlamasa, ishtirok etmay qo‘yaveradilar. Savob umidida bo‘lganlar ishtirok etaveradilar. Ramazondan tashqarida Vitrni jamoat bilan o‘qilmaydi. Faqatgina Ramazonda Vitrni jamoat bilan o‘qiladi.

20 Aprel 2022, 19:04 | Savol-javoblar | 166
|
Boshqa savol-javoblar