Jinsiy yaqinlik odobi

Assalomu alaykum! Ba’zi sabablarga ko‘ra farzandlar bilan bir xonada yotishga to‘g‘ri kelib qolinsa, er-xotin aloqalari qilinadigan bo‘lsa o‘rtaga matodan to‘siq qo‘yib kilish joiz deb eshitdim. Shu gap rostmi? Aslida dinimizda jinsiy yaqinlik odobi qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!JINSIY YaQINLIK ODOBLARISir emas, Alloh taolo insonni yaratganda xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin, jinsiy tuyg‘u va ehtiyoj bilan qo‘shib yaratgandir. O‘sha xohish-ehtiyojni esa nikoh yo‘li bilan qondirish kerak. Shuning uchun ham shariatga nikoh kiritilgan. Chunki faqat nikoh orqaligina har bir insonda mavjud o‘sha jinsiy ehtiyojni halol-pok ravishda qondirish mumkin. Bu o‘ta nozik va hissiyotli amaliyotning ham o‘ziga yarasha odoblari, madaniyati bor. Ming afsuslar bo‘lsinkim, ushbu o‘ta muhim odob ham musulmonlar orasida unutilib, xuddi yuqorida ta’kidlangan boshqa holatlardagi kabi, o‘zga xalqlarning «odobi», ya’ni odobsizligi kirib kelmoqda. Ularning fahsh filmlari, nashriyotlari, qo‘llanmalari «odob» o‘rgatadigan manbaga aylanib bormoqda. Buni bizning xalqaro ma’lumotlar tarmog‘idagi sahifamizga kelayotgan savollardan tushunib olish mumkin. Erkak va ayollar ko‘pincha «Unday qilsa bo‘ladimi, bunday qilsa bo‘ladimi?» deya mazkur boshqa madaniyatning taqdim qilayotgan «odob»lari haqida so‘raydilar. Buning bosh sababi boshqa madaniyatning kishilarimizga ta’siri bo‘lsa, undan kam bo‘lmaydigan yana bir sabab ham mavjud, u ham bo‘lsa, bu narsalarni kishilarga o‘z madaniyatimiz asosida taqdim qilinmayotganidir. Bu gapning dalili sifatida ham xalqaro ma’lumotlar tarmog‘idagi sahifamizga murojaat qilamiz. Bir necha yillardan buyon uning «eng ko‘p o‘qilgan maqolalar» bo‘limida birinchi o‘rinni «Jinsiy aloqa odoblari» nomli maqola egallab turibdi. Islom madaniyatida jinsiy aloqa o‘ta shaxsiy va nozik ish bo‘lganligidan, bu narsa o‘ziga xos odob bilan muolaja qilinadi. U haqdagi gaplar ko‘z-ko‘z qilinmaydi, hammaning qulog‘i qizitilmaydi. Noo‘rin ravishda kishilarning xayoli buzilmaydi. Gunohga chaqirilmaydi. Ushbu yuksak odob barcha holatlarda o‘z o‘rnini topgan bo‘ladi. Hattoki, ota-onaning yotog‘i bolalarga namoyon bo‘lishining ham oldi olinadi. U, iloji boricha, ko‘zdan chetroqqa qilinadi. Avvallari – to‘shak har kuni solib, har kuni yig‘iladigan davrlarda ham avval ota-ona o‘z yotog‘ini yig‘ib olib, keyin bolalarini uyg‘otganlar. Xuddi shu qoidaga boshqa holatlarda ham amal qilingan. Jinsiy yaqinlik odobi Qur’oni Karimda zikr qilingan odoblardandir. Mana shu omilning o‘zi ham bu boradagi odoblarga qanchalik katta ahamiyat berilganini ko‘rsatadi. Alloh subhaanahu va taolo «Baqara» surasida marhamat qiladi:نِسَآؤُكُمْ حَرْثٌ لَّكُمْ فَأْتُواْ حَرْثَكُمْ أَنَّى شِئْتُمْ وَقَدِّمُواْ لأَنفُسِكُمْ وَاتَّقُواْ اللّهَ وَاعْلَمُواْ أَنَّكُم مُّلاَقُوهُ وَبَشِّرِ الْمُؤْمِنِينَ۝«Ayollaringiz ekinzorlaringizdir. Bas, ekinzoringizga xohlagan tomoningizdan keling. O‘zingiz uchun (yaxshilik) taqdim qiling. Va Allohga taqvo qiling hamda, bilingki, albatta, Unga ro‘baro‘ keluvchisiz. Mo‘minlarga xushxabar ber» (223-oyat). Er-xotin orasidagi hassos va nozik aloqa Qur’oni Karim oyatlarida o‘ziga xos odob va uslub bilan tasvirlanadi. Avvalgi oyatlardan birida er-xotinni bir-biriga nisbatan kiyim – libos deb ta’rif qilingan edi. Bu oyatda esa ayollar ekinzorga o‘xshatilyapti. Ekinzorga urug‘ tashlansa, hosil unib chiqqanidek, ayolga erkakdan tushgan urug‘likdan farzand unib chiqishiga ishorat qilib: «Ayollaringiz ekinzorlaringizdir», deyilmoqda. Modomiki, ular sizning ekinzor ekanlar, «Bas, ekinzoringizga xohlagan tomoningizdan keling». Ya’ni, xohlagan vaqtingizda, xohlagan holatingizda jinsiy yaqinlik qiling. Ayni chog‘da maqsad, ko‘zlangan g‘oya esingizdan chiqmasin: «O‘zingiz uchun (yaxshilik) taqdim qiling». Allohdan qo‘rqish, unga taqvo qilish yodingizdan ko‘tarilmasin. «Va Allohga taqvo qiling hamda, bilingki, albatta, Unga ro‘baro‘ keluvchisiz». Demak, ehtiyot va hushyor bo‘lish kerak. Oyatning oxirida esa Allohga ro‘baro‘ kelganda mo‘minlarga yaxshilik bo‘lishini ta’kidlab: «Mo‘minlarga xushxabar ber», deyilyapti.عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَتِ الْيَهُودُ تَقُولُ: إِذَا أَتَى الرَّجُلُ امْرَأَتَهُ مِنْ دُبُرِهَا فِي قُبُلِهَا كَانَ الْوَلَدُ أَحْوَلَ، فَنَزَلَتْ نِسَآؤُكُمْ حَرْثٌ لَّكُمْ فَأْتُواْ حَرْثَكُمْ أَنَّى شِئْتُمْ ﯨ-. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُJobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Yahudiylar «Agar erkak xotiniga orqa tomondan oldiga yaqinlik qilsa, bola g‘ilay bo‘ladi», der edilar. Shunda «Ayollaringiz ekinzorlaringizdir. Bas, ekinzoringizga xohlagan tomoningizdan keling», oyati nozil bo‘ldi».To‘rtovlari rivoyat qildilar. Jinsiy tarbiya muhim masalalardan bo‘lganligi uchun Alloh taolo uni Qur’oni Karimda zikr qilgan. Doim bo‘lgani kabi, o‘sha paytlarda ham bu nozik va o‘ta hassos masalada odamlar ichida bo‘lar-bo‘lmas gaplar chiqib turar edi. Jumladan, ahli kitob bo‘lgan, madaniyat sohibi sanalgan yahudiylar ham turli diydiyolarni tarqatib turar edilar. Ular «Agar er xotinining oldiga orqa tarafidan turib yaqinlik qilsa, bolasi g‘ilay tug‘iladi» degan gapni tarqatgan edilar. Alloh taolo yuqorida zikr etilgan oyatni nozil qilib, ularning gaplari botil ekanini bayon etdi. Qaysi tomondan bo‘lsa ham, ekin – bola bo‘ladigan joyga bo‘lsa, bas. Bolaning qanday bo‘lishiga yaqinlik qilish holati sabab bo‘lmaydi.عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: لَوْ أَنَّ أَحَدَكُمْ إِذَا أَرَادَ أَنْ يَأْتِيَ أَهْلَهُ قَالَ: بِاسْمِ اللهِ، اللَّهُمَّ جَنِّبْنَا الشَّيْطَانَ وَجَنِّبِ الشَّيْطَانَ مَا رَزَقْتَنَا، فَإِنَّهُ إِنْ يُقَدَّرْ بَيْنَهُمَا وَلَدٌ فِي ذَلِكَ لَمْ يَضُرَّهُ شَيْطَانٌ أَبَدًا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُIbn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Agar birortangiz o‘z ahliga yaqinlik qilishni iroda etgan paytida «Bismillahi. Allohumma! Jannibnash-shaytona va jannibish-shaytona maa rozaqtana», desa, albatta, agar o‘shandan ularga farzand beriladigan bo‘lsa, unga shayton hech qachon zarar etkaza olmaydi», dedilar».Beshovlari rivoyat qildilar. Duoning ma’nosi: «Allohning nomi bilan. Allohim, bizdan shaytonni chetda qilgin, shaytonni bizni rizqlantirgan narsangdan chetda qilgin». Jufti haloliga jinsiy yaqinlik qilayotgan kishi ushbu duoni o‘qishi lozim. O‘shanda shaytonning sharridan saqlangan bo‘ladi. Mabodo, o‘sha yaqinlikdan oralarida farzand paydo bo‘lsa, u bolaga hech qachon shayton zarar etkaza olmaydi.عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِيَّاكُمْ وَالتَّعَرِّيَ، فَإِنَّ مَعَكُمْ مَنْ لَا يُفَارِقُكُمْ إِلَّا عِنْدَ الْغَائِطِ وَحِينَ يُفْضِي الرَّجُلُ إِلَى أَهْلِهِ، فَاسْتَحْيُوهُمْ وَأَكْرِمُوهُمْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّIbn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Yalang‘och bo‘lishdan saqlaninglar. Chunki siz bilan qazoi hojat va er kishi o‘z ahliga qo‘shilgan paytdan boshqa vaqtda hech ajralmaydiganlar bo‘ladi. Bas, ulardan hayo qilinglar va ularni ikrom etinglar», dedilar».Termiziy rivoyat qilgan. Bu rivoyatdagi «faqat ikki holatdan boshqa paytda odamdan ajralmaydiganlar» deb aytilayotgan narsalar farishtalardir. Mazkur ikki holatdan biri «er kishi o‘z ahliga borgan payt»idir. Shuning uchun ham mo‘min-musmonlar o‘sha farishtalarning rioyasini qilib yurishlari kerak. Shariat ruxsat bermagan holatlarda, farishtalarga ozor bo‘lmasligi uchun, avratlarini aslo ochmasliklari lozim.عَنْ عَلِيِّ بْنِ طَلْقٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: أَتَى أَعْرَابِيٌّ النَّبِيَّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، الرَّجُلُ مِنَّا يَكُونُ فِي الْفَلَاةِ فَتَكُونُ مِنْهُ الرُّوَيْحَةُ وَيَكُونُ فِي الْمَاءِ قِلَّةٌ، فَقَالَ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: إِذَا فَسَا أَحَدُكُمْ فَلْيَتَوَضَّأْ، وَلَا تَأْتُوا النِّسَاءَ فِي أَعْجَازِهِنَّ، فَإِنَّ اللهَ لَا يَسْتَحْيِي مِنَ الْحَقِّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَحَمَدُAli ibn Tolq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:«Yo Rasulalloh, bizdan bir kishi ochiq joyda bo‘ladi. Undan hid chiqadi. Suv oz bo‘ladi», – dedi.Shunda u zot: «Qachon biringiz hid chiqarsa, tahorat qilsin, ayollarning orqalariga yaqinlik qilmanglar! Albatta, Alloh haqdan hayo qilmas», – dedilar».Termiziy va Ahmad rivoyat qilganlar. A’robiylar sahro tabiatli bo‘lganliklari uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan har qanday narsani, nima to‘g‘ri kelsa, tortinmasdan so‘rayverar edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan doimo birga bo‘ladigan sahobiylar ham a’robiylar kelib, biror narsa so‘rashsa edi, biz ham foydalanib qolar edik, deb turar edilar. Mana, bir a’robiy kelib, a’robiychasiga savol so‘radi. Uning savoli hid chiqargan odam tahorat qilmay qo‘yaversa, bo‘lavermaydimi, degan ma’noda edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hid chiqargan odam tahorat qilishi shart ekanini ta’kidlash bilan birga, boshqa bir muhim masalani ham aytib o‘tdilar. U ham bo‘lsa, ayol kishining orqasiga yaqinlik qilmaslik. Bu muhim masala, buni erkagu ayol, har bir shaxs bilmog‘i kerak. Chunki bu narsa halol-haromga, gunohga tegishli masala. Bu uyat gap, deb aytmay ketadigan masala emas. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mazkur gapni aytganlaridan keyin: «Albatta, Alloh haqdan hayo qilmas», deb ilova qilib qo‘ydilar. Xuddi shu ma’no bizning tilimizga «Shariatda sharm yo‘q» deb tarjima qilingan. Halol-harom, gunoh-savobga bog‘liq bo‘lganligi uchun oddiy holatlarda uyatli hisoblangan ba’zi gaplarni ham gapirishga to‘g‘ri kelishi shunday izohlanadi.وَلِأَصْحَابِ السُّنَنِ: مَلْعُونٌ مَنْ أَتَى امْرَأَتَهُ فِي دُبُرِهَا«Sunan» egalarining rivoyatida «Kim ayolining orqasiga yaqinlik qilsa, mal’undir», deyilgan. Xotinining oldini qo‘yib, orqasiga yaqinlik qilish katta gunohdir. Unday odam Alloh taoloning la’natiga uchraydi. Chunki bu shar’an harom qilingan ishdir. Shariatda harom qilingan ishni qilgan odam esa la’natga uchraydi, Allohning rahmatidan quviladi. Ko‘p marta takrorlanganidek, shariatda «harom», «gunoh», «man qilingan» deyilgan narsalarning barchasi inson zoti uchun zararli bo‘ladi. Jumladan, ayol kishining orqasiga yaqinlik qilish ham buzuq tabiat alomati bo‘lishi bilan birga, avvalo, o‘sha ishni qiluvchilarga katta zarar keltirishi turgan gap.عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: لَا يَنْظُرُ اللهُ إِلَى رَجُلٍ أَتَى رَجُلًا أَوِ امْرَأَةً فِي الدُّبُرِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَحَمَدُIbn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Erkak yoki ayol kishining orqasiga yaqinlik qilgan kishiga Alloh nazar qilmas», – dedilar».Termiziy va Ahmad rivoyat qilganlar. Ushbu rivoyatda zikr qilingan ish eng munkar ishlardan ekani, uni insonlik tabiatidan chiqib ketgan mal’unlargina qilishi mumkinligi hammaga ma’lum va mashhur.وَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: كُلُّ مَا يَلْهُو بِهِ الرَّجُلُ الْمُسْلِمُ بَاطِلٌ إِلَّا رَمْيَهُ بِقَوْسِهِ، وَتَأْدِيبَهُ فَرَسَهُ، وَمُلَاعَبَتَهُ أَهْلَهُ، فَإِنَّهُنَّ مِنَ الْحَقِّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Musulmon kishining behuda ko‘ngilxushlik qilishi botildir. Kamonidan o‘q otsa, otini o‘rgatsa va ahli bilan o‘ynashsa, mustasno. Bu narsalar haqdandir», – dedilar».Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilganlar. Kamondan o‘q otish, merganlikka tayyorlanish vatan, dinu diyonat mudofaasi uchun tayyorgarlik ko‘rishdir. Demak, bu boradagi urinishlarning zamonaviy ko‘rinishlarini ham behuda urinish deb bo‘lmaydi. Otni o‘rgatish ham, chavandozlikni mashq qilish ham o‘zi va jamiyati foydasiga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat. Bu ma’nodagi urinishlar, albatta, behuda hisoblanmaydi. Xotini bilan ko‘ngilxushlik qilish ham shu toifaga kiradi. Bu narsa halol, pok. Oilaning inoqligi, oradagi muhabbatning bardavomligi shunga bog‘liq. Jumladan, jinsiy yaqinlik ham ushbu doiradagi ishlarga kiradi.وَقَالَ جَابِرٌ رَضِي اللهُ عَنْهُ: كُنَّا نَعْزِلُ عَلَى عَهْدِ رَسُولِ الله صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَبَلَغَهُ ذَلِكَ فَلَمْ يَنْهَنَا. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ «Jobir roziyallohu anhu:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida «azl» qilar edik, bu narsa u zotga etganda bizni qaytarmaganlar», dedi».Ikki shayx va Termiziy rivoyat qildilar. «Azl» – urug‘likni bachadondan tashqariga to‘kish haqidagi barcha dalillarni o‘rgangan ulamolarimiz: «Bu ishni faqat xotinning roziligi bilan qilish mumkin. Chunki bu ayol kishining haqqidir», deganlar. Bu ish o‘sha vaqtda bevaqt homila bo‘lib qolishining oldini olish uchun qilinadigan ishlardandir. Ayni paytda, u jinsiy aloqa odoblariga kiradigan ishlardan hisoblanadi. Shuning uchun ham muhaddislarimiz ushbu rivoyatni mana shu bobda keltiradilar. Bundan er-xotinning jinsiy aloqa bobida ham bir-birlarida haqlari borligi bilib olinadi.عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِنَّ أَشَرَّ النَّاسِ عِنْدَ اللهِ مَنْزِلَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ الرَّجُلُ يُفْضِي إِلَى امْرَأَتِهِ وَتُفْضِي إِلَيْهِ ثُمَّ يَنْشُرُ سِرَّهَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَحْمَدُAbu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Qiyomat kuni Allohning nazdida martabasi eng yomon odam ayoliga yaqinlik qilib, ayoli unga yaqin bo‘lganidan keyin sirini odamlarga yoyib yuradigan kishidir», dedilar».Muslim va Ahmad rivoyat qilganlar. Er-xotinning orasidagi shariat ishi (mubosharat) faqat ikkisining siri bo‘lib qolishi kerak. Er ham, xotin ham jinsiy aloqa paytida bo‘ladigan narsalarni boshqalarga aytmasligi lozim. Mazkur sirni boshqalarga aytib yurish beodoblik, sharmu xayosizlik va gunoh ish hisoblanadi, jamiyatda fohisha gap-so‘z va ishlarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham quyida o‘rganiladigan rivoyatimizda bu ishni qiladigan kishi shaytonga o‘xshatilmoqda.وَلِأَصْحَابِ السُّنَنِ: إِنَّمَا مَثَلُ ذَلِكَ مَثَلُ شَيْطَانَةٍ لَقِيَتْ شَيْطَانًا فِي السِّكَّةِ فَقَضَى مِنْهَا حَاجَتَهُ وَالنَّاسُ يَنْظُرُونَ إِلَيْه «Sunan» egalarining rivoyatida:«Uning misoli urg‘ochi shayton ko‘chada erkak shaytonga duch kelib, odamlar qarab turganda undan (urg‘ochi shaytondan) hojatini qondirib olganga o‘xshaydi», – deyilgan. Er-xotinlarning o‘zlari oralaridagi jinsiy hayot haqida boshqalarga so‘zlab yurishlari ana shunday sharmandali ish hisoblanadi. Shuning uchun mo‘min-musmon erkagu ayol o‘zaro jinsiy sirlarini hech kimga aytmasliklari kerak. Oilaviy hayot, jinsiy munosabat odoblari haqida so‘z ketar ekan, ushbu mavzuning ajralmas qismi bo‘lgan g‘usl masalasini ham eslab o‘tsak, maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak. Bilganlarga takror, bilmaganlarga ilm-ma’rifat bo‘ladi, inshaalloh. ("Baxtiyor oila" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:04 | Savol-javoblar | 357
|
Boshqa savol-javoblar