Mayyitning kafan chaynashi

Assalomu alaykum! Xalqimizda "o‘lik kafan chaynabdi, o‘lik tortibdi" degan gaplar ko‘b bo‘ladi. Dinimizda bu narsalarga nima deyilgan?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu safsatadan boshqa narsa emas. Alloh taolo “Munofiqun” surasining 11-oyatida marhamat qiladi: وَلَن يُؤَخِّرَ اللَّهُ نَفْسًا إِذَا جَاء أَجَلُهَا وَاللَّهُ خَبِيرٌ بِمَا تَعْمَلُونَ 11. Alloh ajali kelgan jonni hech-hech orqaga surmas. Va Alloh nima amal qilayotganingizdan o‘ta xabardordir. Oqil kishi boshiga o‘lim kelmasidan avval xayrli ishlarni ko‘proq qilib qolishga intiladi va shunday bo‘lishi ham lozim. Chunki Alloh taolo har bir gapu ishdan xabardor Zotdir. “Oli Imron” surasi 145-oyatida ham: وَمَا كَانَ لِنَفْسٍ أَنْ تَمُوتَ إِلاَّ بِإِذْنِ الله كِتَابًا مُّؤَجَّلاً وَمَن يُرِدْ ثَوَابَ الدُّنْيَا نُؤْتِهِ مِنْهَا وَمَن يُرِدْ ثَوَابَ الآخِرَةِ نُؤْتِهِ مِنْهَا وَسَنَجْزِي الشَّاكِرِينَ 145. Hech bir jon Allohning iznisiz o‘lmas. Yozilgan ajal o‘laroq. Kim bu dunyoning savobini istasa, unga o‘shandan berurmiz. Kim oxiratning savobini istasa, unga o‘shandan berurmiz. Va shukr qiluvchilarni albatta mukofotlarmiz. Sizlar o‘limdan qo‘rqib, urushni tashlab, qochib yuribsizlar. Holbuki, Allohning iznisiz birorta odam o‘lmaydi. Qachonki Alloh jon oluvchi farishtaga izn bergandagina, uning jonini oladi: «Yozilgan ajal o‘laroq» – ma’lum va belgilangan muddatdir. O‘lim undan avval ham, keyin ham kelmaydi. Balki aynan belgilangan vaqtda keladi. Shuning uchun qo‘rqmasdan, dushman bilan urushaverishingiz kerak edi. Qo‘rqoqlik ajalni cho‘zib yubormaydi. Shijoat ham umrni kamaytirib qo‘ymaydi. Shunday bo‘lganidan keyin hamma oxirati uchun nima tayyorlab qo‘yganiga qarasin. Qilgan amaliga qarab, samarasini teradi. «Kim bu dunyoning savobini istasa, unga o‘shandan berurmiz». Kim bu besh kunlik dunyoning dardida yurgan bo‘lsa, iymon yo‘lini tark qilib, hayvon kabi, bu dunyo matohlaridan foydalanishni o‘zining oliy maqsadi qilib olgan bo‘lsa, unga o‘sha xohlagan narsasi beriladi. Lekin belgilangan ajalidan ortiq yashay olmaydi. Oxiratiga hech narsa qolmaydi. «Kim oxiratning savobini istasa, unga o‘shandan berurmiz». Kimki oliy ufqlarga intilsa, bu besh kunlik dunyoning tor doirasi bilan chegaralanib qolmay, oxiratning cheksiz hayotiga ham intilsa, iymon yo‘lini o‘ziga yo‘l tutib, haqiqiy inson bo‘lib hayot kechirsa, ushbu hayoti davomida oxirat savobiga erishishni o‘zining oliy maqsadi qilib olgan bo‘lsa, unga o‘sha xohlagan narsasi beriladi. Lekin u ham ajali etganda o‘ladi. «Va shukr qiluvchilarni albatta mukofotlarmiz». Inson zotini ulug‘lagan Allohga shukr qilib, hayvonlik darajasidan insonlik darajasiga ko‘tarilib, iymon yo‘lini tutganlarga Allohning munosib mukofotlari bo‘ladi. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Alloh belgilagan vaqt soat kelganida siz aytgandek “kafan chaynash”iga qaralmaydi. Vaqti soati kelmagan bo‘lsa, hech kim o‘lmaydi. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 23:14 | Savol-javoblar | 149 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar