Hojati asliya deb nimaga aytiladi?

Axli sunna mazhablariga kura hojati asliya deb nimaga aytiladi? Xozirgi zamonda bu kanday xisob qilinadi? Kim kambagal va kimlar boy xisoblanadi? Ya’ni fitr sadaka va kurbonlik hozirgi turmushimizda kanday odamlarga vojibu, kimlarga vojib emas?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Zakot bobida «hojati asliya» nima ekanligini Hanafiy mazhabi ulamolari quyidagicha ta’riflaydilar: «Hojati asliya – insondan halokatni fe’lan qaytaradigan, eb-ichib, kiyishga ketadigan nafaqa, yashash joyi, urush anjomlari, yoki halokatni farazan qaytaradigan narsalar: qarz, hunar asboblari, uy anjomlari, minishga ulov, ilm kitoblari kabi narsalardir. Agar kishining qo‘lida mazkur hojatlarga sarflashi kerak bo‘lgan pullari bo‘lsa, ular xuddi yo‘qdekdir. Bu xuddi ichishga ehtiyoj bor suvni yo‘qdek hisoblab, tayammum qilish joiz bo‘lganidek». Ushbu ta’rifga nazar soladigan bo‘lsak, fuqaholarimiz inson hayotini qanchalar yaxshi o‘rganganlarini, hozirgi zamon iqtisodchilari va qonunlari ularning oldilarida ip ham esha olmasliklarining guvohi bo‘lamiz. Insonning eb-ichmoq, kiymoq uchun imkoni bo‘lmasa, halok bo‘lishi turgan gap. Yashashga joyi bo‘lmasa ham, urush bo‘lib turganda o‘zini himoya qilish anjomi bo‘lmasa ham hayotiga xavf tug‘iladi. Qarz ham halokat. Qarz beruvchi uning ustidan hukumatga arz qilsa, uni qamab qo‘yishlari mumkin. Bu ham halokatning bir turi. Ishlash uchun hunar asbobi bo‘lmagan odam o‘zi va oilasi uchun nafaqani qanday topadi? Uyiga, ro‘zg‘origa kerakli asbob-anjom bo‘lmasa ham iloj yo‘q! Mingani ulovi bo‘lmagan odam ishiga borishi, tijorat qilishi va boshqa hojatlarini bajara olmay, halok bo‘lishi turgan gap. Eng muhimi, kitobga ega bo‘lmaslik ham halokatdir. Uyida kitobi yo‘q kishini halok bo‘lgan deb sanash qaysi diynda, tuzumda, qonun-qoida yoki falsafada bor? Kitobni non-suv bilan bir qatorda odamni halokatdan saqlab qoluvchi narsa, deb hisoblash kimning xayoliga kelgan? Johillik, ilmsizlik o‘limga teng, deb kim aytgan?

26 May 2022, 23:12 | Savol-javoblar | 213 | Zakot
|
Boshqa savol-javoblar