Xoiza paytida aytilgan uch talok

Assalomu alaykum!Muhtaram shayx hazratlari, Allohdan ilmingizga barakot tilab, quyidagi savol bilan murojaat etmoqdamiz:Yigit-qiz bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan ekan, gunoh sodir qilib qo‘yishmasin deb, nikohlab qo‘ydik. Biroq, ma’lum bo‘lishicha, ular qovushmagan ekan. Kelin nikohdan sal keyin to‘qqiz oy davomida safarda bo‘lgan. Safardan qaytgach, kuyov bilan murosasi kelishmay, o‘rtada janjal chiqibdi. Kuyov kelinga «Boshing ochiq, senga javob» deb yuboribdi. Oradan bir haftacha o‘tgach, yana bir janjalda «uch taloqsan» deb ham aytibdi. Ana shu ikki janjal paytida kelin hoiza bo‘lgan. Takror aytamizki, kelinimiz hali bokira ekan. Savolimiz quyidagicha: Kelin bokira bo‘lsa, uch taloq aytilgandan so‘ng idda tutadimi? «Senga javob» deganda bir taloq tushgan bo‘lsa, keyingi safar hoiza paytidagi «uch taloqsan» degan gap avvalgi taloqdan keyingi muhlatni, ya’ni ikkinchi yoki uchinchi taloqqacha bo‘lgan qaytish imkoniyatini bekor qiladimi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Ey, iymon keltirganlar! Qachonki mo‘minalarni nikohlab olsangiz, so‘ngra ularni qo‘l tekkizmay turib, taloq qilsangiz, ular zimmasida siz uchun idda o‘tirish bo‘lmas. Bas, siz ularni bahramand qiling va go‘zal bo‘shatish ila bo‘shatib yuboring.Bu oyati karimada aqdi nikohdan keyin eru xotinlik qilmay turib bo‘ladigan taloq haqida so‘z ketmoqda. Bu holat oz bo‘lsa-da, hayotda uchrab turadi. Kuyov bilan kelin o‘rtasida nikoh o‘qilganidan so‘ng, ular bir-birlari bilan eru xotin sifatida xilvat joyda yolg‘iz qolgunlaricha hukmlar bir xil bo‘ladi. Xilvatda qolganlaridan keyingi hukmlar esa, boshqacha bo‘ladi. Bu oyatda birinchi holat muolaja qilinmoqda.Ey, iymon keltirganlar! Qachonki mo‘minalarni nikohlab olsangiz, so‘ngra ularni qo‘l tekkizmay turib, taloq qilsangiz, ular zimmasida siz uchun idda o‘tirish bo‘lmas.Nikohdan so‘ng, qo‘l tekkizmay turib, ya’ni, eru xotin sifatida xilvatda yolg‘iz qolmay turib taloq qilsa, kelin idda o‘tirmaydi. Chunki, idda eru xotinlikdagi hayot hurmati va boshqa narsalar sababidan joriy qilingandir. Ushbu holatda esa, mazkur mulohaza yo‘q. Chunki, ular er-xotin bo‘lib, bir lahza ham birga yashaganlari yo‘q.Bu holatda avvalgi bir taloq boin bo‘ladi va keyingi uch taloq tushmaydi.

27 May 2022, 02:32 | Savol-javoblar | 179 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar