Ikki namozga bir niyat

Assalomu alaykum! Ustozlar men sizlarning bergan javoblaringizdan kishi qazo namozi bilan birga naflni niyat qilib bo‘lmasligini bildim. Men shu kungacha qazolarni o‘qishda 2 va 4 rak’atligiga naflni ham qo‘shib niyat qilib o‘qib kelayotgandim ya’ni «falon qazo namozim bilan birga falon naflni o‘qishni niyat qildim» deb. Shu tartibda o‘qigan namozlarim hukmi qanday bo‘ladi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!Hanafiy mazhabimizda ikki ibodatga niyatni bir ibodat ostida jamlash haqida shunday kelgan: “Ikki ibodatni orasini niyatda jamlash ikki xil bo‘ladi. Birinchisi vasila-vositalarda jamlash bo‘lib, bunga jum’a kungi g‘uslni misol qilish mumkin. Bir kishi juma kuni g‘usl qilishda ham juma uchun hamda janobatdan poklanish g‘uslini niyat qilsa joiz bo‘ladi, ikkisini savobiga erishadi. Ikkinchi jamlash esa maqsadlarda bo‘ladi. Bunda ikki farzni yoki ikki naflni yoki farz va naflni jamlab niyat qilish bilan bo‘ladi. Endi ikki farzni bir niyatga jamlash namoz va boshqa ibodatlarda namoyon bo‘ladi. Agar namozda ikki farzni niyat qilsa, masalan peshin va asr namozlarini o‘qiyman deb to‘rt rakaatga niyat qilsa, ikkisi ham durust bo‘lmaydi. Ammo buni ro‘za tutishda qilsa, masalan zimmasidagi qazo va kafforat ro‘zasini jamlab bir kun ro‘za tutishni niyat qilsa, faqt qazoga o‘tadi.

Agar farz va naflni jamlab niyat qilsa, masalan peshinni farzi va sunnatini deb to‘rt rakaatga niyat qilsa, Imom Abu Yusufning nazdlarida bu suratda farzga o‘tadi, naflga qilgan niyati bekor bo‘ladi. Imom Muhammadga ko‘ra esa, farzga ham naflga o‘tmaydi. Xuddi shunday niyatni zakot masalasida qilsa, masalan farz zakotni va nafl sadaqani niyat qilsa, zakotga o‘tadi. Imom Muhammad esa naflga o‘tadi deganlar.

Ammo bir niyat bilan ikki naflni jamlasa, masalan bomdodni sunnati bilan tahiyyatul masjidni birga niyat qilsa, ikkisiga ham o‘tadi.

Yuqoridagi savolingizdagi holatda farz va naflni niyatini jamlaganingizda, faqat farzga o‘tadi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:41 | Savol-javoblar | 176 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar