Aqiqa va hatna

Bismillahir rohmanir rohiym.Assalomu alaykum!Dinimizda otaning farzandi uchun amalga oshiradigan aqiqa (o‘g‘il-qiz uchun) va hatna (o‘g‘il bola uchun) ibodatlari aslida,bir ma’nodagi ibodat ahkomidami yoki ular boshqa-boshqa bajariladimi?Tashakkur!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Aqiyqa va Xatna ibodat emas, marosim va amaldir.«Aqiyqa» lug‘atda «yordi» ma’nosini anglatib, aslida yangi tug‘ilgan bolaning sochiga aytiladi. Shariat ta’limotlariga muvofiq, tug‘ilishning ettinchi kuni bolaning sochini olib, o‘sha soch og‘irligida kumush sadaqa qilmoq tavsiya qilinadi. Soch boshdan ajratib olingani uchun «aqiyqa» deyiladi. O‘sha munosabat ila so‘yiladigan qo‘y ham «aqiyqa» deyiladi.Iste’molda shu ma’noda ko‘p ishlatilgani uchun «aqiyqa» deganda faqat yangi farzand tug‘ilishi munosabati ila so‘yiladigan qo‘y tushiniladigan bo‘lib qolgan.Salmon ibn Omir az-Zobbiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«G‘ulom ila aqiyqa bordir. Bas, uning uchun qon chiqaring va undagi nopoklikni ketkazing», dedilar».Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan.Hadisdagi bu jumla yangi tug‘ilgan bolaning aqiyqasi o‘zi bilan, deb tushiniladi. Ya’ni, har bir yangi tug‘ilgan bolaga aqiyqa lozim, deganidir.«Bas, uning uchun qon chiqaring».Ya’ni, yangi farzand tug‘ilgani sharafiga jonliq so‘ying.XATNAAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ibrohim alayhissalom sakson yildan keyin Qadum degan joyda o‘zlarini o‘zlari xatna qildilar», dedilar».Nabiylarning otasi bo‘lgan Ibrohim alayhissalom keksayib qolgan paytlarida ham o‘zlarini xatna qilgan ekanlar. Demak Alloh Taoloning bu amri o‘sha paytda joriy qilingan ekan. Xatna qildirish sunnatdir. Sunnat bo‘lganda ham Islomning shiorlaridan, xususiyatlaridan biri sanalgan sunnatdir. Agar bir yurtning odamlari xatnani tark qilishga kelishgan bo‘lsalar, Islom davlati boshlig‘i ularga qarshi urush e’lon qiladi. O‘g‘il bolalarni kichiklik chog‘ida xatna qildirish musulmon xalqlarning tark qilmaydigan odatiga aylanganligi yaxshi ish.Xatnada zakarning uch qismini qoplab turgan yumshoq teri kesiladi. O‘sha terini arabchada «qalafa» deyiladi.Hanafiy mazhabi bo‘yicha bolaning holiga qarab xatnani ko‘taradigan bo‘lganda qilinadi. Etti kunlik bolani xatna qilish shart emas.Shuningdek, zaifligi uchun xatnaga chiday olmaydiganlarni ham xatna qilinmaydi.Xatna qilinmagan odam vafot etsa, uni xatna qilinmaydi.Xatna holida tug‘ilgan shaxsni xatna qilinmaydi. Agar xatna qilinishi lozim bo‘lgan joyida ba’zi bir teri bo‘lsa uni olib tashlab lozim bo‘ladi.Xatnachining aybi ila xatna qilingan shaxsga talofat etsa, tavon to‘lanadi.Xatna munosabati ila marosim qilish mashru’dir. O‘g‘il bolalarning xatnasini izhor qilish sunnat.Yoshligida xatna qildirilmaganlarni ham shariat hukmlarini buzmagan holda keyinroq bo‘lsa ham, xatna qildirish ulamolarimiz tomonidan tavsiya qilinadi. Katta yoshdagi kishi musulmon bo‘lsa va xatna unga zarar keltirishi xavfi bo‘lsa, tark qilinadi.Bir odam, katta yoshda musulmon bo‘lgani uzri uchun xatna qilinmagan bo‘lsa, adolatli bo‘ladi va shahodati qabul qilinadi. Uzrsiz xatna qilinmagan odamning guvohligi qabul qilinmaydi. Xatna shofe’iy va hanbaliylar nazdida vojib, hanafiy va molikiylar nazdida sunnatdir. Bola tug‘ilganiga etti kun o‘tgandan boshlab xatna qilinsa bo‘laveradi degan ulamolar ham bor. Ba’zilar etti yoshdan o‘n yoshgacha xatna qilinsa, yaxshi bo‘ladi, deganlar.Xatnachi katta odamni yoki o‘smirni xatna qilish uchun avratiga nazar solishi joiz.Bu ishning qachalik foydali ekanini musulmonmaslar ham endi-endi anglab etmoqdalar.

29 Aprel 2022, 00:30 | Savol-javoblar | 188 | Bola tarbiyasi
|
Boshqa savol-javoblar