Qabr ziyorati haqida
Yaqindagina mavlud marosimlaridan birida masjidimizning avvalgi paytdagi imomlari bilan hamsuhbat bo‘lib qoldik. Qabr ziyorati haqida gapirib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan "O‘liklar tirikdir, tiriklar o‘likdir" ma’nosidagi hadisni so‘zlab, o‘tganlarimizni ziyoratiga borib salom bersak eshitishadi, ular bilan tiriklar bilan so‘zlashganday "Otajon(yoki onajon) Sizni Alloh rahmatiga olsin. Solih amallaringizni o‘zingizga hamroh qilsin. Dunyo hayotida bizga halol topgan molingizdan sarfladingiz,ilmni, Islomni, tanitdingiz. Biz uchun g‘amxo‘r edingiz. Alloh taolodan sizni gunohlaringizni kechrishini so‘rab duolar qilayapmiz. Qabringiz, keng, yorug‘ va nurli bo‘lsin va hokazo mazmundagi dindan chetga chiqmagan holdagi gaplarni aytish joiz. Ular gaplarni va duolarni eshitishadi. Bundan xushnud bo‘lishadi. Juma kuni, ayniqsa ortda qolganlarni ko‘p intizor kutishadi" degan ma’noda o‘git berdilar. Shuningdek, ayollarni qabr ziyoratiga yuborishda xushyor bo‘lishimizni, zinhor hayzli va yolg‘iz ayollarni qabristonga yaqinlashtirmaslikni ta’kidladilar. Ziyorat vaqtida ular tirikliklarida qanday qilib oyoq taraflarida o‘tirgan bo‘lsangiz, ana shunday qabrning oyoq tarafida cho‘kka tushib o‘tiring. Ularni xuddi tirikdek hurmat qiling degan gaplarni uqtirdilar. Hazrat, shunday tarzda bir-ikki marta o‘tganlarimizni ziyorat qildik. Inson o‘zini yig‘idan tutolmay qolar ekan. Shu tarzdagi ziyoratimizdan dilimiz taskin topsa, mumkinmi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Qabrlarni ziyorat qilish.
Ahli sunna va jamoa mazhabi bo‘yicha, ruh, ya’ni bayonga, nutq qilishga va xitobni fahmlashga qodir bo‘lgan jon, jasadning yo‘q bo‘lishi bilan yo‘q bo‘lib ketmaydi. U mavjud holda bo‘ladi. O‘lganlarning ruhlari to‘planadi. Azob va savob ham ruhga, ham badanga bo‘ladi. Ruh badandan ajraganidan keyin ne’matlanishi yoki azoblanishi davom etadi.
Mayyitlar o‘zlarining tirik yaqinlarining holini bilib turadi. Ularning yaxshi ishlaridan xursand, yomon ishlaridan xafa bo‘ladilar.
Mayyitlar o‘zini ziyorat qilganlarni biladi va u ma’ruf ish qilsa, foyda, munkar ish qilsa, ozor oladi.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha, qabrlarni ziyorat qilish erkak va ayollarga mandubdir. Boshqa mazhablar, ayollarning qabrlarni ziyorat qilishi joiz emas, deganlar.
Qabr ziyorati juma, shanba, dushanba va payshanba kunlari bo‘lgani yaxshi. Ziyorat va duo tik turgan holda bo‘ladi.
Ziyoratchi «Yaasiyn» surasini qiroat qilishi mandubdir.
عَنْ مَعْقِلِ بْنِ يَسَارٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ : اقْرَءُوهَا عَلَى مَوْتَاكُمْ يَعْنِي يس. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَبُو دَاوُدَ وَالْحَاكِمُ.
Ma’qal ibn Yasar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh solallohu alayhi vasallam:
«O‘liklaringizga «Yaasiyn»ni qiroat qiling», –dedilar».
Ahmad, Ibn Moja, Abu Dovud va Hokim rivoyat qilishgan.
Shuningdek, «Fotiha» surasi, «Baqara» surasining avvalidan «muflihun»gacha, «Kursiy» oyatini, «Amanarrasulu»ni, «Taborak» surasini, «Takaasur» surasini, «Qul a’uuzu birobbil falaqi» hamda «Qul a’uuzu birobbinnasi»ni uch martadan va «Ixlos» surasini uch, etti yoki o‘n bir marta o‘qisa ham, yaxshi bo‘ladi. Qiroatning savobini o‘tganlarga bag‘ishlab duo qilinadi.
Ayollarning ziyoratiga ularga xos yig‘i-sig‘i, noshar’iy ishlar bo‘lmasligi shart qilingan.
26 May 2022, 23:51 | Savol-javoblar | 170 | Turli savollar