Hayit kunlarida motam qilish

Assalomu alaykum! Usotlzlar 1oy oldin amakim vafot etdilar. Hozir xayitga ozgina qolganiligi sababli farzandlari xayit qilib xuddi 1-3-kunlikdagidek, xayitda ham bel bog‘lab turishmoqchi. Men 3 kundan ko‘p motam harom hisoblanadi dedim. Kattalar bu narsa urf odatga kirgan deyishyapti. Umuman dinimizda xayit qilib turish mumkunmi? Xozirda kop insonlarni obro‘ e’tibor uchun vafot etgan ota yoki onasiga juda ham dabdaba qilib isrofgarchilikka yo‘l  qo‘yishayotganlarini ko‘rib xayron qolaman. Shoyadki sizlarni menga bergan javoblaringizni o‘qib insonlar to‘g‘ri yo‘lga qaytsalar. Javobingiz uchun avvaldan tashakkur.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Hayit kunlarini azaga aylantirib olish. Ikki iyd kunlari mo‘min-musulmonlarning eng ulug‘ bayramlari hisoblanadi. Diniy manbalarimizda bu kunlarni xursandchilik, shodlik ruhida, bayram kayfiyatida o‘tkazilishi kerakligi ta’kidlangan. Ammo hayit kunlari fotihaxonlik qilish haqida ko‘rsatmalar yo‘q. Bugungi kunda bu odat musibat ahillariga ham ko‘plab qiyinchiliklar tug‘dirayotgani hech kimga sir emas. Ba’zan bu narsa azadorlarning yarasini yangilash, mashaqqatlari ustiga yana mashaqqat tug‘dirish bo‘layotganining ham guvohi bo‘lmoqdamiz. Shuning uchun ham ulamolarimiz uch kundan keyin ta’ziya bildirish uzoqdagi kishilar uchun, boshqalarning mazkur muddatdan keyin ta’ziya bildirishi musibatni yangilash bo‘ladi, bu esa musibat ahliga og‘ir keladi, ko‘zlangan maqsadga zid ish bo‘ladi, deb aytganlar. To‘g‘ri, musibatga uchragan ayrim ko‘ngil yaqin kishilarni hayit munosabati bilan yo‘qlash mumkin. Ammo bu ham aza tutish kayfiyatida qilinmaydi. Ehtimol, ana shunday ko‘ngilovlash shaklida yo‘lga qo‘yilgan ish keyinchalik fotihaxonlikka aylanib ketgandir. Shu bois, hayit kunlarini azaga aylantirib olish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ushbu ko‘rsatmalardan ham ma’lum bo‘ladiki, musulmonlarning bayram nishonlashi o‘ziga xos tarzda bo‘ladi. Avvalo ular ushbu kunlarga etkazganining shukronasi ma’nosida Alloh taologa bandalik izhor qilishadi – jamoat bo‘lib, hamalari bir bo‘lib namoz o‘qishadi, Alloh taologa iltijolar qilishadi, bergan ne’matlari uchun U Zotga hadu shukrlar aytishadi. Keyin bir-birlarini hayit bilan qutlab, ziyoratlar qilishadi. Beva-bechoralar, bemorlar holidan xabar olishadi, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar bilan o‘zaro bordi-keldilar qilishadi. O‘yin-kulgilarini ham axloq-odob doirasida, Alloh taologa osiy bo‘lmagan holda olib borishadi. Ana shundoq qilib, hayit kunlarini faqat yaxshilik bilan, ezgu amallar bilan o‘tkazishadi. Shuning uchun, ularning bayramlarida turli tartibsizliklar, har xil noxushliklar yuz bermaydi, balki holatlari yanada go‘zallashadi. Zotan, mo‘min bandaning hayiti – Allohga bog‘liqligi go‘zal bo‘lgan kunidir. Dinimizda hayit kunlarini nishonlashga doir kerakli ta’limotlar batafsil bayon qilingan. Biz ularning asosiylari bilan bir qator tanishib chiqqan ham bo‘ldik. Mo‘min-musulmonlar ushbu ko‘rsatmalarga rioya qilishlari lozim. Ularning hayit kunlarini qarshilashda boshqa xalqlarning bayram nishonlashdagi urf-odatlariga taqlid qilishga hojatlari yo‘q, bunday qilishlari durust ham emas. Aks holda, axloq-odobga, shariat ko‘rsatmalariga, Islom aqidalariga zid bo‘lgan holatlar yuzaga kelishi mumkin. Iyd kunlari Alloh taolo ulug‘ qilgan kunlardir, Islomning nishonalari, shiorlaridandir. Binobarin, ularni nishonlashda mana shu ruh doimo balqib turishi lozim. Ramazon hayiti bayramini mazkur odoblarga rioya qilgan holda o‘tkazsak, ushbu ulug‘ kunni munosib nishonlagan bo‘lamiz, ko‘plab yaxshiliklarga, ajru savoblarga ega bo‘lamiz, xalqimiz orasida ezgulik, mehr-oqibat bardavom bo‘lishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz, eng muhimi, ushbu kunlarni bizga bayram qilib bergan Robbimizning roziligiga  musharraf bo‘lamiz. Siz bilan biz musulmonlarning baxtimiz shundaki, ushbu ikki hayit kunlarini bayram qilib nishonlash bilan Alloh taologa itoat qilgan bo‘lamiz, U Zotga ibodat qilgan bo‘lamiz, dunyou oxirat yaxshiligiga musharraf  bo‘lamiz. Mana shu haqiqatni  unutmasligimiz lozim. Hammalaringizga kirib kelayotgan Ramazon hayiti muborak bo‘lsin! Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 00:41 | Savol-javoblar | 172 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar