Havzi Kavsar

Assalomu alaykum! Namoz kitobini o‘qiganimda taxorat olishni o‘rgatib, og‘iz chayishda "Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ichkan Kavsar suvidan ichishlikni nasib et" deb aytilgan – deyilgan ekan. O‘sha Kavsar suvi qaerda o‘zi? Uni sifatlari keltirilganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom!  Havz Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: إِنَّا أَعْطَيْنَاكَ الْكَوْثَرَ۝ «Albatta, Biz senga Kavsarni berdik», degan (Kavsar surasi, 1-oyat).
«Kavsar» so‘zi lug‘atda «ko‘p yaxshilik», «juda ham ko‘p yaxshilik» ma’nosini anglatadi. Arablarda son jihatidan, qadr-qiymat jihatidan va ahamiyati jihatidan ko‘p bo‘lgan narsaga «kavsar» deyiladi.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda quyidagilar zikr qilinadi:
«Kavsar jannatdagi daryo bo‘lib, uning ikki qirg‘og‘i oltindan, o‘zani duru yoqutdan; tuprog‘i miskdan xushbo‘y, suvi asaldan shirin, qordan oqdir. Kim undan bir ichsa, keyin abadiy chanqamaydi».
Imom Muslim va imom Termiziy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda esa quyidagilar aytiladi:
«Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichimizda turgan edilar, bir oz jim turib qoldilar-da, so‘ng tabassum-la boshlarini ko‘tardilar.
«Nega kulyapsiz, ey Allohning Rasuli?» dedik.
«Menga hozirgina bir sura nozil qilindi», deb, «Bismillahir Rohmanir Rohiym. Innaa a’toynaakal-Kavsar» surasini qiroat qildilar. So‘ngra:
«Kavsar nimaligini bilasizlarmi?» dedilar.
«Alloh va Uning Rasuli biluvchidir», dedik.
«U Robbim azza va jalla menga va’da qilgan nahrdir. Unda ko‘p yaxshilik bordir. U qiyomat kuni ummatim kelib, huzurimda suv ichadigan hovuzdir. Uning idishlari yulduzlar adadicha. Ular ichidan bir banda sug‘urib olinadi. «U mening ummatimdan!» deyman. Shunda: «Bu sendan keyin nima qilganini bilmaysan», deyiladi».
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda aytilishicha:
«Albatta, har bir payg‘ambarning hovuzi bordir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hovuzlari eng katta, eng shirin va eng ko‘p odam keladiganidir».
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning «Mening hovuzimning miqdori Iylaadan Yamanning San’osi qadardir. Unda osmondagi yulduzlar sonicha idishlar bordir», degan hadislari ham Kavsar havzasi mavjudligiga dalolat qiladi.
Imom Buxoriy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ:  بَيْنَا أَنَا أَسِيرُ فِي الْجَنَّةِ إِذَا أَنَا بِنَهَرٍ حَافَتَاهُ قِبَابُ الدُّرِّ الْمُجَوَّفِ، قُلْتُ: مَا هَذَا يَا جِبْرِيلُ؟ قَالَ: هَذَا الْكَوْثَرُ الَّذِي أَعْطَاكَ رَبُّكَ. فَإِذَا طِينُهُ أَوْ طِيبُهُ مِسْكٌ أَذْفَرُ». رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Men jannatda yurib ketayotsam, birdan oldimdan hovuz chiqib qoldi. Uning ikki tomoni ichi bo‘sh dur qubbalardan.
«Ey Jabroil! Bu nima?» dedim.
«Bu Robbing senga bergan Kavsardir», dedi. Qarasam, uning loyi xolis miskdan ekan», dedilar».

Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Hovuz to‘g‘risidagi hadislar juda ko‘pdir. Ularni sahobalardan o‘ttizdan ortig‘i rivoyat qilganlar. Shayx Imoduddin ibn Kasir o‘zining «Al-Bidoya van-Nihoya» nomli katta tarix kitobida hammasini sanab chiqqan. Ulamolarimiz: «Hovuz haqida kelgan hadislar mutavotir darajasiga etgan», deydilar.
Hovuzning sifatida kelgan hadislardan quyidagilar fahmlanadi:
Albatta, u ulkan bir hovuzdir. Mo‘’tabar suvxonadir. U sutdan oq, qordan sovuq, asaldan shirin va miski anbardan xushbo‘y bo‘lgan Kavsar anhoridan jannat sharobini oladi. U juda ham kengdir. Eni bilan bo‘yi tengdir. Taraflaridan har biri bir oylik yo‘ldir. (“Sunniy aqiyda”lar kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 01:46 | Savol-javoblar | 192 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar