Ahli kitobga uylanganlar

Shayx hazratlari! Ahli kitobga uylangan biror bir sahobiy, to’bein, ta’ba to’bein, olim yoki umuman Islom olamida mashhur bo‘lgan odam bormi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Alloh taolo: «Bugungi kunda sizlarga pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir. Mo‘minalarning afifalari va sizdan oldin kitob berilganlardan bo‘lgan afifalar ham», degan.Shu hukmga binoan, ba’zi sahobai kiromlar ham ahli kitob–masihiy va yahudiy ayollarga uylanganlar. Hazrati Usmon roziyallohu anhu Noila binti Firoza al-Kalbiya ismli masihiy ayolga uylanganlar. U ayol keyin Hazrati Usmon bilan yashab turib musulmon bo‘lgan. Huzayfa roziyallohu anhu ham madoinlik yahudiy ayolga uylanganlar.Chunki masihiy va yahudiy dinidagi ayollar ham Allohga, ilohiy kitobga, Payg‘ambarlarga, qiyomatga, o‘lgandan keyin qayta tirilishga, hisob-kitobga va shunga o‘xshash boshqa narsalarga iymoni bor bo‘ladi. Bu ma’nolar uni boshqalardan ko‘ra Islomga yaqinlashtiradi. Shuning uchun musulmon eri bilan yaxshilikda yashashi mumkinligi umid qilinadi.Shu bilan birga, barcha mazhablar bo‘yicha ham bundoq nikoh makruh hisoblanadi.Hazrati Umar roziyallohu anhu ham o‘z davrlarida ahli kitob ayollarga uylangan kishilarga ularni taloq qilishni amr qilganlar. Kishilar nima, ularga uylanish harommi, deb so‘rashganida «Yo‘q, lekin men ulardan buzuqlariga ko‘ngil berib ketishingizdan qo‘rqdim», deganlar.Darhaqiqat, muslimalarni qo‘yib masihiy va yahudiylarga uylanishda katta ijtimoiy, milliy va diniy zararlar bor, deydilar ulamolarimiz. G‘ayridin ayolga uylanish Islom jamiyati ichiga begona unsurni olib kirish bilan barobardir. Undoq xotinlar erlarini yo‘ldan urib dindan chiqarishlari oson. Jamiyatdagi boshqa ayollarga ham yomon ta’sir o‘tkazadilar. Bolalar tarbiyasida ham salbiy oqibatlar keltirib chiqaradilar. Eng yomon taraflaridan biri Islom jamiyatidagi sir-asrorlarni o‘z yurtiga, eliga olib boradi.

27 May 2022, 04:21 | Savol-javoblar | 160 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar