Xatm haqida savol

Assalomu alaykum muhtaram ustoz! Qadrli shayx xazratlari! Sizga savol bilan murojaat qilishga ijozat bergaysiz:1. Ma’lumki, bizni yurtlarda qorilarni chaqirib, xatmi Qur’on qilish odati mavjud. Qur’on Alloxning kalomi, uni tilovat qilish baxt va saodat manbaidir. Uni xatm qilishdagi ayrim jihatlarni sizdan so‘rab olmoqchiydim. Men yashaydigan tumanda qorilar va imomlar tomonidan xatmi Qur’onlar o‘tkazilib turiladi. Men ulardan xatmi Qur’onni qanday qilasizlar, deb so‘radim. Javobida aytishdiki, biror xonadon ahli qorilarni uyiga taklif qilib, ziyofatdan oldin, qorilar Qur’ondagi suralarni juzga bo‘lib, bo‘lishib olib, qiroat qilishadi. Kimdir 10 pora, yana kimdir 3 pora, yana boshqasi 1 pora va hokazo. Ular qiroatni tez qilib, 3-4 soat, kamida bo‘lsa 2-3 soatda xatmni tugatishadi. Ustoz aytingchi Qur’onni juda tez fursatda bo‘lishib olib, tez o‘qib xatm qilish joizmi? Hadislarda 3 kundan ortiq muddatda o‘qigan kishi Qur’onni tushunmabdi, degan ma’noni o‘qigandim. 2. Xatmning yana bir turi shunday ekanki, bir odam imom yoki qoriga bizga xatm qilib bering, deb murojaat qiladi (albatta biror tuy yoki marosim bahonasida). Shundan so‘ng o‘sha imom yoki qori, o‘zining tanish qori birodarlariga Qur’ondagi juzlarni o‘qishni vazifa qilib beradi. Ular Qur’onni uylarida o‘qishadi. Keyin imom domla marosimga borib, taomdan so‘ng, Qur’oning oxirgi suralarini o‘zi o‘qib, xatm qiladi. Ustoz aytingchi mazkur xatm qilish turi ham sunnatga muvofiqmi? Bu kabi xatmlar bid’at bo‘lib qolmaydimi? Qur’onni bunday tarzda xatm qilish o‘tgan ulamolarimizdan birortalaridan naql qilinganmi? Iltimos mazkur masalalarga oydinlik kitirib bersangiz. Savollarimda odobsizlik alomatlari bo‘lsa kaminani kechirgaysiz.Hurmat va ehtirom bilan Chustlik g‘oyibona talabangiz Umidjon.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
1- Uch kunga ruxsat bir kishi uchun. Ko‘pchilikka emas.2- Bu sunnatga muvofiq emas. Ammo odamlar odatlanishgan. Bunday qilib xatm qilish mumkin emas degan gap ham yo‘q.

27 May 2022, 05:04 | Savol-javoblar | 183 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar