Tahorat uchun suv

Assalomu alaykum! Aziz Ustozlar, taxorat uchun qanday suv xarom hisoblanadi? Masalan biz bilmagan idishdagi suv. Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! "Kifoya" kitobida quyidagicha keladi: SUVLARNING TURLARI وَيَتَوَضَّأُ بِمَاءِ السَّمَاءِ وَالْأَرْضِ، وَإِنْ تَغَيَّرَ بِالْمُكْثِ، أَوِ اخْتَلَطَ بِهِ طَاهِرٌ، إِلَّا إِذَا أَخْرَجَهُ عَنْ طَبْعِ الْمَاءِ، أَوْ غَيَّرَهُ طَبْخًا، وَهُوَ مِمَّا لَا يُقْصَدُ بِهِ النَّظَافَةُ. وَإِنِ اخْتَلَطَ بِهِ نَجَسٌ، فَإِنْ كَانَ جَارِيًا أَوْ عَشْرًا فِي عَشْرٍ، لَا تَنْحَسِرُ أَرْضُهُ بِالْغَرْفِ: لَا يَنْجَسُ، إِلَّا إِذَا غَيَّرَ طَعْمَهُ أَوْ لَوْنَهُ أَوْ رِيحَهُ، وَإِنْ لَمْ يَكُنْ يَنْجُسُ. وَلَا بَأْسَ بِمَوْتِ مَائِيِّ الْمَوْلِدِ، وَلَا بِمَوْتِ مَا لَيْسَ لَهُ دَمٌ سَائِلٌ.
وَلَا يَتَوَضَّأُ بِمَاءٍ اعْتُصِرَ مِنْ شَجَرٍ أَوْ ثَمَرٍ، وَلَا بِمَاءٍ اسْتُعْمِلَ لِقُرْبَةٍ أَوْ رَفْعِ حَدَثٍ
 Osmon va er suvi ila tahorat qilinadi, garchi ko‘p turish ila o‘zgargan yoki unga pok narsa aralashgan bo‘lsa ham. Ammo (aralashgan narsa) uni suvlik tabiatidan chiqargan yoki (qaynatib) pishirish ila o‘zgartirgan bo‘lsa, o‘sha narsadan nazofa (tozalik) qasd qilingan bo‘lmasa, (u bilan tahorat qilib) bo‘lmaydi.
Agar unga najas aralashgan bo‘lsa, oqar suv yoki o‘nga o‘n bo‘lib, hovuchlab olganda eri ochilib qolmaydigan bo‘lsa, u najas bo‘lmaydi. Ammo ta’mini, rangini yoki hidini o‘zgartirsa, najas bo‘ladi. Lekin unday (oqar suv yoki o‘nga o‘n bo‘lib hovuchlab suv olinganda eri ochilib qolmaydigan) bo‘lmasa, najas tushgan suv ham najasga aylanadi.
Suvda tug‘iladigan va oqar qoni yo‘q narsa (suvda) o‘lib qolsa, hechqisi yo‘q. Daraxt yoki mevadan siqib chiqarilgan va qurbatga yoki betahoratlikni ketkazish uchun ishlatilgan suv ila tahorat qilinmaydi.
Bu jumlalarda qanday suv bilan tahorat va g‘usl qilish mumkinligi va qanday suv ila joiz emasligi haqida so‘z bormoqda. Keling, ularni birma-bir o‘rganib chiqaylik.
Osmon va erning suvi ila tahorat qilinadi, garchi ko‘p turish ila o‘zgargan yoki unga pok narsa aralashgan bo‘lsa ham.
«Osmon suvi» deganda yomg‘ir, qor, do‘l va shudring kabilar anglanadi. Alloh taolo Anfol surasida:  وَيُنَزِّلُ عَلَيْكُم مِّن السَّمَاء مَاء لِّيُطَهِّرَكُم بِهِ «U sizni poklash uchun ustingizga osmondan suv tushirgan edi», degan (11-oyat).
Shuningdek, Alloh taolo Furqon surasida:  وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاء مَاء طَهُورًا «Va osmondan pok suv tushirdik», degan (48-oyat).
«Er suvi» deganda buloq, quduq, chashma, daryo va dengiz suvlari ko‘zda tutiladi.
Alloh taolo Zumar surasida:  أَلَمْ تَرَ أَنَّ اللَّهَ أَنزَلَ مِنَ السَّمَاء مَاء فَسَلَكَهُ يَنَابِيعَ فِي الْأَرْضِ «Alloh osmondan suv tushirib, uni erdagi manbalardan oqizib qo‘yganini ko‘rmadingmi?!» degan (21-oyat).
Er yuzidagi hamma suvlarni Alloh azza va jalla osmondan yog‘dirgan. Xoh buloq va quduqlar, xoh er osti daryolari va er usti daryolari suvi bo‘lsin, hamma-hammasini Alloh taolo osmondan tushirib qo‘ygandir. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَأَلَ رَجُلٌ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّا نَرْكَبُ الْبَحْرَ وَنَحْمِلُ مَعَنَا الْقَلِيلَ مِنَ الْمَاءِ، فَإِنْ تَوَضَّأْنَا بِهِ عَطِشْنَا، أَفَنَتَوَضَّأُ بِمَاءِ الْبَحْرِ؟ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «هُوَ الطَّهُورُ مَاؤُهُ، الْحِلُّ مَيْتَتُهُ». رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:
«Ey Allohning Rasuli, albatta, biz dengiz(kemasi)-ga minamiz. O‘zimiz bilan ozgina suv olamiz. Agar u bilan tahorat qilsak, chanqaymiz. Dengizning suvidan tahorat qilaveraylikmi?»
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«U suvi pok, o‘limtigi halol narsadir», dedilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilishgan.
Mazkur suvlarning hammasi pokdir va poklovchidir.
Agar ko‘p turish ila o‘zgargan yoki unga pok narsa aralashgan bo‘lsa ham. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: أَنَّ رَجُلًا وَقَصَهُ بَعِيرُهُ وَنَحْنُ مَعَ النَّبِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ وَهُوَ مُحْرِمٌ، فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «اغْسِلُوهُ بِمَاءٍ وَسِدْرٍ، وَكَفِّنُوهُ فِي ثَوْبَيْنِ، وَلَا تُمِسُّوهُ طِيبًا، وَلَا تُخَمِّرُوا رَأْسَهُ، فَإِنَّ اللهَ يَبْعَثُهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مُلَبِّيًا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: 
«Bir odamni tuyasi yiqitdi (o‘ldi). U ehromda edi. Biz Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan edik. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Uni suv va sidr ila yuvib, ikki kiyimda kafanlanglar. Unga xushbo‘y surtmanglar va boshini ham yopmanglar, chunki Alloh uni qiyomat kuni talbiya aytgan holida tiriltiradi», dedilar».

Beshovlari rivoyat qilishgan.
Suvning holi o‘zi shuni talab qiladi, chunki suvga turli narsalar tushib yoki qo‘shilib turishi tabiiy hol. Misol uchun, tuproq, daraxtlarning bargi, cho‘pu xaslar va boshqalar.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha, suvga suyuq bo‘lmagan pok narsa aralashsa, uning pokligiga zarar etkazmaydi.
Ammo (aralashgan narsa) uni suvlik tabiatidan chiqargan yoki (qaynatib) pishirish ila o‘zgartirgan bo‘lsa, o‘sha narsadan nazofa (tozalik) qasd qilingan bo‘lmasa, (u bilan tahorat qilib) bo‘lmaydi.
Bu holatlarda mazkur suvni tahoratga ishlatib bo‘lmaydi.
Tozalik maqsadida suvga ba’zi narsalar qo‘shib ishlatiladi. O‘sha narsalar suvni o‘z tabiatidan chiqarib yubormasa, u suvni tahorat va g‘usl uchun ishlatish mumkin. Masalan, kofur – musulmon o‘lkalarida keng ishlatiladigan xushbo‘y modda bo‘lib, mayyitni yuvishda uni suvga qo‘shib ishlatiladi. Bunda jasad tez qotadi va tez aynimaydi.
Agar unga najas aralashgan bo‘lsa, u oqar suv yoki o‘nga o‘n bo‘lib, hovuchlab olganda eri ochilib qolmaydigan bo‘lsa, u najas bo‘lmaydi.
Bu jumladagi «o‘nga o‘n» iborasi suv saqlanadigan hovuzning hajmini bildirish uchun aytilgan. Ya’ni suv saqlanadigan hovuzning kengligi o‘n arshinga o‘n arshin, eni ham, bo‘yi ham o‘n arshindan bo‘lsa va undan hovuchlab suv olganda tagidagi er ochilib qolmaydigan darajada chuqur bo‘lsa, uning bir tarafiga najas tushganda boshqa tarafidan tahorat qilaversa bo‘ladi, chunki bu hajmdagi hovuzlar oqar suvning hukmida bo‘ladi. Bunda hovuzning sathi yuz gaz bo‘lsa bo‘ldi. Hovuz xoh doira shaklida bo‘lsin, xoh uchburchak shaklida bo‘lsin yoki eni tor, bo‘yi uzun shaklda bo‘lsin, farqi yo‘q.
Hanafiy mazhabi ulamolari, najas narsa tegishi bilan yoki tushishi bilan nopok bo‘lib qolmaydigan eng oz suv miqdori – eni o‘n arshin, bo‘yi o‘n arshinli hovuzning suviga teng, deganlar.
«Arshin» deganda o‘rtacha odamning barmoqlari uchidan tirsagigacha bo‘lgan uzunlik tushuniladi, bu 61,2 sm.ga teng. Demak, eni va bo‘yi 6 metru 12 sm.dan bo‘lgan hovuzning suvi hanafiy mazhabi bo‘yicha, najas narsa tushsa, nopok bo‘lmaydigan eng oz suv hisoblanar ekan. رَوَى الطَّحَاوِيُّ عَنْ جَابِرٍ وَأَبِي سَعِيدٍ قَالَا: كُنَّا مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي سَفَرٍ، فَانْتَهَيْنَا إِلَى غَدِيرٍ فِيهِ جِيفَةٌ، فَكَفَفْنَا وَكَفَّ النَّاسُ، حَتَّى أَتَانَا النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: مَا لَكُمْ لَا تَسْتَقُونَ؟ فَقُلْنَا: يَا رَسُولَ اللهِ هَذِهِ جِيفَةٌ، قَالَ: اسْتَقُوا فَإِنَّ الْمَاءَ لَا يُنَجِّسُهُ شَيْءٌ، فَاسْتَقَيْنَا وَارْتَوَيْنَا  Tohaviy Jobir va Abu Sa’iddan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan safarda edik. Ichida o‘limtik bor hovuzga etib bordik. Biz ham, odamlar ham to‘xtab qoldik. Nabiy sollallohu alayhi vasallam oldimizga kelib:
«Nimaga suv olmayapsizlar?» dedilar.
«Ey Allohning Rasuli! Bu o‘limtik», dedik.
«Suv olaveringlar, suvni hech narsa najas qilmaydi», dedilar.
Bas, suv ham oldik, ichib ham to‘ydik».
Ammo ta’mini, rangini yoki hidini o‘zgartirsa, najas bo‘ladi.
Bunda oqar suv bo‘lsa ham, hovuz bo‘lsa ham, baribir. 
عَنْ رَاشِدِ بْنِ سَعْدٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: الْمَاءُ لَا يُنَجِّسِهُ شَيْءٌ إِلَّا مَا غَلَبَ عَلَى لَوْنِهِ أَوْ طَعْمِهِ أَوْ رِيحِهِ. رَوَاهُ الطَّحَاوِيُّ  Roshid ibn Sa’ddan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Suvni hech narsa najas qilmaydi. Illo, uning rangiga, ta’miga va hidiga g‘olib kelgan narsagina qiladi», dedilar».
Tohaviy rivoyat qilgan.
Lekin unday (oqar suv yoki o‘nga o‘n bo‘lib hovuchlab suv olinganda eri ochilib qolmaydigan) bo‘lmasa, najas tushgan suv ham najasga aylanadi.
Demak, mazkur hajmdan kichik bo‘lgan hovuzga najas tushsa, undagi suv ham najasga aylanadi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا يَبُولَنَّ أَحَدُكُمْ فِي الْمَاءِ الدَّائِمِ الَّذِي لَا يَجْرِي ثُمَّ يَغْتَسِلُ فِيهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Birortangiz oqmay turadigan, keyinchalik unda g‘usl qiladigan suvga zinhor bavl qilmasin», dedilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Suvda tug‘iladigan va oqar qoni yo‘q narsa (suvda) o‘lib qolsa, hechqisi yo‘q.
Suvda tug‘iladigan hayvonlar baliq, baqa, saraton kabi ma’lum va mashhur suv hayvonlaridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dengiz haqida:
«U suvi pok, o‘limtigi halol narsadir», deganlar. Shuningdek, suvda tug‘iladigan hayvonlarda najosat bo‘lgan oqar qon yo‘qdir.
Oqar qoni yo‘q hayvonlar pashsha, chigirtka va kapalak kabi hayvonlardir. Ular suvdan boshqa taom, sirka kabi narsalarga tushib qolsa ham ularni najosat qilmaydi. عَنْ سَلْمَانَ: قَالَ لَهُ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَا سَلْمَانُ، كُلُّ طَعَامٍ وَشَرَابٍ وَقَعَتْ فِيهِ دَابَّةٌ لَيْسَ لَهَا دَمٌ سَائِلٌ فَمَاتَتْ فِيهِ فَهُوَ حَلَالٌ أَكْلُهُ وَشُرْبُهُ وَوُضُوؤُهُ . رَوَاهُ الدَّارَقُطْنِيُّ  Salmondan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ey Salmon! Har bir taom yoki sharobga qoni yo‘q jonzot tushib, unda o‘lib qolsa, uni eyish, ichish, 
(ular tushib qolgan suvdan) tahorat qilish haloldir», dedilar».
Imom Dora Qutniy rivoyat qilgan. TAHORATGA YaRAMAYDIGAN SUVLAR Daraxt yoki mevadan siqib chiqarilgan va qurbatga yoki betahoratlikni ketkazish uchun ishlatilgan suv ila tahorat qilinmaydi.
Demak, uch xil suv bilan tahorat va g‘usl qilib bo‘lmaydi.
1. Daraxt (o‘simliklar) yoki mevadan siqib chiqarilgan suv.
Daraxt, turli o‘simliklar, mevalar, poliz maxsulotlaridan siqib chiqarilgan suvning to‘laqonli suv emasligi hammaga ma’lum. Musannifning «siqib chiqarilgan» so‘zidan siqib emas, masalan, kesib qo‘yilganda oqib chiqqan suvlar mustasnodir.
2. Qurbat uchun ishlatilgan suv.
Bunda tahorati bo‘la turib, savob uchun yana tahorat qilish ko‘zda tutilgan.
3. Betahoratlikni ketkazish uchun ishlatilgan suv.
Ya’ni tahorat va g‘uslga ishlatilgan suv. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 03:36 | Savol-javoblar | 151 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar