Musofirlik masofasi o‘zgardimi?

Assalomu alaykum! Bir jumada imom domlamiz “Yaxshilab o‘rganib chiqildi bugungi kunda namozni qasr o‘qish masofasi 120 km” degan mazmunda fatvo aytdilar. Shu to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! U kishini kimligini bilmadik, lekin Ustozimiz rahmatullohi alayh "Kifoya" kitobida quyidagicha aytganlar:
Bunda uch kun yurish uchun, uch kecha dam olish uchun bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bunga dalil quyidagicha: عَنْ خُزَيْمَةَ بْنِ ثَابتٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْمَسْحُ عَلَى الْخُفَّيْنِ لِلْمُسَافِرِ ثلَاثَةٌ، وَلِلْمُقِيمِ يَوْمٌ وَلَيْلَةٌ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ  Xuzayma ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Maxsiga mash tortish musofir uchun uch kun, muqim uchun bir kunu bir kecha», dedilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.
Mana shu hadisdan uch kunlik safarni niyat qilmagan odam shar’iy ma’nodagi musofir bo‘lmasligi kelib chiqadi.
«Masofani qasd qilib» deyilganidan masofani qasd qilmay sodir bo‘lgan safar shar’iy hukmlarga tegishli safar bo‘lmasligini bilib olamiz.
Misol uchun, birov qochib ketgan otini ushlayman deb yo‘lga chiqsa va bir necha kun uning ortidan quvib yursa ham, namozni to‘liq o‘qiydi.
«Uch kunlik masofa»ni bosib o‘tish vaqtidagi kunlar deganda mo‘’tadil yurtlardagi eng qisqa kunlar e’tiborga olinadi. Ya’ni kunduzi juda qisqa yoki juda ham uzun bo‘ladigan yurtlarni emas, o‘rtacha bo‘ladigan yurtlarning kuni olinadi. O‘shanda ham ertalabdan peshingacha yurgani hisob. Qolgani namoz, dam va ovqatlanishga chiqariladi. Agar tez yurib, mazkur masofani undan oz vaqtda bosib o‘tadigan bo‘lsa ham, qasr o‘qiydi.
 Hanafiy ulamolarning ko‘plari: «Safar farsaxlar bilan o‘lchanmaydi», deganlar.
Boshqa mazhablar: «Safar masofasi to‘rt barid bo‘lsa, shar’iy safar bo‘ladi va unda namozni qasr o‘qishga ruxsat bo‘ladi», deydilar.
«Barid» masofa birligi bo‘lib, bir barid masofa to‘rt farsaxga, hadisda kelgan to‘rt barid esa o‘n olti farsaxga to‘g‘ri keladi. Bir farsax 5544 metr, to‘rt farsax 22176 metr bo‘ladi. To‘rt barid esa 88704 metr bo‘ladi.
«Barid» lug‘atda «pochta» ma’nosini bildiradi. Ilgari vaqtda Islom o‘lkalarida pochta ishlari otda yurib amalga oshirilgan. Shaharlar orasidagi pochtaxonalar ma’lum masofaga qurilgan. Bir barid bilan ikkinchisining orasi to‘rt farsax, ya’ni 22176 metr bo‘lgan. Har pochtaxona – baridda xodimlar otlarini boqib, shay bo‘lib turganlar, avvalgi baridning xodimlari uzoqdan ko‘rinishi bilan yo‘lga tayyor bo‘lib otni minib turganlar. Ular kelib, pochtani topshirishi bilan bular ot choptirib, olg‘a bosganlar. Birinchi va ikkinchi pochtaxona orasidagi masofa o‘sha vaqtning taomiliga ko‘ra, «barid» deb aytilgan.
Ushbu biz o‘rganayotgan rivoyatga ko‘ra, to‘rt barid, ya’ni 88 km 704 metr joyga safar qilgan odam musofir hisoblangan.
 Hanafiy mazhabi o‘lchoviga ko‘ra, 96 km masofa safar masofasi hisoblangan.
Ba’zi ulamolar yuqorida zikr qilingan vaqt va sharoitda piyoda yurib, har qadamini o‘lchab, uch kunlik yo‘l 88 km bilan 96 km orasida chiqishiga guvoh bo‘lganlar.
Ular tuyaga yuk yuklab, yurgizib ko‘rib ham xuddi shu kabi natijaning guvohi bo‘lganlar.
Va nihoyat, ikki tarafning uslubi ikki xil bo‘lsa ham, natija bir xil ekan, degan xulosaga kelganlar. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:45 | Savol-javoblar | 216 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar