Bolalarning haqqi

Assalomu alaykum! Ishxonamizda ishlaydigan bir ayol ertalab ishga kelayotganimizda qatlama (patir) pishirib chiqibdi. Bolamning mazasi bo‘lmadi shunga qatlama qilgandim englar dedi. Men xam indamay olib edim. Bunday qilish dinimizda yo‘q ekanligini bilaman, lekin ayta olmadim. Xammamiz oylik maoshga kun ko‘ramiz. Lekin u ayol eri bilan ajrashgan farzandlari voyaga etmagan. Men esa keyin yonimdagi ishchiga ertaga oylik olsak ozgina pul yig‘ib pulini beraylik, chunki bu farzandlarini rizqi bizga xalol bo‘lmaydi dedim. Bu gapim to‘g‘rimi yoki umaman emasligimiz kerak edimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Dinda “qatlama pishirib ehson qilsa bemor tuzaladi” degan ko‘rsatma yo‘q. Agar o‘sha qatlamani o‘zining halol molidan tayyorlagan bo‘lsa eyishingizning zarari yo‘q. “Jami’u ahkaamissig‘or” kitobida “Ota-ona bolaning moliga muhtoj bo‘lsa yosh bolaning mulkidan ehtiyoji darajasida eyishi mumkin. Agar o‘zining moli bo‘lsayu, lekin cho‘l kabi joyda pulsiz qolib bolaning molidan esa, eganining qiymatini to‘laydi” deyilgan. Shuning uchun eganinglarni haqqini bolaga to‘lab qo‘yinglar. Sizga yanada tushunarli bo‘lishi uchun bir masalani aytib beramiz.
Bolani xatna qilindi, odamlar hadyalar keltirishadi va bolaning oldiga qo‘yishadi. Bu surat ikki holatdan iborat bo‘ladi. Bu bola uchun hadya deyiladi(bu narsalar bolaning shaxsiy mulkiga kirib unda hech kimni haqqi bo‘lmaydi). Yoki bola uchun ekanligi ochiq-oydin aytilmaydi. Ikkinchi holatda ikki javob bo‘ladi. Agar hadya faqat bolaga xos narsalar bo‘lsa masalan yosh bollarni kiyimi yoki yosh bolalar iste’mol qiladigan nasalar bo‘lsa bu hadya urf-odatga binoan bolaning mulki hisoblanadi. Agar hadya ota-onalar ham ishlatsa bo‘ladigan narsalardan bo‘lib, bolaga tegishli narsa bo‘lmasa masalan pul yoki uy jihozlari kabi, bunda qaraladi, agar hadya qiluvchi otaning qarindoshi yoki tanishlaridan bo‘lsa hadya otaning mulki hisoblanadi. Agar hadya qiluvchi onaning qarindoshi yoki tanishlaridan bo‘lsa onaning mulki hisoblanadi.
Yuqorida ko‘rib turganingizdek er-xotin, bola bular bir oilaning a’zolari bo‘lsa ham mulklari alohida bo‘lish, bir-birining mulkiga tajovuz qilishi, ruxsatisiz ishlatishi, vafot topsa kimdan meros qolishi, yosh bola bo‘lsa ruxsat bersa ham uning nasrasidan foydalanmaslik kelib chiqadi. Vallohu a’lam!

22 Iyun 2022, 01:12 | Savol-javoblar | 164 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar