Menga nima bo‘lgan?

Assalomu alaykum! Men Allohni avvallari judayam qattiq yaxshi ko‘rardim, lekin hozir Allohni yomon ko‘raman, lekin qo‘rqaman. Allohni qaytarganlaridan Allohdan qo‘rqqanim uchungina qo‘limdan kelganicha qilmaslikka harakat qilaman, lekin yaxshi ko‘rganimdan emas. Bunga nima deysiz azizlar!?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ulamolar “من عرف نفسه فقد عرف ربه” ya’ni “kim o‘zini kim ekanligini yaxshi tanisa, batahqiq u Robbisini tanibdi” deganlar. Siz o‘zingizni nimadan paydo bo‘lganingiz, sizdagi barcha narsani kim bergan, ba’zi bir kimsalarga berilmagan ne’matlardan ko‘z, quloq, tilni va eshitish ne’matini sizga kim berganligini va ozgina bir imtihon bilan sizga abadiy saodatni ravo ko‘ruvchi Zot kimligini, mabodo ba’zi bir qiyinchilikka yo‘liqqan bo‘lsangiz sabr qilib, mardlarcha qiyinchilikni engsangiz oxiratda sizga ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ne’matlarni tayyorlab qo‘yganini bilganingizda edi, o‘qib ma’rifat hosil qilganingizda edi, Robingizni tanib olgan bo‘lar edingiz. Sizni misolingiz podshoh bilan hech narsasi yo‘q faqir miskinga o‘xshaydi. Bir kun podshoh vaziri bilan muhim bir masalada g‘amga botib o‘tirganida saroyda xizmat qilib yuradigan qo‘li yupqa, juldur kiyimdagi bir xizmatchi xursand, hech narsadan g‘ami yo‘q holatda huzuriga kirib, xursand holatda chiqib ketdi. Shunda podshoh vaziriga qarab “Qara Alloh taolo bizga shuncha mol-davlat va podshohlikni berib qo‘ygan bo‘lsa ham shu faqirchalik xursandchiligimiz yo‘q” dedi. Vazir “Podshohim, bu uning qo‘lida hech narsasi yo‘qligi tufayli shu holatda yuribdi. Agar uni ham 99 nomli sinovimiz bilan imtihon qilib ko‘ringda, kimligini bilasiz” dedi. Podshoh “U sinov qanday ekan?” dedi. Vazir xazinachiga bir xaltaga 99 tilloni solib, xalta ustiga 100 tillo deb yozdirib kech tushgach o‘sha xizmatchining uyiga bildirmay tashlab kelishni buyurdi. Kech tushganda xizmatchi uyiga borib darvozasida bir xalta tilla borligini ko‘rdi. Sanab ko‘rdi, 99ta chiqdi, ahli ayoli ham sanab ko‘rishdi 99ta chiqaverdi. Shunda ayoli va farzandlariga qarab “Bu podshohni huzurida yaxshi xizmat qilanim uchun u tarafidan menga berilgan. Bir tillosi yo‘lda tushib qolgan bo‘lsa kerak, yoruq tushgunicha odamlar topib olmasin” deb saroygacha hamma yo‘lni qarab keladi. Faqir kechasi bilan uxlamay bolalari bilan uyi va saroy o‘rtasidagi yo‘lni izg‘ib chiqdi. Ertalab podshohning huzuriga xuddi podshoh uni haqqidan urib qolgandek podshohni yomon ko‘rib xo‘mraygan, kechasi bilan uxlamagani uchun toliqqan holatda kirib keldi. Vazir podshohga qarab “Ko‘rdingizmi podshohim buni nonko‘rligini, 99 tillo tekinga berilganligiga qaramay 1 tillo qolib ketgandek sizga xo‘mrayib turibdi” dedi. Sizga shuncha ne’mat, hayot va oxiratdagi jannatni tayyorlab qo‘ygan Zot sizni biror narsada imtihon qilib ko‘rgan bo‘lsa, o‘shanday Zotning shukrini ado qilish o‘rniga, bir tillo kabi kimgadir berilib sizga berilmagan narsaga noshukurchilik qilish bu nonko‘rlikdan boshqa narsa bo‘lmasa kerak, yoki o‘zingizni kimligingizni tanimaganingizdan bo‘lsa kerak. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 04:52 | Savol-javoblar | 168 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar