Ramazonni oxirgi juma kuni qazo namozi

Assalomu alaykum! Payg‘ambarimiz (s.a.v)dan: "Ummatlarimning qazo namozlari bo‘lsa, Ramazonning oxirgi juma kuni, juma namozi bilan asr namozi orasida 4 rakat namoz qilsa, 400 yillik qazo namozini o‘qigan bo‘ladi. Inson 400 yil yashay olmaganligi uchun ortgani otasi-onasi va farzandlariga o‘tadi" ma’nosida aytganlari qanchalik haqiqat? Agar rost bo‘lsa qanday tartibda o‘qilishi kerakligi haqida ma’lumot bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz keltirgan hadis Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tuhmat, yolg‘on va to‘qima gap.عَنْ عَبْد ِاللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: بَلِّغُوا عَنِّي وَلَوْ آيَةً، وَحَدِّثُوا عَنْ بَنِي إِسْرَائِيلَ وَلَا حَرَجَ، وَمَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ  Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mendan bir oyat bo‘lsa ham etkazinglar. Bani Isroil haqida gapiringlar, tanglik yo‘q. Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘iga joylashaversin», dedilar».
Buxoriy va Termiziy rivoyat rivoyat qilganlar.
Sharh: Bilib turib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytmagan narsani u zotdan, deb gapirish shunchalar yomon narsaki, kim shu ishni qilsa, do‘zaxiy bo‘lishi turgan gap.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qilishining oldini olish lozim. Bilib-bilmay, turli gaplarni hadis deb aytish katta gunohdir. Bu o‘sha odamning do‘zaxga kirishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun haqiyqiy ekanligiga to‘liq ishonch hosil qilmasdan turib, hadis aytish yaxshi emas. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 05:14 | Savol-javoblar | 176 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar