Umerennыy Islam

Assalomu alaykum! Savolim umerennыy Islam haqida. Qisqasi bu so‘zni ruscha holida yozdim, chunki rus xabarlaridan bir ma’lumot o‘qib qoldim. Saudiya Arabistoni valiaxd shaxzodasi mamlakatni “umerennыy Islam”ga qaytarmoqchi ekanligi haqida bayonotnoma beribdi. Shunda Turkiya rahbari Erdug‘on janoblari bu so‘zlarni qoralab, “Islom umerennыy yoki umerennыy mas bo‘lmaydi. Islom bitta bo‘ladi” deganday qilib javob qaytaribdilar va bu so‘z ya’ni “umerennыy Islam” g‘arbda o‘ylab topilgan deb aytibdilar. Axir vasatiya so‘zini biz ham ishlatamizku. Kun.uz muxbirlari bu “umerennыy” so‘zini “o‘rtaxol Islom” deb tarjima qilishdi. Axir bu vasatiya so‘ziga to‘g‘ri kelyaptiku!? Bu erda turk rahbarini e’tirozi o‘rinlimi? Aslida sizlar hozir dunyoda keng tarqalgan “umerennыy Islam” so‘zi haqida qanday fikrdasizlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Islom dini bir butun dindir. Unda ortiqchalik ham, kamchilik ham yo‘q. Uni talqin qilishda siyosat arboblari o‘zlaricha talqin qilishdi. Foydalari uchun Saudiya mamlakatida dinda mutashaddid bo‘lgan, qattiqlik va sal narsaga kofirga chiqarishlik uslubini tanlagan olimlarni yo‘lini tutib ma’lum bir g‘arazlik maqsadlarda foydalanishdi. Dunyoga Islom deganda o‘sha mutashaddidlarning yo‘lini Islom deb tanishtirishdi. Siyosiy holat o‘zgarib, bu tutgan yo‘l o‘z vazifa(missiya)sini tugatgach talqinni yana bir turini tanlashdi. Sizu bizdan ko‘ra siyosat arboblari bu talqin ostida nimalar yashiringanini yanada yaxshiroq biladi. Biz bu talqin ostida yashiringan falokatlardan panoh so‘raymiz. Islom ummati ko‘r-ko‘rona g‘arazli maqsadlar qurboniga aylanishlaridan yoki bilmasdan turib unga ko‘makchi bo‘lib qolishlaridan panoh so‘raymiz. Vallohu a’lam!

28 Iyul 2022, 10:10 | Savol-javoblar | 154 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar