Uzr sohibining qazo namozlari

Assalomu alaykum! Bildimki, mening tirnog‘im yiringlagani sababli (ko‘p holatlarda huddi qondek sizib chiqadi) uzr sohibi sifatida namozlarimni ado etishim kerak. Ammo ba’zida namozlarim qazo bo‘lib qoladi va qazo namozlarni ham uzr sohibi sifatida ado etsa bo‘ladimi? Agar bo‘lsa qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sohibi uzr kishilarning hukmlari
1. Har namoz vaqti kirganida yangi tahorat olishlari shartdir
2. O‘sha tahorat bilan namoz vaqti chiqib ketgunicha hohlagancha farz, qazo, nafllarni o‘qiy oladilar.
3. Namoz o‘qiyotganlarida yuqoridagi sabablarning biri tufayli tahoratlari ketsa ham ular tahoratli hisoblanadilar.  
4. Namoz vaqti chiqishi bilan tahorat ketadi. Yangi namozga yangi tahorat qilish shartdir.
5. Peshin vaqti kirishidan ilgari yangi tahorat olgan bo‘lsa, peshin vaqtining kirishi tahoratini sindirmaydi. Boshqa namozlarda esa bunday emas. Chunki ularda bir namoz vaqtining kirishi bilan birga avvalgi namozning vaqti chiqadi. Namoz vaqtining chiqishi tahoratni sindiradi.  
6. Sohibi uzrlarning uzrlaridan boshqa tahoratni ketkizuvchi sabablar topilsa, tahoratlari ketadi. Masalan burun qonashi bilan uzrli bo‘lgan kishidan el chiqishi bilan tahorati sinadi.
7. Uzrli kishilar vaqt kirgandan to chiqib ketgunicha yangi tahorat olsalar, maxsisiga masx torta oladilar. Lekin keyingi namoz vaqtiga oyoqlarni yuvishlari shart!
Ammo tahorat olishni boshlaganidan to maxsisini kiyib bo‘lgunicha uzri kelmay, tahorat qilib, maxsisini kiyib olgan bo‘lsa, keyingi namoz vaqtida ham maxsisiga masx tortsa bo‘ladi. sog‘lom odam kabi maxsisini to‘liq tahoratli holda kiygani uchun.
8. (Qoida: uzr tufayli olingan tahoratni uzr sindirmaydi, lekin uzrdan boshqa sabab olingan tahoratni uzr sindiradi)
Istihoza qoni tufayli uzrli bo‘lgan ayol tahorat qildi so‘ng masalan 30 daqiqa istihoza qoni to‘xtadi. o‘sha 30 daqiqaning ichida bavl qilgani tufayli tahorati sinsa va yangi tahorat olsa, so‘ng istihoza qoni kelsa, tahorati ketadi. Chunki bu o‘rinda ikkinchi tahorat sohibi uzrga aylangan uzri tufayli bo‘lmagan, balki bavl qilgani tufayli bo‘lgan edi.
9. Istihoza qoni to‘xtab turgan paytda bavl qildi va yangi tahorat oldi.  So‘ng tahorat olgan namoz vaqti chiqib ketdi. Lekin istihoza qoni kelmadi. Bu suratda ham vaqtning chiqib ketishi bavldan qilgan tahoratini sindirmaydi.
10. Peshinning avvalgi vaqtida istihoza qoni kelib to‘xtadi. qon to‘xtab turgan vaqtda istihoza qoni uchun yangi tahorat oldi. So‘ng peshin vaqti chiqib ketdi. Lekin istihoza qoni kelmadi. Bu vaqtda ham peshin vaqtining chiqib ketishi uning tahoratini sindirmaydi.
11. Burnidan qon kelib turadigan uzrli kishining burnining bir teshigidan qon keldi, tahorat olgach burnining boshqa teshigidan qon kelsa tahorati sinadi.
12. Burnining ikkala teshigidan qon keladigan uzrli kishi tahorat olgach bir teshigidan qon kelishi to‘xtasa, tahorati sinmaydi.
13. Badanidagi toshmalardan yoki bir necha jarohatidan suv yoki yiring chiqib turadigan kishi tahorat olayotganda ularning ba’zisidan chiqib, ba’zisidan to‘xtab turgan bo‘lsa, tahorat olgandan so‘ng to‘xtab turganlaridan suv chiqishni boshlasa, tahorati sinadi. Agar tahorat olayotganda hammasidan suv yoki yiring chiqib turgan bo‘lsa, so‘ng vaqt chiqib ketgunicha biridan to‘xtab, boshqasidan suv chiqib tursa tahorati sinmaydi.
14. uzrli kishilar uzrlarini to‘xtashishni imkoni bo‘lsa to‘xtatishlari shart va bu bilan uzrlilar safidan chiqib turadilar.
15. tik turganda uzri kelib, o‘tirganda kelmasa, o‘tirgan holda namoz o‘qiydi. Shuningdek, tik turib qiroat qila olmasa va o‘tirgan holda qiroat qila olsa o‘tirgan holda qiroat qilib namoz o‘qishi zarurdir.
16. yotgan holda namoz o‘qiganda uzri kelmasa, turib yo o‘tirga holda uzri kelsa, yotmasdan, turib yo o‘tirgan holda namoz o‘qiydi.
17. uzri kelib turadiganlarning kiyimi yoki namoz o‘qiydigan joyiga dirham yoki undan ko‘proq najosat tegsa, uning hukmi: agar namozini o‘qib bo‘lguncha qayta nopok bo‘lmasa, avvalgisini yuvishi shart. Agar qayta nopok bo‘lsa, yuvishi zaruriy emas. Vallohu a’lam!

24 Sentabr 2022, 00:48 | Savol-javoblar | 143 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar