Ota qiziga fotixa berish marosimi

Assalomu alaykum! Bizda bir odat bor. Qiz turmushga chiqish paytida, uydan ketayotgan payti, otasini va amakisini oyog‘iga 3 marta bosh uradi. Bu xuddi namozdagi sajdadek. Buni bizda otani va akani fotixasi yani ota va aka fotixa berdi deyiladi. Shu joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sajda yolg‘iz koinot Xoliqining haqqidir, Undan o‘zga yulduzu, insonu, quyoshu va unga o‘xshashlarning birortasiga sajda qilish haromdir. Sajda xoh ibodat niyatida bo‘lsin xoh ta’zim va ikrom niyatida bo‘lsin ummatning ijmo’si ila haromdir. Ibodat niyatida o‘zgaga sajda qilish bilan ta’zim va ikrom uchun sajda qilish orasidagi farq shuki, Alloh ta’olodan o‘zgaga sajda qilsa kofir bo‘ladi.
 Ta’zim va ikrom niyatida sajda  qiluvchi kofir bo‘lmasada, harom ishga qo‘l urib fosiqqa hukm qilinadi. Ibodat niyatida Alloh ta’olodan o‘zgaga sajda qilish biror bir ummat va biror bir shariatda halol emasdir. Chunki bunday qilish shirk hisoblanib, barcha anbiyo va rasullar undan qaytarganlar. Ta’zim va ikrom sajdasi esa avvalgi anbiyo va rasullar shariatida joiz bo‘lib, Odam alayhissalom dunyoga kelishlaridan oldin Alloh taolo farishtalarni u zotga sajda qilishga buyurgan. Yusuf alayhissalomning ota va akalari ham unga sajda qilganlari Qur’oni Karimda zikr qilingan. Bu sajda bizdan oldingi shariatda bo‘lib, Islomda uni mansuh(bekor) qilinganligiga ummatning barchasi ittifoq qilganlar. Vallohu a’lam!

27 Sentabr 2022, 17:41 | Savol-javoblar | 146 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar