Ayol-qizlari bilim olishi haqida

Assalomu alaykum! Bir namozxon inson otamizga ayollarni o‘qitmaslik kerak, ular uyda o‘tirishi lozim deb aytibdi. Biz oilada 4 qizmiz, Allohga shukurki, ota-onamiz hammamizni o‘qitishgan. O‘zim ham hozir 4-kursda o‘qiyman. U insonni aytishicha men o‘qimasligim otam bizni uyda olib o‘tirishi yoki turmushga chiqarishi lozim ekan. Bu Qur’oni karimda bor gap debdi. Bu qanchalik to‘g‘ri?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! U odam “ayollarni o‘qitmaslik kerak, Qur’oni karimda bor gap” deb Qur’onga ham dinimizga ham tuhmat qilibdi. Ilm olish farz. Ota-ona yoki er ruxsat bersa ayol-qizlar uydan tashqariga chiqib ham ilm olishlari mumkin. Shariat bundan man qilmaydi.Islomda ayollar huquqiTurli sabablarga ko‘ra ayollar masalasi Islomga qarshi ta’na toshi otilishining asosiy nishonlaridan biriga aylanib qolgan. Hatto ba’zi musulmon ulamolar «Ayollar masalasi Islom ummati ko‘ksiga sanchilgan zaharli xanjardir», deb aytishga majbur bo‘ldilar. Bu masala bo‘yicha ko‘plab kitoblar bitilgan, maqolalar yozilgan, xutbalar, mav’izalar qilingan.
Albatta, bu masalaga ortiqcha to‘xtalishga bizning imkonimiz yo‘q. Ikkinchidan, Islom o‘z ta’limotlariga xilof qilish oqibati-da kelib chiqqan noto‘g‘ri holatga javob berishga majbur ham emas. Eng muhimi, Islom hech kimning himoyasiga muhtoj ham emas. Faqat tushuna olmay turgan kishilarga tushunganlar yordam berish qabilida ish tutish mumkin, xolos. Shu ma’noda «Ayol kishi va teng huquqlilik» nomli maqolada bu masalaga mavzuning siyoqiga binoan bir oz izoh berilgan edi. Endi esa yana mavzuning siyoqiga binoan ba’zi bir masalalarni bayon qilib qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydi, deb o‘ylaymiz.
Islomdan oldin ayol kishi nafaqat huquqlari poymol qilinishiga, balki insonlik darajasidan mahrum qilinishga mahkum qilingan edi.
Misol uchun, Islom dastlab paydo bo‘lgan yurt va zamonda qiz bola tug‘ilgan oila motam tutar va keyinchalik or-nomus va iqtisodiy qiyinchilikka sabab bo‘lmasin, deb qizni tiriklayin ko‘mib yuborilar edi.
Qur’oni Karim bu odatlarni qattiq qoraladi va man qildi. Musulmon oilalarda qiz bola tug‘ilsa, o‘g‘il bola tug‘ilgandan ko‘ra ko‘proq xursand bo‘lish joriy qilindi. Qizlarni yaxshilab tarbiya qilganlarga o‘g‘il bolalarni tarbiya qilganlarga berilgandan ko‘ra ko‘p va’dalar berildi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda quyidagilar aytiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning uchta qizi bo‘lsa-yu, u ularning xarxashalariga, og‘irliklariga sabr qilsa, Alloh uni ularga ko‘rsatgan rahmi tufayli jannatga kiritur», dedilar.
Bir kishi:
«Ikkita qizi bo‘lsa-chi, ey Allohning Rasuli?» deb so‘radi.
«Ikkita qizi bo‘lsa ham», dedilar.
Bir kishi:
«Bittta bo‘lsa-chi, ey Allohning Rasuli?» deb so‘radi.
«Bitta bo‘lsa ham», dedilar».
Yana bir rivoyatda: «yoki uch singlisi bo‘lsa-yu», deb kelgan.
Qizlarning tarbiyasi, ta’limi va madaniyati hamda, yashab, o‘sishi uchun zarur bo‘lgan har bir narsa otaning zimmasidagi farzdir. Ota bu farzdan faqat qiz turmushga chiqqanidan keyingina ozod bo‘ladi, chunki endi bu farz erning zimmasiga o‘tgan bo‘ladi. Otasi yoki eri yo‘q ayolning nafaqasi akasi yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa shaxslarga vojib bo‘ladi. Umuman, Islomda ayol kishi nafaqasiz qolishi mumkin emas. Qizning nafaqasi otaga, xotinniki erga, singilniki aka-ukaga, onaniki o‘g‘ilga vojib bo‘ladi.
Islom ayol kishiga ta’lim olish va madaniy saviyasini oshirish haqqini berdi va erkaklarni bu ishga mas’ul qildi. Ilm talabi erkak-ayolga barobar farzligini, qizlariga va singillariga ta’lim-tarbiya bergan kishi jannatga haqli bo‘lishini yaxshi bilamiz. Ammo ushbu ish cho‘ri ayollarga ham tegishli ekanini hammamiz ham bilmasak kerak.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Qay bir kishining huzurida joriya bo‘lsa-yu, u unga yaxshilab ta’lim bersa, yaxshilab odob bersa va so‘ngra ozod qilib, unga o‘zi uylansa, unga ikki hissa ajr bo‘lur», deganlar.
Demak, cho‘ri qizga yaxshilab ilm va madaniyat o‘rgatishning ajri uni cho‘rilikdan ozod qilish ajriga teng ekan.
Muslima ayollar ilm-fan va madaniyat sohasida ulkan yutuqlarga erishganliklari hammaga ma’lum. Gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun misol ham keltiraylik.
Shifo bint Abdulloh roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Hafsaning oldida o‘tirgan edim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib qolib, menga: «Bunga yozishni o‘rgatganingdek, namila ruqyasini ham o‘rgatmaysanmi?» dedilar».
Abu Dovud, Nasoiy va Ahmad rivoyat qilishgan.
Olima ayollar vakilasi Oisha onamiz hadis rivoyat qilish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadilar. Ulkan sahobiylar o‘zlari bilmagan narsalarini, hal qila olmay qolgan masalalarini Oisha onamizdan so‘rar edilar. O‘sha vaqtning sharoitida bu narsalar dunyo miqyosida katta o‘zgarishlar edi.
Muslima ayolning jamiyat, siyosat va shariat maydonlarida ham keragicha o‘z ulushi bo‘lgan. Muslima ayolning to‘g‘ri fikrini, haq ovozini zabardast xalifa ham, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham, Alloh taoloning O‘zi ham eshitgan, qabul qilgan.
Islom ayollarning hurmat-ehtiromini o‘rniga qo‘yib, ayollik latofatlarini saqlab qolishlari uchun, ayollik vazifalarini to‘liq ado etish orqali o‘z jamiyatlariga, vatanlariga, dinlariga kerakli xizmatni ado etishlari uchun barcha sharoitni yaratib bergan.
Islom erkaklarga mos bo‘lgan og‘ir ishlarni ayollarga farz qilmagan, lekin ayollarga xos ba’zi ishlarni erkaklarga xos ishlar ila tenglashtirib, ular bilan teng ajr olishni joriy qilgan. Misol uchun, ayollarning tug‘ishdagi qiynoqlarini erkaklarning dushmanga qarshi jihodiga tenglashtirgan. Bu ma’nolar o‘z haq-huquqini talab qilib chiqqan muslima ayollar sharofati ila Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan bayon qilingan.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda zikr qilinishicha, Asmo’ bint Zayd al-Ansoriyya roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli, men ortimdagi muslima ayollar jamoasining elchisiman. Ular mening so‘zimni aytadilar va mening fikrimga o‘xshash fikrdalar: Albatta, Alloh sizni erkak va ayollarga yuborgan. Biz sizga iymon keltirdik va ergashdik. Biz – ayollar jamoasi tutilib, o‘ralib uyda o‘tirib qolganmiz. Erkaklarning shahvat mavzesi, bolalaringizning ko‘taruvchilarimiz. Erkaklar jamoat va janozaga hozir bo‘lish ila afzal qilindilar. Qachon ular jihodga chiqsalar, ularning mollarini muhafaza qilamiz, bolalarini tarbiya qilamiz, ularga ajrda sherik bo‘lamizmi?!» dedi.
Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam muborak yuzlarini o‘z sahobalariga o‘girib qaradilar-da:
«O‘z dini haqida ushbu ayoldan ko‘ra yaxshiroq savol bergan ayolning gapini eshitganmisizlar?» dedilar.
«Yo‘q, ey Allohning Rasuli», deyishdi ular.
«Ey Asmo’, qaytib borib, ortingdagi ayollarga bildirki, albatta, sizning biringizning yaxshi er tutishi, uning roziligini istashi, muvofiq bo‘lganiga ergashishi sen zikr qilgan narsalarga teng keladi», dedilar.
Asmo’ o‘ziga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan narsalardan sevinganidan «Laa ilaaha illalloh»ni aytib qaytib ketdi».
Islomiy nuqtai nazarda bola tarbiyasi, kelajak avlodni ko‘ngildagidek qilib etishtirish, oila mustahkamligi ayollarning ko‘chaga chiqib, o‘ziga mos bo‘lmagan ishlarni qilib, to‘rt-besh tanga pul topganidan, askarlik qilganidan yoki asfal’t yotqizganidan afzal hisoblanadi.
Endi ayol kishining turli sohalarda ishlashi haqida ikki og‘iz gaplashaylik. Avvalo erkak bo‘lsin, ayol bo‘lsin, nima uchun ishlaydi, degan savolni beraylik. Albatta, tirikchilik qilish uchun, yaxshi maishat o‘tkazish uchun, degan javobni olamiz. Unday bo‘lsa, tirikchiligi o‘tib turgan, maishati etarli bo‘lib turgan ayol kishining farzandlarini, oilasini tashlab qo‘yib, ko‘chaga chiqib, o‘ziga mos bo‘lmagan ishni qilishiga nima hojat bor? Ba’zilar «Ayol kishi o‘z mehnati ila jamiyati taraqqiyotiga hissa qo‘shishi kerak emasmi?» deyishi mumkin. Ularga «Jamiyat uchun ertayu kech dalada ezilib mehnat qilgan, paxta terib zaharlangan, bolasini emizadigan sutiga zahar aralashib chiqadigan ayol foydalimi yoki mazkur og‘ir ishlarni eriga qo‘yib, jamiyat uchun foyda keltiradigan farzandlarni yaxshilab tarbiyalab o‘stirgan, oilasining mustahkamligi uchun jon kuydiradigan ayol foydalimi?» degan qarshi savol beriladi.
Shu bilan birga, Islomda jamiyatga zarur bo‘lib qolganda, erkaklar uddasidan chiqa olmay qolganlaridagina, ayollarni ham ishga taklif qilish, hatto urushda qatnashtirishga ehtiyoj borligi eslatib o‘tiladi.
Islomda ayollarni tug‘ilganlaridan umrlarining oxirigacha kerakli maishat bilan ta’minlash erkaklar zimmasiga yuklatilgan, shuningdek, jamiyat uchun zarur bo‘lgan og‘ir ishlarni bajarish ham erkaklarga yuklatilgan. Hurmat va e’zozga loyiq bo‘lgan ayollar esa ishlash mas’uliyatidan ozod qilinganlar.
Ayollarning zaruratsiz ishlashlarining yana bir sababi bor. U ham bo‘lsa, ish bahonasi bilan oila doirasida qila olmay yurgan harom-xarish ishlarini qilish yoki oddiy ko‘ngilxushlikdir. Vaholanki, Islomda harom-xarish ishlar mutlaqo harom qilingani hammaga ma’lum. Ko‘ngilxushlikka kelsak, ishlab, charchab ko‘ngilxushlik qilgandan ko‘ra ishlamay, uyda, oila davrasida o‘tirib, qancha ko‘ngilxushlik kerak bo‘lsa, nikohidagi eri bilan qilgani ayollarning o‘zi uchun yaxshi emasmi?
Yana bir bor ta’kidlash lozimki, Islomda ayol kishining ishlashi man qilinmagan, balki bu masala ayol kishining, uning oilasining, jamiyatining manfaatlaridan kelib chiqib tartibga solingan.
Yosh bolalarni ta’lim va tarbiya qilish, xotin-qizlarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish kabi ishlar ayollarning ishi hisoblanadi.
Mutaqaddim hanafiy faqihlardan Kamoliddin ibn al-Humam: «Agar ayolning xotinlarga xos farzi kifoya ishda hunari bo‘lsa, uning eri (ishga) chiqishidan man qila olmaydi», deganlar.
Shuningdek, ayol kishi erining ishida yordamchi bo‘lishi, oilasi muhtoj bo‘lganda halol yo‘l bilan halol mehnat qilishi joiz. Ya’ni o‘zi xohlasa ishlaydi, bo‘lmasa birov uni majbur qila olmaydi. Ba’zi ulamolarimiz: «Nodir qobiliyatga ega bo‘lib, jamiyatga foydasi ko‘p bo‘lgan ayollar ham ishlashlari tavsiya qilinadi», deganlar.
Qolgan paytlarda ayol kishini ishlashga majbur qilish yo‘q. Uni turli yo‘llar bilan tashviqot qilib, arzon ish kuchi sifatida ezishga ham hech kimning haqqi yo‘q. Ayol-qizlarni tong-saharda dalaga haydab ketib, xohlaganicha ishlatib, tun qorong‘usida qaytarib olib kelishga ham hech kimning haqqi yo‘q. Ayollarni o‘zlariga mos bo‘lmagan ishlarda ishlatib, ularning ayollik latofati va onalik qobiliyatiga futur etkazishga ham hech kim haqli emas. Vallohu a’lam!“Iymon” kitobidan.

4 Oktabr 2022, 22:18 | Savol-javoblar | 169 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar