Naqd va nasiya savdosi

Assalomu alaykum! Men kirmoqchi bo‘lgan ishim haqida so‘ramoqchi edim. Ishim maishiy texnika sotishdan iborat. U erda mahsulotlar naqdga arzonroq, nasiyaga qimmatroq sotiladi. Bank bilan kelishuv sababli mahsulot nasiya (kredit)ga olinganda bo‘lib to‘lash jarayonida mahsulotning asl narxi bizga, qo‘shimchasi esa bank hisobiga o‘tadi. To‘lov kechiktirilsa hech qanday foiz qo‘shilmaydi. Bu holat riboga kirmaydimi? Sababi, saytingizda “Naqdga arzonroq nasiyaga qimmatroq sotish shar’an joiz” degan javobni o‘qigan edim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Tovarning asl narxini mijozning nomidan bank to‘lab berib, so‘ngra o‘sha pulni va “nasiya evaziga” qo‘yilgan ustamani mijozdan bevosita yoki bilvosita undurib olayotgan bo‘lsa bu bank bilan mijoz o‘rtasida ribaviy qarz muomalasi bo‘layotganini anglatadi. Bu joiz emas. Bank avval o‘zi sizlardan mahsulotni sotib olib, uni qabul qilib, so‘ngra mijozga nasiyaga qimmatroqqa sotsa bu qarz emas, joiz nasiya savdodir. Vallohu a’lam!

7 Oktabr 2022, 16:54 | Savol-javoblar | 273 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar