Mushrik kim

Assalomu alaykum! Mushriklar kim o‘zi va kofirdan nima farqi bor? Shirk keltirgan odam mushrik bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom!Kufr va shirkning farqiBirinchidan, kofirlik dindagi zaruriy narsalardan birini inkor qilish bilan bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, iymon keltirish vojib bo‘lgan har bir narsani inkor qilish bilan bo‘ladi.
Mushrik dindagi zaruriy narsalardan birortasini inkor qilmasligi mumkin. Lekin Alloh taologa xos sifatlardan birida, Uning hukmlarida, ismlarida yoki ishlarida shirk keltirishi mumkin.
Ikkinchidan, kufr o‘zining barcha turlari bilan iymonga zid bo‘lib, u bilan jam bo‘la olmaydi. Shirk esa gohida iymon bilan jam bo‘lishi mumkin. Yoki boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, har bir shirk ham kufr emas. Bunga kichik shirk va maxfiy shirk misoldir.
Imom Ahmad o‘zining Musnad nomli kitobida quyidagi hadisni rivoyat qilgan:قَالَ رَسُولُ اللهِ رَضِيَ ٱللَّٰهُ عَنْهُ: «إِنَّ أَخْوَفَ مَا أَخَافُ عَلَيْكُمْ الشِّرْكُ الْأَصْغَرُ». قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، وَمَا الشِّرْكُ الْأَصْغَرُ؟ قَالَ: «الرِّيَاءُ». قَالَ رَجُلٌ لِلنَّبِيِّ رَضِيَ ٱللَّٰهُ عَنْهُ: مَا شَاءَ اللهُ وَشِئْتَ. فَقَالَ لَهُ النَّبِيُّ رَضِيَ ٱللَّٰهُ عَنْهُ: «أَجَعَلْتَنِي وَاللهَ عَدْلًا؟! بَلْ مَا شَاءَ اللهُ وَحْدَهُ». رَوَاهُ أَحْمَدُ.«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Mening siz uchun eng xavf qilgan narsam kichik shirkdir», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, kichik shirk nima?» deyishdi.
«U riyodir», dedilar u zot».
Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Alloh xohlasa va siz xohlasangiz», deganida, u zot alayhissalom: «Nima, meni Allohga teng qildingmi?! «Allohning yolg‘iz O‘zi xohlasa», degin», deganlar».
Imom Ahmad rivoyat qilgan.قَالَ رَسُولُ اللهِ رَضِيَ ٱللَّٰهُ عَنْهُ: «مَنْ حَلَفَ بِغَيْرِ اللهِ فَقَدْ أَشْرَكَ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ.«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Allohdan boshqa ila qasam ichsa, batahqiq, shirk keltiribdi», deganlar».
Abu Dovud, Termiziy va Ahmad rivoyat qilishgan.قَالَ رَسُولُ اللهِ r: «أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا هَذَا الشِّرْكَ فَإِنَّهُ أَخْفَى مِنْ دَبِيبِ النَّمْلِ». ...وَكَيْفَ نَتَّقِيهِ وَهُوَ أَخْفَى مِنْ دَبِيبِ النَّمْلِ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: «قُولُوا: اللَّهُمَّ إِنَّا نَعُوذُ بِكَ مِنْ أَنْ نُشْرِكَ بِكَ شَيْئًا نَعْلَمُهُ وَنَسْتَغْفِرُكَ لِمَا لَا نَعْلَمُ». رَوَاهُ أَحْمَدُ.«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ey odamlar, ushbu shirkdan saqlaninglar, chunki u chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroqdir», deganlarida, u zotga:
«Ey Allohning Rasuli, agar u chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroq bo‘lsa, qanday qilib undan saqlanamiz?» deyildi. Shunda u zot:
«Allohim, biz Sening O‘zingdan bilgan narsamizni Senga shirk keltirishimizdan panoh so‘raymiz, bilmaganimizga istig‘for aytamiz», denglar», deb javob berganlar».
Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Ushbu zikr qilingan narsalarni qiluvchi murtad yoki kofir bo‘lgani haqida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan hukm chiqmadi. Shuningdek, shahodat kalimasini qaytarish yoki iymonini yangilash haqida amr ham bo‘lmadi.
Shunga o‘xshash, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohdan o‘zga bilan qasam ichgan odamning murtad yoki iymondan chiquvchi mushrik bo‘lgani haqida hukm qilmaganlar.
Hattoki, u zot sollallohu alayhi vasallam o‘zlaridan Islomning arkonlari haqida so‘ragan a’robiy haqida: «Otasiga qasamki, agar rost gapirgan bo‘lsa, najot topdi», deganlar. (Buxoriy.)
Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha a’robiyning otasi bilan qasam ichganlar. Agar bu shirk bo‘lganida, hech qachon bu xilda qasam ichmas edilar.
Shuningdek, u zot sollallohu alayhi vasallam ko‘pgina sahobalarning ismlarini o‘zgartirganlar. Lekin o‘sha ism egalarining shirki yoki kufri haqida hukm chiqarmaganlar. Balki shirk gumoni bo‘lgani uchun o‘sha ismlarga o‘xshash ismlarni man qilganlar.
Ushbularning barchasi shirkning ba’zi turlari katta gunoh bo‘lsa ham, kufr emasligiga dalildir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ishlar haqida shiddatli gaplarni aytganlari esa shirk va johiliyatga sabab bo‘ladigan yo‘llarni to‘sish, Islom va tavhidning ta’sirini ko‘tarish uchun bo‘lgan. (Jazoiriy, «Aqiydatul mo‘min» 105-106-betlar.)  «Ruhiy tarbiya» kitobidan. Vallohu a’lam!

21 Sentabr 2023, 11:17 | Savol-javoblar | 0 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar