Iqoma haqida

Assalomu alaykum! Izlash bo‘limidan qidirdim, ba’zi savollarimga javob oldim, ba’zi xolatlarni esa umuman hayolimga ham keltirmagan ekanman, qo‘shimcha ravishda bilib ham oldim. Buning uchun Sizlardan minnatdorman. Alloh ishlaringizni barakotli qilsin. Lekin meni bir savolim javobini topa olmadim. Bu balki to‘g‘ri qidirish amalga oshirmaganligimdandir, agar Sizlarni shu o‘rinda urintirib qo‘ygan bo‘lsam, uzr so‘rayman. Savolga o‘tadigan bo‘lsam, jamoat namozlarida ko‘pincha iqoma takbiri aytilayotgan vaqtda jamoat uni eshitib o‘tiradi, iqoma tugay degan vaqtda o‘rnidan turib saf hozirlashadi. Ba’zan iqoma tugashi bilan imom saflarni tekislab olinglar deb bir marta ogohlantirish berib, namozni boshlab yuboradi, vaholanki, bu vaqt oralig‘ida, ayniqsa jamoat ko‘p bo‘lgan o‘rinlarda saflar to‘la-to‘kis bo‘lib ulgurmaydi. Ko‘p namozxon birodarlar oldiga qaramay quloq qoqib yuboradilar. Oldindagi bo‘sh o‘rinlarni to‘ldiray desangiz ularning oldilarini kesib o‘tishga to‘g‘ri kelib qoladi. Saf to‘la bo‘lmaganini bilib turib, shunday noqulay vaziyatda qolganim uchun xatto gunoxkor bo‘lamanmi deb xavotirga ham tushaman. 1) Azon aytilganda o‘tirib eshitish kerak deganini eshitgandim, bu qanchalik to‘g‘ri 2) Yuqorida keltirilgan xolatni nazarda tutsak, iqoma boshlanishi bilan jamoa qo‘zgalib safni to‘ldirib olishi kerakmi yoki iqoma aytilayotganda ham o‘tirib eshitish kerakmi. Bu savolni berganimning sababi, birovdan eshitgandim (ilmlimi yoki boshqa ekanligi esimda yo‘q), iqoma aytilishi boshlanganda namozga turib niyat qilib turiladi, qod qomatis solah ni aytganda namoz boshlandi degan ma’noni beradi va bu vaqtda imom namozga takbir aytib quloq qoqishi mumkin. Namozga quloq qoqilgan vaqtda jamoat safi mukammal xolda bo‘lishi kerakligini aytgandi. Agar savolim o‘rinli bo‘lsa va bu jamoat uchun, namozxonlarimizni jamoat namozida to‘g‘ri saf tortishlari uchun foydali bo‘lsa, unga berilgan javobni telegram saxifasidagi Zikr axlidan so‘rang kanalida ham bersangiz. Alloh ilmingizlarni ziyoda qilsin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ko‘pchilik “hayya alassolah”da turiladi degan gapni undan oldin turish joiz emas deb o‘ylashadi. Aksincha bu shungacha turishni kechiktirmaslik kerak deganidir. Xususan jamoati ko‘p masjidlarda takbir boshlashi bilan turib, takbir tugaguncha saflarni rostlab bo‘lgan bo‘lishi kerak. Tik turib eshitishni ham zarari yo‘q. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 08:30 | Savol-javoblar | 164 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar