Shunday deyish mumkinmi?

Assalomu alaykum! E’tibor beraman ba’zi kishilar Alloh taologa “Xudojon” deb murojaat qilishadi. Shunday deyish joizmi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Joiz emas. وَلِلَّهِ الْأَسْمَاءُ الْحُسْنَىٰ فَادْعُوهُ بِهَا ۖ وَذَرُوا الَّذِينَ يُلْحِدُونَ فِي أَسْمَائِهِ ۚ سَيُجْزَوْنَ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ A’rof 180-oyat
 Eng go‘zal ismlar Allohnikidir. Bas, Unga ular ila duo qiling va Uning ismlarida og‘adiganlarni tek qo‘yavering. Tezda qilgan amallarining jazosini olurlar.
Alloh taolo o‘zining ismlarini tahrif(o‘zgartirgan) qilgan va ismi-sifatlarini noto‘g‘ri iste’mol qilganlarni qattiq qoralagan. Muhammad Shafi’ Usmoniy rohimahulloh o‘zlarining “Ahkamul Qur’an” kitoblarida quyidagilarni aytganlar: “Alloh taoloning ismlarini tahrif qilish bir necha ko‘rinishda bo‘ladi.
     1-Alloh taologa Qur’oni Karimda va hadislarda kelmagan ismlarni Alloh taologa iste’mol qilish bilan bo‘ladi. Ulamolar Alloh taoloning ismlari tavqifiy bo‘lib, faqat hadis va oyatlarda kelgan ismlarinigina iste’mol qilishlikka ittifoq qilganlar. Masalan: Alloh taoloni Karim deyish mumkin, lekin Alloh taoloni Saxiy deyish mumkin emas. Alloh taoloni Nuur deb aytilinadi, lekin yoruq, oppoq deyish mumkin emas. Alloh taoloni Shofiy  ya’ni shifo beruvchi deyish mumkin, lekin tabib deyilinmaydi.
    2-Alloh taologa xos bo‘lgan ism-sifatlarni boshqalarga iste’mol qilinmaydi. Faqatgina Alloh taolo Qur’oni Karimda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarida Allohdan o‘zgaga iste’mol qilgan bo‘lsa, uni boshqalarga iste’mol qilish joiz. Masalan: Karim, Rahim, Aliy, A’ziz. Oyatlarda bu sifatlarni  Allohdan boshqalarga ham iste’mol qilingan. Agar oyat-hadislarda iste’mol qilinmagan bo‘lsa, joiz emas. Alloh taoloning o‘zgalarga iste’mol qilishi joiz bo‘lmagan ismlarini o‘zgalarga iste’mol qilishlik oyatdagi ilhod ostiga kirib harom sanaladi. Masalan: Rahmon, Subhon, Razzoq, Xoliq, G‘affor, Quddus va boshqalar. Bu ismlar faqat Alloh taologagina xos bo‘lib, o‘zgalarga iste’mol qilinmaydi. Agar kimda kim e’tiqodda adashib biror kishini Xoliq(yaratuvchi), Razzoq(rizq beruvchi) deb tushunib birortasiga murojaat qilsa, bu kufr sanaladi. E’tiqodda adashmasdan o‘ylab ham o‘tirmay biror bir shaxsni Abdulxoliq, Abdurrazzoq, Abdurrohman, Abdulquddus o‘rniga Xoliq, Razzoq, Rohman, Quddus deb murojaat qilsa, kufr bo‘lmasada gunohkor bo‘ladi.
    3-Shuningdek ushbu ismlarni buzib aytish ham nojoiz, harom va gunohi kabira hisoblanadi. Ular  bu murojaatlari bilan har chaqiruvida gunohi kabiraga qo‘l urgan bo‘ladilar. Masalan: Qudratulloh ismini Tilloh, Abdulvohid ismini Voyid, Abdulmannon ismidagi Alloh taoloning Mannon sifatini Manof yoki Mannopga o‘zgartirib Abdumannop, Allohning Somad sifatiga nisbat berilib qo‘yilgan Abdussomad ismini Apsamad, Samat deyishga o‘xshash. Holbuki Somad sifati faqat va faqat Alloh taologagina xos bo‘lib, o‘zgaga ishlatilmaydi. Chunki Somadning ma’nosi hamma unga muhtoj bo‘lib, u hamma narsadan bexojat deganidir. Bunda xuddi Alloh taoloning Mannon sifatini johiliyatdagi mushriklar Manof butining ismiga o‘zgartirgandek bo‘ladilar. Va bu bilan Allohning bandasi degan ma’no butning quli – degan ma’noga o‘zgarib qoladi.
       Islomdan avval Makka mushriklari Alloh taoloning Alloh ismi zotini Lootga, Aziz sifatini Uzzoga, yana qaysidir bir  sifatini esa Manotga o‘zgartirib olishgan. Ularning bu qilmishlarini Alloh taolo qattiq qoralagan”.
     Hozirgi kunda Alloh taolo va Uning rasulining ism-sifatlarini behurmat qilishni yangi turlari paydo bo‘ldi. Kasalxonalarda va shunga o‘xshash joylarda yotuvchilar bekorchiliklaridan gazeta va jurnallarni sotib olishadi. O‘qib bo‘lishgach ularni varoqlab yirtib olib, hojatxona va shunga o‘xshash nopok joylarda iste’mol qilayotganlarini guvohi bo‘ldik. O‘sha varoqlarda ba’zi birlarining ichida oyat-hadis borligini yoki Alloh taoloning ism-sifatlariga nisbat berilgan Abdulloh, Abdulxoliq, Abdurrohim kabi odamlarning ismlari yozilgan yozuvlarni ko‘rdik. Hatto xuddi o‘sha joylarga najosat tegib turganini ham shohidi bo‘ldik. Ba’zilar hojatxona qog‘ozidan ko‘ra o‘sha gazeta va jurnallardan foydalanadilar. Ular bu varoqlarda oyat-hadislarni ko‘rmasada, lekin Alloh taoloning ism-sifatlari nisbat berilgan insonlarning ismlari yozilganiga e’tibor qilmay qoladilar.
“Ta’limul Mutaallim” kitobida: Ichi ketish kasaliga duchor bo‘lgan bir kishi betahorat kitob ushlashlikdan saqlanib bir kechada 10 martadan ziyod tahorat qilganligi zikr qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazrati Ali roziyallohu anhu haqlarida : “Men ilm shahri bo‘lsam, Ali uning darvozasidir” deb marhamat qilganlar. Ali roziyallohu anhu esa : “Men qog‘oz yuklangan tuyani betahorat etaklashdan hayo qilaman” deganlar. Vallohu a’lam.

29 Aprel 2022, 09:56 | Savol-javoblar | 169 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar