Hudkush

Assalomu alaykum! Alloh taolo Qur’onda xar bir narsa o‘lchov bilan yaratilgani haqida aytadi. Meni qiziqtirgani shuki o‘z joniga qasd qilish yoki birov birovni o‘ldirib qo‘yishi o‘sha qadarning tugaganimi yoki xali fursat yashashga imkon bo‘la turib inson qo‘li bilan tugatilishimi? Agar bu qadardan bo‘lsa jonga qasd qilishni sabab deylik, lekin bu sabab katta gunoh. Bundan kelib chiqadiki bu gunohni qilish inson taqdirida bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh “Tavba” surasida marhamat qiladi: إِنَّ اللّهَ اشْتَرَى مِنَ الْمُؤْمِنِينَ أَنفُسَهُمْ وَأَمْوَالَهُم بِأَنَّ لَهُمُ الجَنَّةَ يُقَاتِلُونَ فِي سَبِيلِ اللّهِ فَيَقْتُلُونَ وَيُقْتَلُونَ وَعْدًا عَلَيْهِ حَقًّا فِي التَّوْرَاةِ وَالإِنجِيلِ وَالْقُرْآنِ وَمَنْ أَوْفَى بِعَهْدِهِ مِنَ اللّهِ فَاسْتَبْشِرُواْ بِبَيْعِكُمُ الَّذِي بَايَعْتُم بِهِ وَذَلِكَ هُوَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ۝
. Albatta, Alloh mo‘minlardan ularga jannat bo‘lishi evaziga ularning jonlari va mollarini sotib oldi. Allohning yo‘lida jang qilurlar, o‘ldirurlar va o‘ldirilurlar. Bu Tavrotda, Injilda va Qur’onda Uning zimmasidagi haq va’dadir. Allohdan ko‘ra ahdiga vafodorroq kim bor? Kim Allohga bergan ahdiga vafo qilsa, bas, qilgan savdolaringizdan shodlanavering. Ana o‘sha buyuk yutuqdir.
Ushbu oyatda iymon va Islomga kirish bir savdo ishi sifatida vasf qilinmoqda. Bu savdo aloqasida Alloh taolo – xaridor, mo‘min inson esa sotuvchi. Mo‘min-musulmon bo‘lish bilan inson o‘z joni va molini Allohga sotadi. Alloh taolo esa mo‘min-musulmon bandasiga «Joningni va molingni mening yo‘limga tiksang, Men buning evaziga jannatni beraman», deb sotib oladi va bandaning o‘ziga qaytarib berib: “Bu jon va molni Mening kitobim va habibimning sunnatida bayon qilgan tarzda sarflaysan. O‘zingi xohlaganingdek tasarruf qilishga, Men qaytargan joylarga va ishlarga sarflashga haqqing yo‘q. Shuningdek uni o‘ldirishga ham haqqing yo‘q” degan. Kim savdoni buzib o‘zini o‘ldirsa do‘zaxga kiritishini ham aytgan.  Insonga shunchalik ixtiyor berilgan. «Albatta, Alloh mo‘minlardan ularga jannat bo‘lishi evaziga ularning jonlari va mollarini sotib oldi», degani shu ma’noni anglatadi. «Sotib oldi», ya’ni savdo tugadi. Shuning uchun har bir mo‘min-musulmon shaxs savdoni buzmasligi, Allohga sotgan joni va molini berishga doim tayyor turmog‘i lozim. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 10:29 | Savol-javoblar | 157 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar