Roxman, Roxiym va Odil

Assalomu alaykum! Men musilmonman ammo ming afsus kanchalik diniy kitob ukiganim sari shunaka fikr va karamakarshiliklar menga ozor bermokda. Allox uz xatti xarakat va karorlarida xech kimga xisob bermas va shu bilan birga u Odildir, Raxmondir bir karashda bu Alloxning sifatlari va karorlarida xisob bermasligi bir biriga mos emas nega bunday? Buni xozir aytib utaman, Allox insonni yaratti u Odam edi, yaralishda Odam daxlsiz, uni yaratish xamda masuliyat va sinovlar berish, azoblash adolatdan emas, shu kabi er yuzidagi insonlar ichidagi dinsizlarni xam duzaxda yokishi adolatdan bulmas, negaki insonni yaralishida u daxlsiz va unga yuklangan sinov va xayot undan besurok berilgan, demakki inson xoxlasa amal kiladi xoxlasa masiyat bunda uning xakki bor ammo uning uchun jazolash adolatdan emas, yana bir tomoni insonni yaratishdan oldin uning takdiri Alloxga ayon edi, masalan daxriyni Allox xoxlasa takvoli kila olardi ammo uni uz xoliga tashladi iymon bermadi, bu xuddiku ona bolasi kaynab turgan suvni ustiga bostirib borayotgan bolasini kuzatib turadida va xarakatlariga aralashmaydi, endi bola suvni ustiga tukib uziga ozor bersa keyin yana ona nega unday kilding deb bolani yana azoblashi adolatdan buladimi? Xuddiki bandasini suroksiz yaratib unga masuliyat yuklab agar sinovdan uta olmasa uni yana abadiy azoblashi Alloxning Raxmon, Roxiym va Adl sifatlariga mos emas va Allox amali ustidan xisob bermas bular bir biriga togri kelmayapti.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bandalarning xohishlari ham Allohning xalq qilishi – yaratishi bilan bo‘lganidan keyin, boshqa amallari haqida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Chunki ixtiyoriy amallar xohishning juz’i va samarasidir. Shuningdek, Alloh taolo har bir narsaga qodir bo‘lgandan keyin, U Zotni bandalarning amalini xalq qilishdan nima ojiz qila oladi?
O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, bandadan sodir bo‘ladigan narsa ikki xil bo‘ladi.
Birinchi xili: uning irodasi, imkoniga bog‘liq bo‘lmagan, titrash, qalb urishi kabi narsalar. Bular uning amali emas, sifatidir.
Ikkinchi xili: bandaning ixtiyoriga va imkoniga bog‘liq narsalar bo‘lib, bunga barcha ixtiyoriy harakatlar kiradi. Bular bandaning sifati emas, amali va kasbi, deb vasf qilinadi.
Alloh bandaning ixtiyoriy va boshqa hamma amallarining xoliqi(yaratuvchisi)dir.
«Hamma narsa Allohning irodasi bilan, Uning xalq qilishi bilan bo‘ladimi?» Agar shunday bo‘lsa, bandaga nima qoladi, degan savolga javob axtaraylik.
Bu savolning javobi ikki qismga bo‘linadi:
Birinchi qism – insonning daxli yo‘q narsalar.
Dunyoda bir xil ishlar borki, ular faqat Alloh taoloning irodasi va qudrati bilan bo‘ladi. Bu ishlarga insonning hech qanday daxli yo‘q.
Misol uchun, inson aqlining o‘tkir yoki o‘tmas, gavdasining turlicha, mijozining har xil bo‘lishi, husnining chiroyli yoki xunukligi, tug‘ilish vaqti va joyi, ota-onaning kim bo‘lishi, o‘zining erkak yoki ayolligi, nasldan-naslga o‘tadigan ba’zi sifatlari hamda shunga o‘xshash bir qancha ishlari borki, ularda insonning hech qanday daxli yo‘q.
Inson bu narsalardan mas’ul ham emas.
Misol uchun, uni hech kim «Nima uchun qomating uzun yoki qisqa bo‘lib qolgan?» deb so‘roq-savol qilmaydi. Shuningdek, «Nima uchun falon kuni tug‘ilding, falon kuni o‘lding?» ham demaydi. Bularning hammasi Allohdan. Bu turdagi qadarga iymon keltirish har bir mo‘min-musulmonga vojib.
Ikkinchi qism – inson tomonidan sodir etiladigan ish va amallar.
Bularda insonning daxli bor, u bu ishlarda o‘z mayli, aqli, xohishi, ixtiyori va harakati bilan ishtirok etadi. Masalaning nozik joyi shu erda.
Xuddi shu turdagi ishlarni qanday baholash kerak? Qadimdan bu savolga turli javoblar berilgan. Yunon faylasuflari ham bu haqda ko‘p ixtiloflar qilishgan.
Keyinchalik musulmonlar ichida ham bu haqda turli fikrlarni aytganlar chiqqan.
Avval aytib o‘tilganidek, Qadariya va Mo‘’taziliya mazhabidagilar: «Inson o‘z amalini o‘zi xalq qiladi, bunga Alloh aralashmaydi», deganlar.
Bu esa Allohning barkamollik sifatlariga nuqson bo‘lib tushadi. Agar mo‘’taziliylar aytgan gap to‘g‘ri, deyilsa, dunyoda Allohning irodasidan, qudratidan, Uning xoliqligidan tashqari narsalar ham bor bo‘lib qoladi. U holda Alloh taoloning irodasi shomil bo‘lmaydi. Qudrati cheksiz bo‘lmaydi. Xoliqligi yagona bo‘lmaydi.
Jabriya mazhabidagilar esa: «Inson bu dunyoda dengizga tashlangan cho‘pdek gap», deydilar. Ularning fikricha, inson hech bir narsani o‘z ixtiyori bilan qilmaydi, balki hamma narsani Allohning majburlashi ila amalga oshiradi.
Bu fikr ham mutlaqo noto‘g‘ri! Agar Jabriya mazhabidagilarning gaplari to‘g‘ri, deyilsa, Alloh taoloning adolat sifatiga futur etadi. U Zot taolo odil emas, jabr qiluvchi bo‘lib qoladi. Chunki bandani Allohning O‘zi har narsaga majbur qilib, keyin so‘roq-savol qilib, «Nima uchun bu ishni qilding?» deya jazolashi adolatsizlik bo‘lar edi.
Ushbu ikki mazhab ham zalolatga ketgan bo‘lib, ma’lum vaqtdan keyin o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdi. Musulmonchilikning sof aqiydasi esa Ahli sunna va jamoa mazhabida o‘z aksini topgan. Bu aqiydaga binoan, insonning ixtiyoriy amallari ham Alloh xalq qilgan narsalar jumlasidandir. Chunki dunyoda Alloh xalq qilgan, yaratgan narsadan boshqa narsa bo‘lishi mumkin emas.
Lekin bu, inson o‘z ishini majbur bo‘lib qiladi, degani emas. Chunki inson bir ishni amalga oshiradigan bo‘lsa, o‘sha ish ikki narsaga bog‘liq bo‘ladi. Birinchisi, uni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan omillar. Ikkinchisi, insonning o‘sha ishni amalga oshirish uchun yo‘nalishi.
Inson ayni ushbu ikkinchi narsa, ya’ni ishni amalga oshirish uchun yo‘nalishi tufayli iroda va ixtiyor egasi hisoblanadi. Hamda ana shu irodasi va ixtiyori uchungina javobgar bo‘ladi. Tashqi omillarni yaratish va vujudga keltirishda uning daxli yo‘q.
Bu masalani hissiy bayon bilan tushuntirish uchun, ulamolarimiz quyidagi misolni keltiradilar:
Inson qo‘li bilan varaqqa bir narsani yozmoqchi. Bu ishning tashqi omillari – qo‘l, uning tomirlari, paylari va boshqalar Alloh xalq qilgan narsalardir.
Shuningdek, varaq, qalam va ulardagi yozish uchun bo‘lgan xususiyatlarni ham Alloh taolo xalq qilgan.
Ushbu narsalarning birlashib harakat qilishi oqibatida varaqqa bir narsa yoziladi. Bu Allohning qudrati va yaratishi bilan bo‘lishiga shubha qolmagan bo‘lsa kerak.
Alloh insonning amalini xalq qiladi, degan gapning ma’nosi shu.
Ammo bu, Alloh insonni varaqqa yozishga majbur qildi, degani emas. Chunki mazkur tashqi omillarning topilishi bilangina varaqqa o‘z-o‘zidan biror narsa yozilib qolmaydi. Balki uning uchun inson avvalo yozishni ixtiyor qilishi va shu niyatni amalga oshirish uchun yo‘nalishi kerak. Ana shunda Alloh insonda O‘zi yaratgan yozish qobiliyatiga va yozish uchun zarur bo‘lgan tashqi omillarga yozishni amalga oshirishga izn beradi.
Shunday qilib, «yozish» deb nomlangan ish amalga oshadi. Bu ishning amalga oshishida niyat va yo‘nalish insondan, tashqi va ichki omillarni yaratish Alloh taolo tomonidan bo‘ladi.
Albatta, insonning niyati va yo‘nalishi ham Alloh unda xalq qilgan xususiyatlar orqali bo‘ladi. Inson ana o‘sha qasdi va yo‘nalishi uchun javobgar bo‘ladi. Uning ixtiyori, hurligi ana o‘shandadir. Hech bir aqlli inson “Men bu yoki u ishni Alloh taolo majbur qilgani uchun qilganman, o‘z qilmishimga javobgar emasman”, deya olmaydi. («Sunniy aqiydalar» kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 23:17 | Savol-javoblar | 158 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar