Allohga omonat deyish

Assalomu alaykum! Biz yaqinlarimiz bilan xayrlashguncha «Allohga omonat» iborasini ishlatishga odatlanib qolganmiz. Masalan, safarga ketayotgan bo‘lsam «sizlarni Allohga omonat qilib qoldiryapman» degan ma’noda. Shu to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! To‘g‘ri. عَنِ الْقَاسِمِ بْنِ مُحَمَّدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ يَقُولُ: كُنْتُ عِنْدَ ابْنِ عُمَرَ، فَجَاءَهُ رَجُلٌ فَقَالَ: أَرَدْتُ سَفَرًا، فَقَالَ عَبْدُ اللهِ: انْتَظِرْ حَتَّى أُوْدِعَكَ كَمَا كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُوْدِعُنَا فَيَقُولُ: «أَسْتَوْدِعُ اللهَ دِيْنَكَ، وَأَمَانَتَكَ، وَخَوَاتِيمَ عَمَلِكَ». رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ Qosim ibn Muhammad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men Ibn Umar roziyallohu anhumoning huzurida edim. Bir kishi kelib: «Safarga chiqmoqchiman» dedi. Shunda Abdulloh (ibn Umar): «Kutib tur, seni Rasululloh bizni kuzatganlaridek kuzatib qo‘yaman», dedi. U zot: «Astavdi’ulloha dinaka va amaanataka va xavotiyma amalik», deb bizni kuzatar edilar». Bayhaqiy rivoyat qilgan. Ma’nosi: «Men sizning diningizni, omonatingizni va amallaringizning xotimasini Allohga topshiraman». عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ لَهُ: يَا نَبِيَّ اللهِ إِنِّي أُرِيدُ السَّفَرَ، فَقَالَ لَهُ: «مَتَى؟» قَالَ: غَدًا إِنْ شَاءَ اللهُ، قَالَ: فَأَتَاهُ فَأَخَذَ بِيَدِهِ فَقَالَ لَهُ: «فِي حِفْظِ اللهِ وَفِي كَنَفِهِ، زَوَّدَكَ اللهُ التَّقْوَى، وَغَفَرَ لَكَ ذَنْبَكَ، وَوَجَّهَكَ لِلْخَيْرِ أَيْنَمَا تَوَجَّهْتَ أَوْ أَيْنَمَا تَوَخَّيْتَ». رَوَاهُ الدَّارِمِيُّ Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib, u zotga: «Ey Allohning Nabiysi, safarga chiqmoqchiman», dedi. Shunda u zot: «Qachon?» dedilar. «Ertaga, inshaalloh», dedi u. (Ertasi kuni) keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning qo‘lidan ushlab: «Fi hifzillahi va fi kanafihi. Zavvadakallohut-taqvaa va g‘afara laka zanbaka va vajjahaka lilxoyri aynamaa tavajjahta», dedilar». Dorimiy rivoyat qilgan. Ma’nosi: «Allohning hifzi-himoyasida bo‘ling! Alloh  zodi rohilangizni taqvo qilsin, gunohingizni mag‘firat etsin, qaerga borsangiz ham, yaxshilikka ro‘para qilsin». Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 11:46 | Savol-javoblar | 185 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar