Farishta deb ism qo‘yish

Assalomu alaykum! Hurmatli uztozlar sizlardan Alloh rozi bo‘lsin. "Izlash xizmati"dan javob topolmadim. Bir yaqin qarindoshimiz qiziga "Farishta" deb ism qo‘ygan. Shu ismda qoldirsa bo‘ladimi yoki o‘zgartirgani yaxshimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Uch firqa, Alloh taolo o‘ziga farzand tutgan degan narsani davo qilishgan. Yahudiylar Uzayr alayhissalomni, nasorolar Iyso alayhissalomni “Allohning o‘g‘illari” deyishgan. Na’uzubillah. Arab mushriklari esa “Farishtalar Allohning qizlari” deb davo qilishgan. Alloh taolo yahud va nasorolarning davolariga raddiya bildirib : وَقَالُواْ اتَّخَذَ اللّهُ وَلَدًا سُبْحَانَهُ بَل لَّهُ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ كُلٌّ لَّهُ قَانِتُونَ ۝  بَدِيعُ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ وَإِذَا قَضَى أَمْراً فَإِنَّمَا يَقُولُ لَهُ كُن فَيَكُونُ 116. Va: «Alloh farzand tutdi», – dedilar. U Zot pokdir. Balki osmonlaru erdagi barcha narsalar Unikidir. Hamma Unga bo‘ysunuvchidir.
117. U osmonlaru erning benazir qilib yaratuvchisidir. Biror ishni hukm qilsa, unga: «Bo‘l!» – deydi, xolos, bas, u bo‘ladir.
Kofirlarning Alloh subhanahu va taologa nisbatan qilgan eng katta beodobliklari, tuhmatlari shuki,
«Alloh farzand tutdi», – dedilar».
Alloh taoloning O‘zi bu tuhmatni hadisi qudsiylaridan birida «so‘kish» deb baholagan.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom:
«Alloh taolo «Odam bolasi meni yolg‘onchi qildi, shuni qilmasa bo‘lardi. Odam bolasi meni so‘kdi, shuni qilmasa bo‘lardi. Meni yolg‘onchi qilgani – uni qanday bo‘lsa, shunday qilib qayta tiriltira olmaydi, deb o‘ylaydi. Meni so‘kkani – «Bolasi bor», deyishi. Men xotin yoki bola olishdan pokdirman», – deb aytdi», – deganlar.
Kofirlar ushbu oyati karimada kelganidek, «Alloh O‘ziga farzand tutdi», – deydilar.
Bu oyatlar nozil bo‘layotgan paytda musulmonlar bilan yuzma-yuz to‘qnashib turgan uch toifa kofirlarning barchasi ham ulkan jinoyatga borib, Allohga tuhmat qilishardi:
Yahudiylar: «Uzayr Allohning o‘g‘li», – deyishardi;
Nasorolar: «Iyso Masih Allohning o‘g‘li», – deyishardi;
Kofirlarning uchinchi guruhi bo‘lmish mushriklar: «Farishtalar Allohning qizlari», – deyishardi.
Hozirgi zamon musulmon ulamolaridan shayx Abul Hasan Nadaviy hazratlari bu oyati karimaning ulkan mo‘’jizasi haqida quyidagi ma’noni yozganlar. Oyatda «Ular: «Alloh O‘ziga farzand tutdi», – derlar», – deyilyapti. Bu jumladan «Allohning nasli bor», ya’ni «Undan farzand tug‘ildi», degan ma’no kelib chiqmaydi. «O‘zidan tug‘ilmagan shaxsni asrandi farzand qilib oldi», degan ma’no chiqadi.
Tarixni yaxshiroq o‘rganib ko‘rilsa, diniy mahzablarga chuqurroq nazar solinsa, nasoro mazhablaridan ba’zilari «Iyso Allohning tutingan – asrandi o‘g‘li», deb e’tiqod qilishar ekan. Qur’oni Karim ilohiy kitob bo‘lmaganida, bu nozik taraflarni kim bilar edi?!
Kofirlarning bu bo‘xtonlariga qarshi oyatning davomida va keyingi oyatda Alloh taolo beshta raddiya bilan javob qilmoqda:
«U Zot pokdir. Balki osmonlaru erdagi barcha narsalar Unikidir. Hamma Unga bo‘ysunuvchidir. U osmonlaru erning benazir qilib yaratuvchisidir. Biror ishni hukm qilsa, unga: «Bo‘l!» – deydi, xolos, bas, u bo‘ladir».
1.«Subhanahu» so‘zining o‘zi «Alloh pok bo‘ldi, yuqori bo‘ldi,
ularning aytganlari bekor» degan ma’nolarni anglatadi. Shuning
uchun ham biz uni «U pok bo‘ldi», deb tushunsak ham bo‘ladi.
2.«Balki osmonlaru erdagi barcha narsalar Unikidir».
Ya’ni hamma narsaga ega bo‘lib turgan Zotning farzandga hojati bo‘larmidi?
3.«Hamma Unga bo‘ysunuvchidir».
Ya’ni hamma Allohning bandasidir, farzandi emas. Hamma Unga bo‘ysunib turganda, Uning farzandga hojati qolarmidi?!
4.«U osmonlaru erning benazir qilib yaratuvchisidir».
Ya’ni Alloh taolo ularni yo‘qdan paydo qiluvchi Zotdir. Osmonlaru erning nimaligini inson haligacha to‘la anglab etgani yo‘q. Alloh esa ularni yo‘qdan bor qilgan. Shunday ulug‘ Zot, albatta, farzandga hojatmandlikdan pok va yuqoridir.
5.«Biror ishni hukm qilsa, unga: «Bo‘l!» – deydi, xolos, bas, u bo‘ladir».
Ya’ni Alloh farishtalarni yaratishnimi, Uzayr yoki Iyso alayhissalomlarning dunyoga kelishlarinimi, nimani iroda qilsa, «Bo‘l!» – deydi. Va aytganiday bo‘ladi. Tamom. Boshqa gapga, har xil taxminu bo‘htonlarga hojat yo‘q.
Islomiy tasavvurdan boshqa tasavvurlar va falsafalarning katta xatosi Xoliq (yaratuvchi) bilan maxluq (yaratilmish) orasidagi farqni tushunmaslikdadir. Islom nazariyasi bo‘yicha, maxluqlar tamom boshqa, Xoliq tamom boshqadir. Xoliqning aslo o‘xshashi yo‘q, Uni tasavvurga sig‘dirib ham bo‘lmaydi, maxluqqa qiyosan ta’riflanmaydi ham. Ya’ni Allohning xotini ham, farzandi ham bo‘lishi mumkin emas.
Hozirgi kunda «Allohning farzandi bor» degan e’tiqodga asoslangan dinga ishonuvchilardan ko‘plari dinlarini tark etmoqda. Ba’zi mazhablarning boshliqlari bu e’tiqoddan voz kechishni taklif etmoqdalar.("Tafsiri Hilol" kitobidan “Baqara” surasi)

Arab mushriklariga raddiya bildirib : وَيَجْعَلُونَ لِلّهِ الْبَنَاتِ سُبْحَانَهُ وَلَهُم مَّا يَشْتَهُونَ 57. Ular Allohga qizlarni mansub qilishur – U pokdir – o‘zlariga esa ko‘ngillari tusagani (emish).
Mushriklarning yana bir ulkan nobakorliklari bor:
«Ular Allohga qizlarni mansub qilishur...»
Mushriklarda «Farishtalar Allohning qizlaridir» degan buzuq e’tiqod bor edi. Ushbu oyatda ularning o‘sha e’tiqodlari tanqid qilinmoqda.
«U pokdir».
Alloh «qizi bor» degan aybdan pokdir. Chunki farzandga muhtoj bo‘lish nuqsondir. Allohning hech qanday nuqsoni yo‘qdir.
«…o‘zlariga esa ko‘ngillari tusagani (emish)».
Ya’ni «Mushriklarga ko‘ngillari tusagan o‘g‘il farzandlar emish».
Johiliyat davrida qiz farzand or-nomus hisoblanar edi. Shuning uchun mushriklardan hech kim qiz farzand ko‘rishni xohlamas edi.("Tafsiri Hilol" “Nahl” surasi) أَفَأَصْفَاكُمْ رَبُّكُم بِالْبَنِينَ وَاتَّخَذَ مِنَ الْمَلآئِكَةِ إِنَاثًا إِنَّكُمْ لَتَقُولُونَ قَوْلاً عَظِيمًا 40. Robbingiz sizlarga o‘g‘illarni xos qilib berib, farishtalarni O‘ziga qiz qilib oldimi? Albatta, sizlar ulkan gapni aytmoqdasiz.
Arab mushriklari qiz farzandni hech yoqtirmas edilar. Boshqa oyatlarda zikr qilinganidek, ulardan qiz ko‘rgani qattiq xafa bo‘lib, yuzi qorayib ketar edi. Qiz farzandi bo‘lishini o‘ziga or deb bilardi. Shuning uchun ko‘pincha qiz farzandlarni tiriklayin ko‘mib yuborar edilar.
Aqiydaning buzuqligi nimalarga olib borishini qarangki, qiz farzand to‘g‘risida shunchalar salbiy e’tiqodda bo‘la turib, arab mushriklari, farishtalar Allohning qizlari, deb e’tiqod qilishar edi. Oyati karimada ularning mazkur noto‘g‘ri aqiydalari inkor etilmoqa. Ularga inkor xitobi ila:
«Robbingiz sizlarga o‘g‘illarni xos qilib berib, farishtalarni O‘ziga qiz qilib oldimi?» – deyilmoqda.
O‘g‘ilni ham, qizni ham Allohning o‘zi beradi. Lekin mushriklar qo‘llaridan hech narsa kelmasa ham, o‘zlaricha o‘g‘illarni o‘zlariga, qizlarni Allohga, deb hukm chiqaradilar.
«Albatta, sizlar ulkan gapni aytmoqdasiz».
Sizlarning bu gaplaringizning yomonligi ulkan gapdir, odobsizligi ulkan gapdir, jur’ati ulkan gapdir, uydirmaligi ulkan gapdir, gunohi ulkan gapdir.("Tafsiri Hilol" kitobi “Isro” surasi)

Alloh taolo farishtalarning kim ekanligi borasida bayon qilib :  وَقَالُوا اتَّخَذَ الرَّحْمَنُ وَلَدًا سُبْحَانَهُ بَلْ عِبَادٌ مُّكْرَمُونَ 26. U(mushrik)lar: «Rohman farzand tutdi», – dedilar. U pokdir. Yo‘q! Ikrom etilgan bandalardirlar.
Turli zamon mushriklari «Allohning farzandi bor», – deb, har xil noto‘g‘ri e’tiqodda bo‘lganlar. Yahudiy mushriklar «Uzayr Allohning bolasi», – deganlar. Nasoro mushriklar «Masih Allohning bolasi», – deganlar. Arab mushriklari esa «Farishtalar Allohning qizlari», – deganlar. Ha, mushriklar Allohga bolasi borlik nisbatini berdilar.
«U(mushrik)lar: «Rohman farzand tutdi», – dedilar».
Bu oyatda gap arab mushriklari haqida ketmoqda. Ular: «Alloh farishtalarni o‘ziga qiz qilib oldi», – dedilar.
«U pokdir».
Alloh bu nuqsondan pokdir. O‘ziga farzand tutish ehtiyoji insonda bor. Allohda yo‘q. Bu ish Alloh uchun nuqson hisoblanadi. U esa bundan pokdir.
«Yo‘q! Ikrom etilgan bandalardirlar».
Yo‘q, mushriklarning gapi noto‘g‘ri. Farishtalar Allohning qizlari emas, balki ikrom etilgan bandalaridir. لَا يَسْبِقُونَهُ بِالْقَوْلِ وَهُم بِأَمْرِهِ يَعْمَلُونَ 27. Undan oldin so‘z aytmaslar. Ular Uning amri ila amal qilurlar.
Farishtalar shunchalik odobli, shunchalik itoatli, shunchalik Allohni ulug‘laydilarki, hatto Uning oldida biror og‘iz so‘z aytishga botinmaydilar. Alloh nimani amr qilsa, farishtalar so‘zsiz amalga oshiradilar. يَعْلَمُ مَا بَيْنَ أَيْدِيهِمْ وَمَا خَلْفَهُمْ وَلَا يَشْفَعُونَ إِلَّا لِمَنِ ارْتَضَى وَهُم مِّنْ خَشْيَتِهِ مُشْفِقُونَ 28. U Zot ularning oldilaridagi narsani ham, ortlaridagi narsani ham bilur. Ular faqat U Zot rozi bo‘lgan shaxslargagina shafoat qilurlar. Ular U Zotdan qo‘rqib, xavfda tururlar.
Alloh taolo farishtalarning kelajakdagi ishlarini ham, o‘tgan zamonda qilgan ishlarini ham yaxshi biladi. Ya’ni Alloh taolo ularni O‘z ilmi ila ihota qilgandir.
«Ular faqat U Zot rozi bo‘lgan shaxslargagina shafoat qilurlar».
Ya’ni farishtalar qiyomatda shafoat qilsalar, faqat Alloh rozi bo‘lgan shaxslargagina shafoat qila oladilar.
«Ular U Zotdan qo‘rqib, xavfda tururlar».
Farishtalar shunchalik izzatli, doimo ibodatdagi bandalar bo‘lsalar ham, Allohdan qo‘rqib, hamisha titrab turadilar.
Ana shunday farishtalarni «Allohning qizi», «sherigi» deb bo‘ladimi?("Tafsiri Hilol" kitobidan “Anbiyo” surasi). Ba’zi odamlar xayolida farishtalar ayol jinsidan yoki nasorolarning fikrlashlari kabi kuragida qanoti bor yosh go‘dak kabi tushunishadi. Bu ikki fikr ham noto‘g‘ridir. Ayollarni farishtalarga o‘xshatish ham noto‘g‘ridir. Ismni o‘zgartirish kerak. Vallohu a’lam.

29 Aprel 2022, 12:30 | Savol-javoblar | 179 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar