Non haqida

Assalomu alaykum! Nonni bizlarga bobo buvilarimiz muqaddas deb o‘rgatgan. Misol uchun, menga obi non yoqsa buxanka non yoqmasa, men buxanka non yoqmaydi deyishim gunohmi?  Bu shumlanish emasmi? Non ham Allohning hamma bergan halol narsalari kabi ne’matku? Deylik kimgadir «shotut» yoqmasa uni ham yoqmaydi deb emaslik mumkinmasmi? Javobingiz uchun katta rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Quyidagi hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Lekin u bizning erlarda bo‘lmaydi, shuning uchun uni sal kareh ko‘ryapman” dedilar. أَنَّ ابْنَ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُما أَخْبَرَهُ، أَنَّ خَالِدَ بْنَ الْوَلِيدِ الَّذِي يُقَالُ لَهُ سَيْفُ اللهِ أَخْبَرَهُ: أَنَّهُ دَخَلَ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَى مَيْمُونَةَ - وَهْيَ خَالَتُهُ وَخَالَةُ ابْنِ عَبَّاسٍ - فَوَجَدَ عِنْدَهَا ضَبًّا مَحْنُوذًا، قَدِمَتْ بِهِ أُخْتُهَا حُفَيْدَةُ بِنْتُ الْحَارِثِ مِنْ نَجْدٍ، فَقَدَّمَتِ الضَّبَّ لِرَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَكَانَ قَلَّمَا يُقَدِّمُ يَدَهُ لِطَعَامٍ حَتَّى يُحَدَّثَ بِهِ وَيُسَمَّى لَهُ، فَأَهْوَى رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَدَهُ إِلَى الضَّبِّ، فَقَالَتِ امْرَأَةٌ مِنَ النِّسْوَةِ الْحُضُورِ أَخْبِرْنَ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَا قَدَّمْتُنَّ لَهُ، هُوَ الضَّبُّ يَا رَسُولَ اللهِ. فَرَفَعَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَدَهُ عَنِ الضَّبِّ، فَقَالَ خَالِدُ بْنُ الْوَلِيدِ: أَحَرَامٌ الضَّبُّ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: «لَا وَلَكِنْ لَمْ يَكُنْ بِأَرْضِ قَوْمِي فَأَجِدُنِي أَعَافُهُ». قَالَ خَالِدٌ: فَاجْتَرَرْتُهُ فَأَكَلْتُهُ وَرَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَنْظُرُ إِلَيَّ Ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday xabar qiladi: «Allohning qilichi deyishadigan Xolid ibn Valid xabar qildiki, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Maymunaning – u uning ham, Ibn Abbosning ham xolasi edi – uyiga kiribdi. Uning huzurida toblab pishirilgan zobb bor ekan. Uni singlisi Hufayda bint Horis Najddan olib kelgan ekan. U zobbni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatibdi. U zot biror egulik haqida so‘zlanmaguncha, nomi aytilmaguncha kamdan kam hollarda qo‘llarini unga uzatar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini zobbga cho‘zibdilar. Shunda hozir bo‘lgan ayollardan biri: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nima berganingizni aytib qo‘ying. Bu zobb, ey Allohning Rasuli», debdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zobbdan qo‘llarini tortibdilar. Xolid ibn Valid: «Zobb harommi, ey Allohning Rasuli?» debdi. U zot: «Yo‘q. Lekin u bizning erlarda bo‘lmaydi, shuning uchun undan sal jirkangandek bo‘lyapman», debdilar. Xolid aytadi: «Shunda men uni oldimga tortib, eyaverdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa menga qarab turardilar». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Bundan ma’lum bo‘ladiki, muboh narsani tabiat tortmasa, emaslik yoki tabiati tortmaganini aytishlik joiz. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 12:41 | Savol-javoblar | 178 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar